O‘zbekiston | 00:56 / 15.12.2020
61626
2 daqiqa o‘qiladi

Buxoro shahar prokurori Jasur Fozilovning murojaati yuzasidan Respublika idoralararo komissiyasi tuzildi

Buxoro shahri prokurori Jasur Fozilovning da'volari bo‘yicha Respublika idoralararo komissiyasi tuzildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Xalq qabulxonasining bayonoti e'lon qilindi.

Videodan kadr

Jasur Fozilov 11 dekabrdan buyon ijtimoiy tarmoqlar va OAV orqali e'lon qilib kelayotgan videomurojaatlarida prokuratura organlari rasmiylariga nisbatan qator da'volarni ilgari surib kelmoqda.

Ayni paytda prokurorning ustidan xizmat tekshiruvi tayinlangan bo‘lib, u lavozimidan vaqtincha chetlatilgan.

«J.Fozilovning vajlarini sinchkovlik bilan har tomonlama va xolisona tekshirish hamda holatga baho berish maqsadida joriy yil 14 dekabr kuni Respublika idoralararo komissiyasi tuzildi», – deya Prezidentning Xalq qabulxonasi axborotini keltirmoqda O‘zA.

Komissiya tarkibiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Oliy Majlis Senati, Prezident huzuridagi tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Adliya vazirligi, Bosh prokuratura, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Buxoro viloyatidagi Xalq qabulxonasining mas'ul xodimlari kiritilgan.

Komissiya murojaatda keltirilgan qonunbuzarlik holatlarini joyiga chiqqan holda, J.Fozilovning barcha vajlarini bevosita o‘zining ishtirokida chuqur va xolisona o‘rganilishini tashkil etadi.

Tekshirish natijalari bo‘yicha qo‘shimcha ravishda xabar beriladi, deyiladi xabarda.

Mavzuga oid