O‘zbekiston | 13:58 / 12.09.2020
4911
5 daqiqa o‘qiladi

Samarkand Half Marathon xayriya musobaqasi uchun ro‘yxatga olish boshlandi

Xayriyadan tushgan pullar autizmga chalinganlarning hayotini yaxshilashga sarflanadi.

1 noyabr kuni an'anaviy Samarkand Half Marathon xayriya musobaqasi boshlanadi. Musobaqada ishtirok etish uchun www.samarkandhalfmarathon.uz sayti orqali ro‘yxatdan o‘tish mumkin.

Marafon tashkilotchilari bu  yil asosiy e'tiborini autizm spektrining buzilishi (ASD) bilan kasallangan insonlarning imkoniyatlari va nogironligi bo‘lgan shaxslarning madaniyat va san'at obektlariga kirish muammosiga qaratishmoqda. Tadbir doirasida autizmga chalingan insonlar uchun inklyuziv muhitni yaratish va ularning ijtimoiy-madaniy va jamoat hayotiga qo‘shilish imkoniyatlari muhokama qilinadi. Samarkand Half Marathon yarimmarafonidan tushgan mablag‘lar autizmga chalingan bolalar uchun O‘zbekistondagi maktab-internatlarning birida bolalar ijodiyoti studiyasini yaratishga sarflanishi rejalashtirilgan.

Pandemiya sharoitini inobatga olgan holda 2020 yilda o‘tkazilayotgan Samarkand Half Marathon dasturining sport qismi ikki xil shaklda – Samarqanddagi klassik usuldagi yugurish musobaqasi va O‘zbekistonga kelib ishtirok eta olmaydigan sportchilar uchun oflayn virtual musobaqa tashkil etilishi ko‘zda tutilgan. Yarimmarafonning ushbu oflayn shakli har bir ishtirokchisiga yugurish uchun joy tanlash erkinligini beradi, shuningdek, musobaqa natijalari to‘g‘risidagi barcha ma'lumotlar “Strava” ilovasi yordamida qayd etib boriladi.

Shuningdek, dasturga skandinavcha yurish musobaqasi hamda 12 yoshgacha bo‘lgan bolajonlar uchun alohida bolalar poygasi jadvali ishlab chiqilgan.

Bundan tashqari, yarimmarafon doirasida o‘quv va madaniy dasturlar raqamli formatda o‘tkaziladi. “National Autistic Society” (Buyuk Britaniya) vakillari autizmga kasalligiga chalingan bolalarning ota-onalari uchun onlayn veb-seminarlar o‘tkaziladi va Britaniya muzeyi mutaxassislari tashabbusi bilan tashkil etilgan “Early Morning Explorers” loyihasi haqida batafsil axborot beriladi. "Do‘stona muhit" (Rossiya) loyihasi ko‘magida bir qator onlayn munozaralar, veb-seminarlar va mahorat darslari tashkil etiladi. “The Beat Film Festival” kinofestivali bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan filmlar dasturi veb-saytimizda namoyish etiladi.

Aziz Abduhakimov, Bosh vazir o‘rinbosari, “Samarkand Half Marathon” yarimmarafonining tashkiliy qo‘mitasi raisi:

– Ushbu marafon mamlakatimiz ijtimoiy hayotining barcha jabhalarini qamrab oladi. Garchi bu yil aniq sabablarga ko‘ra, ko‘plab ishtirokchilarimiz Samarqandga kelib, jismonan ishtirok etish imkoniga ega bo‘lmasalar-da, dunyoning turli burchaklaridagi insonlar xayriya aksiyamizga qo‘shilishlari mumkin.

Saida Mirziyoyeva, Milliy ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari:

– Samarqand yarimmarafoni eng yirik xayriya loyihalaridan biri hisoblanadi, bu nafaqat faol turmush tarziga amal qilishga, balki madaniyat va san'at obektlarida qulay muhitni rivojlantirish kabi dolzarb muammolarga jamoatchilik e'tiborini qaratadi. Barchamizning maqsadimiz bitta – to‘liq ijtimoiy integratsiyani ta'minlash, mamlakatimiz aholisi va mehmonlari uchun teng shart-sharoitlarni yaratish. Buning uchun biz bunday tashabbuslarni faol tarzda qo‘llab-quvvatlab borishimiz va bu kabi tadbirlarni imkon qadar O‘zbekistonda o‘tkazishga harakat qilishimiz kerak.

Mirxan Sagitov, Samarkand Half Marathon loyihasi kuratori:

– Bu yil biz sizlar uchun juda ko‘p yangiliklar tayyorladik. Masalan, yugurish klublari o‘rtasidagi musobaqalar va "Shaharlar aro musobaqalar". Ishtirokchilarga vaqt, joy va masofani tanlash erkinligini o‘zlarida qoldirish bilan birga, biz yuguruvchilar soni bo‘yicha rekordlarni yangilashga, shuningdek, ishtirokchi mamlakatlar geografiyasini kengaytirishga va keng miqyosda katta yugurish bayrami muhitini yetkazishga harakat qilyapmiz. Yarimmarafon tufayli yugurishni yaxshi ko‘ruvchi insonlar soni tobora ko‘paymoqda va bu bizni yugurish musobaqalarining yangi turlarini izlashga va tadbirlarni eng yuqori darajada tashkil etishga undaydi.

Mazkur xayriya musobaqasi Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan har yili Madaniyat vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi hamda Samarqand viloyat hokimligi bilan hamkorlikda tashkil etiladi. Musobaqa madaniyat va san'at obektlaridagi mavjud inklyuziv muammolariga jamoatchilik e'tiborini qaratish, shuningdek, sog‘lom turmush tarzi va sport turizmini rivojlantirish masalalarini hal qilishga yordam beradi.

2019 yilda o‘tkazilgan yarim marafon madaniyat muassasalarini ko‘rish imkoniyati cheklangan uchun moslashtirish tadbirlariga qaratilgan edi.

Mavzuga oid