Merkel memuarida RFga nisbatan siyosatini himoya qilib chiqdi
Ukraina va Gurjistonga NATO a’zoligiga nomzod maqomini berishni istamaganini eslatgan Merkel, yangi a’zolarning qabul qilinishi ittifoq uchun xavfsizlikni anglatishi kerakligini ta’kidladi.
«Ozodlik» (Freiheit) — Germaniya sobiq kansleri Angela Merkelning 26 noyabr kuni kitob do‘konlarida paydo bo‘ladigan memuari nomi. Die Zeit gazetasi 21 noyabr, payshanba kuni ushbu kitobdan parchalarni chop etdi.
Kitobning muhim mavzularidan biri — Merkel 16 yil davomida boshqargan Germaniya hukumatining Rossiyaga nisbatan siyosati. Bugungi kunda bu kurs hatto sobiq kansler partiyasi, Xristian-demokratik ittifoqda ham tanqid qilinadi. Ayrimlar Merkelni Moskvani tinchlantirishga urinayotganlikda ayblab, agar 2008 yilda Ukraina va Gurjiston NATOga rasmiy nomzod maqomini olganida, 2022 yilda Rossiyaning Ukrainaga keng miqyosli bostirib kirishining oldini olish mumkin edi, deb taxmin qilmoqda.
Merkel Ukraina uchun NATOga nomzodlik maqomiga qarshi edi
O‘shanda Berlin Rossiyaning o‘z xavfsizligi bilan bog‘liq xavotirlarini qondirdi hamda Gurjiston va Ukrainaga NATOga nomzod maqomini berish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlamadi. Angela Merkel o‘z xotiralarida bugungi kunda ham bu qarorni noto‘g‘ri deb hisoblamasligini aniq ta’kidlaydi.
Uning ta’kidlashicha, Markaziy va Sharqiy Yevropa davlatlarining NATOga imkon qadar tezroq qo‘shilish istagini tushungan: «Axir, sovuq urush tugaganidan keyin ular G‘arb hamjamiyatining bir qismi bo‘lishni xohlashdi». Biroq, har bir yangi kengayish bilan NATO va uning a’zolari alyans uchun oqibatlarni — «uning xavfsizligi, barqarorligi va ishlash qobiliyatini» baholashlari kerak edi. «Yangi a’zoni qabul qilish nafaqat uning, balki NATOning xavfsizligini oshirishni anglatishi kerak», deb tushuntiradi siyosatchi.
Ukraina misolida alohida holat bor edi — Qrimda Rossiya Qora dengiz flotining mavjudligi. «Bundan tashqari, o‘sha paytda Ukraina aholisi orasida faqat ozchilik mamlakatning NATOga qo‘shilishi tarafdori edi», deb eslaydi Merkel. Uning ta’kidlashicha, u NATOga nomzod maqomi «Ukraina va Gurjistonni Putinning agressiyasidan himoya qiladi, ya’ni shunday to‘xtatuvchi ta’sir ko‘rsatadiki, Putin hech narsa qilmasdan, nima bo‘layotganini shunchaki kuzatib boradi» degan fikrni «xomxayol» deb biladi.
Shu bilan birga, Gurjiston va Ukrainaga kelajakda NATO a’zoligi bo‘yicha umumiy kelishuv va’da qilingani Putin tomonidan «har ikki davlatning NATOga qabul qilinishiga rozilik» sifatida qabul qilingan, deb yozadi Merkel. Shunday qilib, uning Rossiya bilan kelajakdagi keskinlik haqidagi xavotirlari «Buxarestda kamaymadi», deb eslaydi sobiq kansler.
Mavzuga oid
11:54 / 17.12.2024
Germaniyada mpox virusining xavfli shtammi bilan kasallanganlar aniqlandi
21:27 / 16.12.2024
Bundestag Olaf Sholsning so‘roviga binoan uning hukumatiga ishonchsizlik votumi e’lon qildi
16:14 / 14.12.2024
OAV: Germaniya uzra RF harbiy dronlari uchib o‘tgan bo‘lishi mumkin
15:21 / 14.12.2024