Jahon | 13:13 / 10.12.2024
3403
3 daqiqa o‘qiladi

RFda Danone aktivlari chechenistonlik sobiq amaldorga o‘tdi

Rossiya biznesi sotilgach, Danone'ning Rossiyadagi aktivlarini tataristonlik 29 yoshli tadbirkor qo‘lga kiritgandi. Endi ular chechenistonlik 32 yoshli sobiq amaldorga tegishli bo‘ldi.

Foto: «Vedomosti»

Chechenistonlik sobiq amaldor Ruslan Alisultanov fransuz oziq-ovqat ishlab chiqaruvchi Danone'ning Rossiyadagi sobiq aktivlariga egalik qiluvchi kompaniya yagona egasi bo‘ldi. Bu haqda 9 dekabr, dushanba kuni «Interfaks» agentligi Rossiya Federatsiyasi davlat reyestriga tayanib xabar berdi.

Chechenistonlik yosh millioner

Hozir Alisultanov 32 yoshda. 2018 yilda, 26 yoshida u Grozniy meri o‘rinbosari, keyinroq — Checheniston qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari bo‘ldi. Hozir u - «Yunimilk» kompaniyasining (sobiq «Vamin-Tatarstan») yagona egasi. Bu Rossiyadagi eng yirik pishloq va sariyog‘ ishlab chiqaruvchilardan biri. Aynan unga avvalroq Danone'ning Rossiyadagi aktivlari o‘tgan. Ular Health & Nutrition firmasiga birlashtirildi.

Danone kompaniyasining Rossiyadagi aktivlari «Vamin R»ga sotilgani 2024 yil may oyida ma’lum bo‘ldi. Kelishuv summasi oshkor etilmadi. Financial Times yozganidek, u 17,7 milliard rublni tashkil qilishi mumkin, bu biznesning bozor qiymatidan 56 foizga past.

«Tataristonlik Mask»

Bitim amalga oshirilgan vaqtda «Vamin R»ning 99 foizi 29 yoshli tadbirkor Mintimer Mingazovning «Vamin-Tatarstan»kompaniyasiga tegishli edi. U «Yedinaya Rossiya»dan sobiq senator Vagiz Mingazovning o‘g‘lidir. «Vamin R»da faqat 1 foiz Alisultanovga tegishli bo‘lgan. Endi ikkinchisi butun «Vamin-Tatarstan»ga, shuningdek, «Vamin R» hamda Health & Nutrition'da 100 foizga egalik qilyapti. Kelishuv sabablari, tafsilotlari va qiymati noma’lum.

Qozonning «Biznes Online» portali kompaniya sotib olingani haqida birinchi bo‘lib xabar berdi. U Mingazovni «tataristonlik Mask» va «fransuzlar aktivlarini chechenlarga topshirgan» «Vamin sut imperiyasining vorisi» deb atagan.

Mavzuga oid