Sport | 08:45 / 24.11.2016
16475
2 daqiqa o‘qiladi

Erkin kurash bo‘yicha jahon chempioni o‘z qizini o‘ldirishda ayblanmoqda

Foto: Al Arabiya

1959 yilda erkin kurash bo‘yicha jahon chempioni bo‘lgan misrlik Magdi Kaburiya o‘smir qizlar orasida erkin kurash bo‘yicha Misr va Afrika chempioni bo‘lgan 16 yoshli qizini o‘ldirishda ayblanmoqda. 

Al Arabiya ma'lumotlariga ko‘ra, mashg‘ulot vaqtida ota va qiz o‘rtasida nizo chiqqan, shundan keyin darg‘azab ota qizini kaltaklagan. Ular uyga qaytayotganlarida yana bahslashib qolishgan. Otaning jahli chiqishiga qizining ijtimoiy tarmoqlar bilan haddan tashqari qiziqishi va yomon o‘qishi sabab bo‘lgan. 

Navbatdagi nizodan keyin ota qizini o‘lguncha do‘pposlagan.

Avvalroq qizning o‘limiga baxtsiz hodisa sabab bo‘lgan deb hisoblanayotgan edi. Qizni mashina urib ketgani ma'lum qilingan. Musulmon odatlariga ko‘ra, qiz o‘sha kuniyoq dafn etilgan. Biroq ushbu ish bo‘yicha yangi tafsilotlar paydo bo‘lgani sababli prokuratura qizning jasadini eksgumatsiya qilishga ko‘rsatma bergan.

Qotillikda gumon qilinayotgan Kaburiya 1959 yilda jahon chempioni bo‘lgan. U qiziga 4 yoshidanoq erkin kurash sirlarini o‘rgata boshlagan. Iqtidorli qiz Misr va Afrika chempionatida g‘alaba qozonishidan tashqari, Gruziyada sentabrda o‘tgan jahon chempionatida bronza medalni qo‘lga kiritgandi.

Mavzuga oid