Jamiyat | 19:53 / 30.08.2024
3607
3 daqiqa o‘qiladi

Qoraqalpog‘istonda Buxoro bug‘usini noqonuniy ovlagan brakoner 3,5 yilga ozodlikdan mahrum qilindi

Sud brakonerni hayvonot dunyosidan foydalanish tartibini buzish hamda o‘qotar qurolni noqonuniy saqlashda aybli deb topdi. Sudlanuvchidan davlat foydasiga tabiatga yetkazilgan zarar – 510 mln so‘m undirish ham belgilangan.

Foto: Ekologiya vazirligi

Beruniy tumanida noqonuniy ravishda 1 bosh Xalqaro Qizil kitob va O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan Buxoro bug‘usini ovlagan shaxs jinoiy jazoga tortildi.

Kun.uz o‘rgangan sud hujjatida keltirilishicha, sudlanuvchi R.J. 2024 yil 11 yanvardan 12 yanvarga o‘tar kechasi bug‘u ovlash maqsadida mototsiklida tumanning Biybazar ovuli hududiga, Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervatining o‘tish zonasi hisoblangan “Qural-Risgul” fermer xo‘jaligi dala maydoniga borgan. Uning yonida tegishli ruxsatnomasiz, noqonuniy ravishda saqlab kelayotgan ov quroli bo‘lgan.

R.J. noqonuniy ov jarayonida 1 bosh Buxoro bug‘usini otib, nobud qilgan. Bu orqali u hayvonot dunyosiga 510 mln so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazgan.

R.J. sudda aybiga iqrorlik bildirmasdan, miltiqni 2024 yil 11 yanvar kuni tushdan keyin uyi yonidagi o‘tinlar orasidan qopga solingan holda topib olganini bildirgan.

“Miltiqni olib, mototsiklda Biybazar ovulining “Talliq” aholi punktiga bordim. Miltiqdan bir necha bor o‘q uzib ko‘rdim. So‘ngra dala bo‘ylab taxminan 200-300 metr yurdim. Shunda dala chetida 1 bosh Buxoro bug‘usi o‘lik, jonsiz holda yotganini ko‘rdim. Uning ayrim joylarini kesib, olib ketish fikri paydo bo‘ldi”, degan sudlanuvchi o‘z ko‘rsatmasida.

Garchi aybiga iqrorlik bildirmagan bo‘lsa ham, uning qilmishi guvohlar ko‘rsatmalari va boshqa dalillar bilan o‘z isbotini topgan.

Sud hukmi bilan R.J. Jinoyat kodeksining 202-moddasi (hayvonot yoki o‘simlik dunyosidan foydalanish tartibini buzish) 3-qismi “ye, j” bandlari hamda 248-moddasi 1-qismida (o‘qotar qurolning, o‘q-dorilarning, o‘qotar qurol asosiy qismlarining, portlovchi moddalarning, portlatish vositalarining yoki portlatish qurilmalarining qonunga xilof muomalasi) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilishda aybli deb topilgan. Unga nisbatan 3 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Shuningdek, R.J.dan davlat foydasiga 510 mln so‘m tabiatga yetkazilgan zararni undirish, tergov organi tomonidan uning uyidan xatlangan 6,6 mln so‘mlik mulklar (televizor, konditsioner, muzlatkich va changyutgich)ni sotish orqali tushgan pulni zararni qoplashga qaratish belgilangan.

Mavzuga oid