O‘zbekiston | 15:06 / 29.06.2021
3625
2 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda masjid buzilishi haqidagi xabarlarga munosabat bildirildi

Ijtimoiy tarmoqlarda «Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov Qiziriq tumani markazida joylashgan masjidni nega buzdirmoqchi?» degan xabar tarqaldi. Surxondaryo viloyati hokimligi axborot xizmati holat yuzasidan munosabat bildirdi.

Munosabatda yozilishicha, To‘ra Bobolov 2021 yilning 26 iyun kuni Qiziriq tumanining Rabatak mahallasida bo‘lganida faollar tomonidan markaziy «Chilgaz ota» jome masjidi namozxonlar uchun torlik qilayotgani aytilib, uning o‘rnida zamonaviy qulayliklarga ega, sig‘imi 3 ming kishilik yangi masjid qurish taklifi bildirilgan. Viloyat hokimi masjiddagi shart-sharoitlar bilan tanishgach, faollarning taklifini qo‘llab-quvvatlagan.

Ammo masjid joylashgan hududda uni kengaytirishning imkoni yo‘qligi inobatga olinib, zamonaviy qulayliklarga ega yangi markaziy masjidni bunyod etish uchun boshqa joydan yer ajratish, «Chilgaz ota» jome masjidini mahalla namozxonlari uchun qoldirish haqida mutasaddilarga ko‘rsatma berilgan. «Chilgaz ota» jome masjidini buzdirish to‘g‘risida esa gap-so‘z bo‘lmagan.

«Yurtdoshlarimizdan aholi orasida turli mish-mishlar paydo bo‘lishiga, ularda salbiy fikr va ishonchsizlikni shakllantirishga olib keladigan ushbu mazmundagi yolg‘on xabarlarga ishonmaslikni so‘raymiz», deyiladi munosabatda.

Mavzuga oid