Jahon | 23:47 / 14.11.2018
5221
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda lotin yozuvida ilk umumrespublika diktanti o‘tkazildi 

Foto: Anadolu Agency

Qozog‘istonda madaniyat va sport vazirligi tashabbusi bilan lotin yozuviga asoslangan qozoq tilida ilk umumrespublika diktanti o‘tkazildi. 

“Ma'naviy modernizatsiya” degan mavzudagi diktant Qozog‘istonning barcha shaharlarida o‘tkazilgan va unda 1,5 mln kishi ishtirok etgan.    

Diktant bir vaqtda kutubxonalar va ta'lim muassasalarining buning uchun maxsus ajratilgan auditoriyalarida o‘tkazilgan.

Diktant matni 80 ta so‘zdan iborat bo‘lgan, uning davomiyligi esa 30 daqiqani tashkil qilgan. Diktant matni radio orqali uzatib turilgan, shu sababli maxsus auditoriyalarga kela olmaganlar ham diktant yozish imkoniga ega bo‘lganlar.

Shuningdek, diktantni Qozog‘istondagi taniqli yozuvchilar, sportchilar va arboblar bilan bir qatorda madaniyat va sport vaziri Aristanbek Muxamadio‘g‘li ham yozgan.

“Qozoqlar o‘z tarixi davomida arab, lotin alifbosi, kirillchadan foydalanganlar. O‘shanda biz uchun qarorni boshqalar qabul qilgan. Mustaqillikka erishilgandan keyin qozoq xalqi o‘z istagi bilan lotin yozuviga o‘tmoqda”, deb aytgan vazir.

Uning aytishicha, vazirlik aholi yangi alifboga tezroq ko‘nikishi uchun bunday tadbirlarni tashkil etishni davom ettiradi.

Qozog‘iston lotin alifbosiga 2025 yilgacha to‘liq o‘tadi.

Mavzuga oid