O‘zbekiston | 11:46 / 01.04.2019
6597
4 daqiqa o‘qiladi

Fuqarolar yig‘inlari tomonidan jalb etilgan homiylik mablag‘lari nimalarga sarflanishi belgilandi

Foto: Norma.uz

Vazirlar Mahkamasi qarori bilan Fuqarolar yig‘inlari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslardan ixtiyoriylik asosida jalb etilgan mablag‘larni va homiylik xayriyalarini shakllantirish hamda ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Nizomga ko‘ra, jismoniy va yuridik shaxslar homiylik xayriyalari shaklidagi yordamni qonun hujjatlariga muvofiq ixtiyoriy va beg‘araz amalga oshiradilar.

“Homiylik to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq qonunga zid bo‘lgan har qanday faoliyatni homiylik vositasida qo‘llab-quvvatlash taqiqlanadi.

Jalb etilgan mablag‘larni va homiylik xayriyalarini shakllantirish quyidagilar hisobiga amalga oshiriladi:

fuqarolar yig‘inining maqsadlariga mos keladigan vazifalarni hal etishga doir tadbirlarni amalga oshirish uchun fuqarolar yig‘ini (fuqarolar vakillarining yig‘ilishi) qaroriga asosan jalb etiladigan mablag‘lar;

hududdagi jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;

fuqarolar yig‘inlari va yuridik shaxslar o‘rtasida xayriya yordami ko‘rsatish to‘g‘risida tuzilgan shartnomalarga asosan tegishli hududda ishlarni bajarish, xizmatlar ko‘rsatish va boshqacha shaklda qo‘llab-quvvatlash ifodalanadigan ixtiyoriy beg‘araz yordamlar.

Fuqarolar yig‘inlari tomonidan jalb etilgan mablag‘lar va homiylik xayriyalari O‘zbekiston Respublikasi aksiyadorlik tijorat Xalq bankining filiallarida ochilgan talab qilib olinguncha depozit hisobraqamlarida belgilangan tartibda jamlanadi.

Fuqarolar yig‘inlari tomonidan jalb etilgan mablag‘lar va homiylik xayriyalaridan foydalanish fuqarolar yig‘ini kengashining qarori asosida ushbu mablag‘lar va homiylik xayriyalarining maqsadidan kelib chiqib amalga oshiriladi.

Yuridik shaxslardan ixtiyoriylik asosida mablag‘lar jalb etish va ulardan foydalanish fuqarolar yig‘inlari va yuridik shaxslar o‘rtasida xayriya yordami ko‘rsatish to‘g‘risida tuzilgan shartnomalarga muvofiq amalga oshiriladi.

Jalb etilgan mablag‘lar va homiylik xayriyalarini boshqarish hamda taqsimlash fuqarolar yig‘ini raisi tomonidan amalga oshiriladi.

Jalb etilgan mablag‘lar va homiylik xayriyalari, agar boshqa maqsadlarga qaratilgan bo‘lmasa yoki xayriya yordami ko‘rsatish to‘g‘risida tuzilgan shartnomalarda boshqacha tartib belgilangan bo‘lmasa, quyidagi maqsadlarga sarflanadi:

a) kam ta'minlangan va ehtiyojmand bo‘lgan yolg‘iz keksalar, nogironlar, shuningdek, birinchi navbatdagi hayotiy ehtiyojini ta'minlay olmaydigan kam daromadli, ikki va undan ortiq voyaga yetmagan bolalari bor, boquvchisi nogiron yoki mehnat qobiliyatini vaqtincha yo‘qotgan, surunkali kasalni parvarish qilayotgan oilalarga bir martalik moddiy yordam ko‘rsatish uchun quyidagicha yo‘naltiriladi:

uy va kvartiralarni ta'mirlash;

qattiq yoqilg‘i (ko‘mir va o‘tin) mahsulotlari bilan ta'minlash;

nogironlarni reabilitatsiya vositalari bilan ta'minlash;

sog‘ligini tiklash;

kommunal xizmatlar haqini to‘lash;

nikoh va sunnat to‘ylarini o‘tkazish;

b) mahallada tabiiy, texnogen va ekologik xususiyatli talafot ko‘rgan oilalarga moddiy yordam ko‘rsatish;

v) mahalla hududini obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish va sanitariya jihatdan tozalash hamda kommunal xizmatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirish;

g) ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish.

Mavzuga oid