Jahon | 18:44 / 16.10.2024
8886
3 daqiqa o‘qiladi

Turkiya sharqida yana kuchli zilzila sodir bo‘ldi

6 balli yer silkinishida Malatya shahri eng ko‘p zarar ko‘rgani ta’kidlanmoqda. Bu shahar 2023 yil fevralida dahshatli zilzila sodir bo‘lgan hududlardan biri edi.

Foto: Anadolu Agency

Turkiya sharqida 6,0 magnitudali kuchli zilzila sodir bo‘ldi, deb xabar berdi Yevropa O‘rtayer dengizi seysmologiya markazi (EMSC). Kuchli silkinishni his qilgan Malatya viloyati va qo‘shni tumanlar aholisi vahima ichida ko‘chaga yugurgan. Bu shahar 2023 yil fevralida dahshatli zilzila sodir bo‘lgan hududlardan biri edi.

Turkiya matbuotining yozishicha, asosiy silkinish mahalliy vaqt bilan 10:46 da sodir bo‘lgan, undan keyin kamida 30 ta yer silkinishi qayd etilgan. Zilzila episentri Malatya shahridan 44 km sharqda, taxminan 10 km chuqurlikda joylashgani qayd etilgan. Yer tebranishlari keng hududda, jumladan, ikki yil avval sodir bo‘lgan dahshatli zilziladan katta zarar ko‘rgan yirik G‘oziantep shahrida ham sezilgan.

Bir qancha shaharlardagi yirik binolar qisman qulagan yoki jiddiy shikastlangan. Hozircha qurbonlar haqida ma’lumot berilmadi. Elazig‘ shahrida yashovchi to‘rt nafar inson favqulodda xizmatlar tomonidan vayrona ostidan olib chiqilgan. Xuddi shu joyda zilzila paytida bir necha kishi derazadan sakrab, jarohatlangan.

Ayrim hududlarda tosh qulashi kuzatilgan, tog‘larda chang-to‘zon ko‘tarilgan, biroq, rasmiylar yo‘llar va kommunikatsiyalarda muammo yo‘qligini aytmoqda. Eng ko‘p zarar ko‘rgan Malatya, Elazig‘ va Shonliurfa shaharlaridagi ta’lim muassasalari xavfsizlik sababli kamida bir kunga yopilgan.

Turk matbuotida e’lon qilingan videolavhalarda chayqalayotgan qandillar, do‘kon javonlaridan tushib ketgan tovarlar, ofislardagi monitorlarning qulashi va vahima ichida o‘z binolaridan ko‘chaga yugurib chiqqan odamlar aks etganini ko‘rish mumkin.

Turkiya aholisi 2023 yil fevralida «asr zilzilasi» deb atalgan eng yirik ofatni hali unutgani yo‘q. Mamlakat janubi-sharqida bir necha soat ichida 7,8 va 7,5 magnitudali ikkita kuchli zilzila sodir bo‘ldi. Ular deyarli 55 ming kishining hayotiga zomin bo‘ldi. Tabiiy ofat 700 mingga yaqin bino vayron qildi yoki jiddiy zarar yetkazdi, millionlab odamlar boshpanasiz qoldi. Shu bilan birga, ko‘pchilik hali ham tegishli uy-joysiz qolmoqda.

Mavzuga oid