Sport | 10:24 / 12.05.2017
32773
5 daqiqa o‘qiladi

«Real»ning yangi tanlovi. «Yangi Neymar» kim?

Oxirgi haftalarda «Real» braziliyalik yangi iste'dod Vinisius Juniorni transfer qilish uchun 61 million yevro bermoqchiligi haqida xabarlar tarqaldi.

U kim?

«U hali 19 yoshda, klub esa uning transferi uchun 32 mln yevro berdi. Ko‘p emasmi?». Xosep Gvardiola jilmayib javob qaytargandi: «Men bilmayman. Ammo bir necha yildan keyin u juda qimmat turadi».

Gap Gabriel Jyezus haqida, hozirda Manchesterda Serxio Agueroning o‘rnini olib qo‘ygan braziliyalik boshqa futbolchi haqida ketmoqda. Zamonaviy futbolda shunday qoida yuzaga kelgan – kim yosh yulduzni tezroq qo‘lga kiritmoqchi bo‘lsa, kattagina mablag‘ni investitsiya qilishi kerak.

Hozirda Ispaniyada ushbu yosh futbolchining Madridga kelishi mavzusi muhokamalar markazida. «Flamengo» a'zosi hisoblanadigan Vinisius Junior tibbiy ko‘rikdan o‘tgan, dastlabki kelishuvga erishilgan.

«Real» braziliyalik yangi iste'dod uchun 61 million yevro bermoqchi

Barchasi odatdagidek ko‘rinadi – grand klublar odatda Janubiy Amerikada yosh iqtidorlarni izlab, ularni Yevropaga olib ketishadi. Ammo bu yerda boshqacharoq. «Real» «Flamengo»ning badal puli 30 million yevro bo‘lgan 16 yoshli futbolchisi uchun 45 mln yevro to‘lamoqda, yana agentga va futbolchiga 8 million yevrodan. U hali asosiy jamoada bitta ham o‘yin o‘tkazmagan!

Bunday katta mablag‘ga Junior uchun ov qishdayoq boshlangani tufayli yuzaga keldi. Unga «Chelsi», «Manchester Yunayted» va «Barselona» kabi jamoalar tomonidan jiddiy qiziqishlar bor va ular ham transfer uchun shartnomada ko‘rsatilgan mablag‘ni sarflashga tayyor edi. Ushbu futbolchini «yangi Neymar» deya atay boshlashgandi.

«Real» yosh futbolchi uchun kosmik summa taklif etib, barcha raqiblarni yo‘ldan olishga qaror qildi. Qiziq tomoni Vinisius Madridda 2018 yilga boribgina paydo bo‘lishi mumkin, u o‘shanda 18 yoshga to‘ladi. U «Kastilya»da emas, birato‘la asosiy jamoada o‘ynay boshlaydi.

Uning alohida jihati nima?

Vinisiusning talanti haqida ko‘plar shu yil qishida o‘tkazilgan 17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi jahon chempionati vaqtida bilib olishdi. Uning Paragvay himoyachilarini istagan ko‘yiga solganini tribunalarda olqishlashdi.

Juniorga «Flamengo»ning yoshlar jamoasidagi ustozi bu transferdan hayratga tushgani yo‘q: «U boshidan dadil futbolchi edi. Boshqa bolalar, jamoadoshlari uni Robino deb atab, hazillashgancha undan avtograf so‘rashardi».

«16 yoshli o‘smir «Real»da o‘ynashga tayyor deyish ahmoqlik bo‘lardi, ammo unda rostdan ham katta talant bor va u buni o‘z darajasida namoyish etmoqda», — deydi «Flamengo» murabbiyi Ze Rikardo.

Vinisiusning salohiyati katta taassurot qoldiradi.

Junior – chap qanotda harakatlanuvchi klassik hujumchi. U hamisha darvozaga zarba berish haqida o‘ylaydi. Uning driblingi o‘ziga xos – o‘smir futbolchilar orasida unga teng keladigani yo‘q. Hatto Braziliyada ham.

Bu tarix qanday davom etadi, keyinroq bilib olamiz. Hozircha Vinisius «Flamengo» tizimida rivojlanishda davom etadi. «Real» kimga ega bo‘ladi — yangi Edegorgami yoki o‘z Neymariga – aytish qiyin, buni vaqt ko‘rsatadi. Fakt shundaki, katta klublar yosh futbolchilar uchun katta pullarni ayashmayapti. Hatto ular hali katta futbolda o‘zlarini ko‘rsatmagan bo‘lishsa-da. Brendni rivojlantirish – futbolonomikaning bir qismiga aylangan, buni esa Madriddagilar juda yaxshi tushunishadi.

Neymar «yangi Neymar»ni «Barselona»ga o‘tishga ko‘ndira olmagan
 

Mavzuga oid