Jamiyat | 12:50 / 27.05.2018
8115
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda «Kitob bayrami» o‘tkazildi - fotolar

Kitob targ‘iboti va kitobxonlik madaniyatini yuksaltirishdek muhim ma'naviy-ma'rifiy masala davlatimizning doimiy e'tiborida bo‘lib kelmoqda. Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev yoshlarning kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishini oshirish, aholining kitobxonlik ko‘nikmasini yanada yuksaltirish, milliy va jahon adabiyotining eng sara namunalarini Internet tarmoqlariga joylashtirish va ularning keng targ‘ib qilish ishlariga alohida e'tibor qaratilmoqda.

24–25 may kunlari Samarqand shahridagi Alisher Navoiy nomidagi markaziy istirohat bog‘ida, viloyatning barcha tuman va shaharlari markazlarida hamda ta'lim muassasalarida «Kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish — buyuk maqsadlarga erishishning muhim kafolatidir» shiori ostida «Kitob bayrami» tadbirlari tashkil etildi.

Samarqanddagi Alisher Navoiy nomidagi istirohat bog‘ida uyushtirilgan ko‘rgazmani viloyat hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Rustam Qobilov ochib berdi. «Zarafshon» gazetasi bosh muharriri, jurnalistlar ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limi raisi Farmon Toshev qatnashchilarga o‘z ezgu tilaklarini bildirdi.

Istirohat bog‘ida turli ta'lim muassasalari, oliygohlar kitoblar ko‘rgazmasini tashkil etishgan. Bog‘ning har joyida mushoiralar, kichik tanlovlar o‘tkazildi. Yoshlar ittifoqi tomonidan elektron kitoblar ko‘rgazmasi ham tashkil qilinib, istovchilarning qurilmalariga o‘zi yoqtirgan kitoblar ko‘chirib berildi. Samarqand davlat chet tillar institutining o‘zbek adabiyoti durdonalarining ingliz tilidagi tarjima kitoblari ham bayramga o‘zgacha tuhfa bo‘ldi.

Sh.Shokirjonov

Mavzuga oid