Suriyaning vaqtincha bosh vaziri barqarorlik va osoyishtalikka chaqirdi
Suriyadagi o‘tish davri hukumati rahbari Muhammad al-Bashir sobiq prezident Bashar Asad rejimi ag‘darilgach, suriyaliklar uchun «barqarorlik va osoyishtalikdan bahramand bo‘lish» davri kelganini aytdi.
Isyonchilarning Idlib viloyatidagi ma’muriyatining sobiq rahbari al-Bashir «Hay’at Tahrir ash-Shom» (Hs) guruhi va uning ittifoqchilari unga mamlakatni 2025 yil martiga qadar boshqarish vazifasini topshirganidan keyin Qatarning Al Jazeera telekanaliga intervyu berdi.
Seshanba kuni u Damashqda yangi o‘tish davri hukumati a’zolari hamda Asad davridagi sobiq hukumat vakillarini yig‘di, unda hukumatni topshirish masalasi muhokama qilingan.
«Bugun vazirlar kabineti yig‘ilishini o‘tkazdik va biz Suriya xalqiga xizmat qila oladigan konstitutsiyaviy tizimga ega bo‘lgunimizga qadar keyingi ikki oy mobaynidagi ishni osonlashtirish uchun eski hukumat a’zolarini hamda Idlib va uning atrofidagi hududlar ma’muriyatining ayrim rahbarlarini taklif qildik», — degan al-Bashir Al Jazeera bilan suhbatda.
«Biz Suriya xalqiga xizmat qila olishi uchun muassasalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish maqsadida boshqa uchrashuvlar ham o‘tkazdik», — deya qo‘shimcha qilgan u.
Bunga qadar Muhammad al-Bashirni Suriyaning isyonchilar nazoratida bo‘lib kelgan shimoli-g‘arbdagi hududlardan tashqarida ko‘pchilik tanimasdi. Uning rezyumesiga ko‘ra, u muhandis-elektrik sifatida ta’lim olgan va fuqarolik urushi boshlanguniga qadar gazni qayta ishlash zavodlarida ishlagan.
Yanvar oyida Bashir isyonchilar mamlakat shimoli-g‘arbidagi hududlarni boshqarish uchun tashkil etgan Suriyani qutqarish hukumati (SG) bosh vaziri etib tayinlangandi.
Bu tuzilma amalda o‘z vazirliklari, departamentlari, sud va xavfsizlik organlari, shuningdek, diniy kengashiga ega bo‘lgan kichik muqobil davlat edi. SG to‘rt mln atrofida odam yashagan hududni nazorat qilardi, bu odamlarning aksari mamlakatning boshqa hududlaridan kelib o‘rnashgandi.
«Bu to‘g‘ri, Idlib — katta hudud emas, resurs yetishmovchiligi mavjud, ammo ular [SG mulozimlari] barchasini noldan boshlab, juda katta tajribaga ega bo‘lishgan», — degan Hs yetakchisi Abu Muhammad al-Jo‘laniy dushanba kuni Damashqdagi uchrashuvda endilikda sobiq bosh vazir Muhammad al-Jaloliyga.
Damashqda seshanba kuni do‘kon va banklar ochildi, transport harakati tiklandi, farroshlar ko‘chalarni yuvish uchun chiqishdi, qurollangan kishilar esa kamayib qoldi, deya vaziyatni tasvirlaydi Reuters.
BBC muxbiri Lina Sinjab Suriya poytaxtidan xabar qilishicha, hozirga kelib odamlar o‘zining kundalik hayot tarziga qaytgan: «Do‘konlar ochilgan va biz davlat xizmatchilari ishga qaytayotganiga guvoh bo‘ldik». Sotuvchilardan biri shunday yeydi: «Endi havoda kislorod bor».
BBC muxbirining so‘zlariga ko‘ra, suriyaliklar Isroilning Asad rejimi qulashi bilan boshlangan aviazarbalaridan norozi.
Bu vaqtda Asadni ag‘dargan isyonchilar mamlakat sharqidagi Dayr-az-Zor shahrini ham o‘z nazoratiga olishdi. Chorshanba kuni holatiga bu yerni kurd kuchlari tark etishgan. Bu neftga boy hudud bo‘lib, shu tufayli yangi hukumat uchun muhim ahamiyatga ega hisoblanadi.
Hs yetakchisi, omma qarshisidagi chiqishlarida haqiqiy ismi-sharifi Ahmad al-Shar’adan foydalanishga o‘tgan al-Jo‘laniy avvalroq suriyaliklar qiynoqqa solinishiga aloqador bo‘lgan va harbiy jinoyatlar sodir etgan yuqori martabali mulozimlarni javobgarlikka tortishga va’da bergandi.
Seshanba kuni u Sky News telekanaliga bergan intervyusida mamlakat urushdan charchagani va endi unga qaytmoqchi emasligini aytib, Suriya kelajagi borasidagi xavotirlarni aritishga urindi.
U shuningdek xorijiy davlatlarni ham xotirjam qilishga uringan. «Qo‘rquv [Asad] rejimi tufayli edi. Mamlakat rivojlanish va tiklanish tomon harakatlanmoqda. Barchasi barqarorlik tomon ketmoqda», — degan al-Jo‘laniy.
Seshanba kuni BMTning Suriya bo‘yicha maxsus vakili Geyr Pedersen Jyenevada jurnalistlar bilan suhbatda «Suriya jamoatchiligi va Suriya partiyalarinng imkon qadar keng doirasi ishtirok etishi»ni ta’minlash uchun hokimiyatni tinch yo‘l bilan o‘tkazish zarurligini aytdi. «Agar bunday bo‘lmasa, biz yangi mojaro xavfi ostida qolamiz», — degan u.
Yevroittifoq diplomatiyasi rahbari Kaya Kallas ham konfessiyalararo zo‘ravonlik va ekstremizm uyg‘onishi xavfidan ogohlantirdi. «Biz Iroq, Liviya va Afg‘onistonda dahshatli ssenariylar takrorlanishidan qochishimiz lozim», — degan u.
AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Vashington agar ozchilikni hurmat qiladigan, ishonchga sazovor va inklyuziv jarayonda shakllansa, Suriyaning bo‘lg‘usi hukumatini tan olishi va qo‘llab-quvvatlashini aytgan. «Suriya kelajagini Suriya xalqi belgilashi kerak. Barcha mamlakatlar inklyuziv va shaffof jarayonni qo‘llab-quvvatlashga hamda tashqi aralashuvdan qochishga va’da berishi kerak», — degan u.
Bu vaqtda Eron oliy rahnamosi oyatulloh Ali Xominaiy chorshanba kuni Eronda go‘yoki Asadning ag‘darilishi AQSh, Isroil va Suriyaga qo‘shni bo‘lgan yana bir davlatning harakatlari natijasi bo‘lganini aytdi, u uchinchi davlat nomini ochiqlamagan. Vashington Suriyadagi rejim qulaganiga aloqadorligini rad etadi.
Xominaiy sentabrdan buyon Tehron Asadni tahdidlar haqida ogohlantirgani, ammo bu ogohlantirishlar e’tiborsiz qoldirilganini qo‘shimcha qilgan.
Mavzuga oid
17:10
Bashar Asadning rafiqasi ajrashishga ariza berdi - Haberturk
00:45
Turkiya TIV rahbari Suriyaga qarshi sanksiyalarni tezroq bekor qilishga chaqirdi
19:06 / 22.12.2024
Asadning qulashi - Eron tashqi siyosatidagi muvaffaqiyatsizlik
13:56 / 22.12.2024