Axborot texnologiyalari sohasida amalga oshirilgan ishlar tanqidiy tahlil qilindi
Joriy yil 21 yanvar kuni Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining 2016 yildagi faoliyati sarhisobi, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirishning borishi, istiqboldagi vazifa hamda loyihalarni belgilashga bag‘ishlangan Hay'at majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Hay'at yig‘ilishi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimizni 2016 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yakunlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi ma'ruzasidan kelib chiqib, har taraflama va tanqidiy tahlil ruhida o‘tdi.
Jumladan, yig‘ilishda qat'iy tartib-intizom va shaxsiy javobgarlik – har bir rahbar faoliyatining kundalik qoidasi ekani ta'kidlandi. Unda hisobot davrida soha korxonalari tomonidan erishilgan natijalar tanqidiy o‘rganilib, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar, mavjud muammolar qayd etildi.
Mamlakat hududida axborot texnologiyalarining rivojlanishi va tatbiq etilish holati o‘rganilib, joylarda "elektron hukumat" tizimini joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligi qoniqarsiz ekani ta'kidlandi. Jumladan, bu bo‘yicha vazirlikning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Buxoro, Jizzax hamda Farg‘ona viloyatlari bo‘linmalari rahbarlari faoliyati tanqid ostiga olinib, tashabbuskorlikning yetishmasligi, vazifalarni o‘z vaqtida bajarmaslik, AKT hamda keng polosali telekommunikatsiya xizmatlarining joriy etilishida yetarlicha nazoratning o‘rnatilmagani qayd etildi.
Hududlarda AKTni joriy etish maqsadida viloyat hokimliklari qoshida "Kompyuterlashtirish markazi" davlat unitar korxonalari tashkil etilgan edi. Ammo, vazirlikning hududiy boshqarmalari tomonidan mazkur markazlar bilan hamkorlik natijadorligi va samaradorligi zamonaviy talablarga umuman javob bermaydi. Shu munosabat bilan, yig‘ilishda ushbu markazlar faoliyatini tubdan yaxshilash bo‘yicha takliflar ishlab chiqish vazifasi berildi.
Shuningdek, tizimda yuridik va jismoniy shaxslar murojaatlari bilan ishlash holatiga alohida diqqat qaratildi. 2016 yilda vazirlikka 3835 ta murojaat kelib tushgan. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasi orqali 2760 ta, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining virtual qabulxonasi orqali 318 ta, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali 367 ta, shuningdek yozma shaklda 390 ta murojaat kelib tushgan.
Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, hududlar kesimida murojaatlarning aksariyati Toshkent shahri (jami murojaatlarning 44 foizi), Toshkent viloyati (14 foiz) hamda Farg‘ona viloyati (6 foiz) hissasiga to‘g‘ri keladi. Yig‘ilishda fuqaro murojaatlari bo‘yicha ishlashda yo‘l qo‘yilayotgan xato va kamchiliklar, ijro-intizomining buzilish holatlari ko‘rsatildi.
Shu bilan birga, "O‘zbektelekom" AK rahbariyatiga hamda uning hududlardagi bo‘linmalari rahbarlariga aholi o‘rtasida sayyor yig‘ilishlar o‘tkazish orqali kompaniya abonentlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘tkazish, ularni qiynayotgan masalalarni tezkor hal qilish, telekommunikatsiya tarmoqlarini istiqbolda rivojlantirish va sifatli aloqa xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha choralarni ko‘rish vazifasi yuklatildi.
Hay'at yig‘ilishida simli va simsiz aloqa xizmatlarini ko‘rsatuvchi operatorlarning faoliyatidagi nuqsonlar, fuqaro murojaatlari asosida telekommunikatsiya xizmatlarini yaxshilamaslik holatlari ko‘rsatildi. Ularga qo‘ng‘iroqlarni qayta ishlash markazlari faoliyatini yaxshilash, abonentlar murojaatlariga yuqori darajada yondashish choralarini ko‘rish vazifasi yuklatildi.
Fuqaro murojaatlari tahlili shuni ko‘rsatadiki, bugungi kunda pochta xizmatlarini ko‘rsatishda pochta jo‘natmalari va davriy matbuot nashrlarining o‘z vaqtida yetkazib berilmasligi, pochta tizimi xodimlarining o‘z vazifalarini suiiste'mol qilish holatlari ko‘p kuzatilmoqda. Shu munosabat bilan, "O‘zbekiston pochtasi" AJ rahbariyatiga jamiyatning Surxondaryo va Andijon viloyatlaridagi bo‘linmalari rahbarlariga nisbatan choralar ko‘rish vazifasi yuklatildi.
"Elektron hukumat" tizimi samaradorligini oshirish maqsadida, mas'ullarga davlat idoralarining axborot tizimlarini "Elektron hukumat" idoralararo yagona markazlashgan platformasiga ulab qo‘yish, yangi axborot tizimlari komplekslarini joriy etishni jadallashtirish vazifalari yuklandi.
Ta'kidlangani kabi, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga 2016 yilda 52 turdagi yangi interaktiv xizmat joriy qilingan. Natijada, ularning umumiy soni 300 dan oshdi. Davlat organlari tomonidan aholi va tadbirkorlik subektlariga 945 mingdan ziyod xizmatlar ko‘rsatildi. Shuningdek, yig‘ilishda aksariyat xizmatlarning foydalilik va interaktivlilik darajasi yetarli emasligi aytildi.
Shu bilan birga, Hay'atda aholi uchun foydali va zarur, ehtiyoj yuqori bo‘lgan aloqa xizmatlari sifatini yaxshilash bo‘yicha muntazam ishlash, aholi hamda tadbirkorlarga ikki tomonlama manfaatdor davlat xizmatlari ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha vazifalar berildi.
Hay'at yig‘ilishida muhokama qilingan barcha masalalar yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi. Qarorda axborot va kommunikatsiya texnologiyalari sohasini yanada rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar aniqlab olindi.
Mavzuga oid
07:27 / 23.09.2023
Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi xizmatlar turlari ro‘yxati belgilandi
08:27 / 14.04.2022
Muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari uchun yer ajratishning yangi tartibi joriy etildi
08:03 / 07.05.2021
Sanoat zonalarini kommunikatsiya infratuzilmasi bilan ta'minlash uchun 150 mln dollar qarz olinadi
08:17 / 23.02.2020