O‘zbekiston | 16:17 / 20.06.2022
11340
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari kamaydi

2022 yil 1 iyun holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning zaxira aktivlari 35,4 mlrd dollarni tashkil qilmoqda.

Foto: Reuters

Markaziy bank O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni e’lon qildi.

2022 yilning 1 iyun holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari 35,4 mlrd dollarni tashkil qilgan. Taqqoslash uchun, bu ko‘rsatkich 2022 yil 1 may holatiga ko‘ra, 35,9 mlrd dollar bo‘lgan. Raqamlar o‘tgan bir oyda O‘zbekistonning rasmiy zaxiralari qariyb 400 mln dollarga kamayganini ko‘rsatmoqda.

May oyi davomida oltinning fizik hajmi 11,1 mln troya unsiyadan 11,4 mln troya unsiyaga (taxminan 9,33 tonna) oshgan bo‘lsa-da, qiymati 21,32 mlrd dollardan 21,18 mlrd dollarga pasaygan.

Shuningdek, zaxira aktivlari tarkibidagi xorijiy valuta zaxiralari ham 13,5 mlrd dollardan 13,1 mlrd dollarga kamaygan.

“O‘zbekiston yalpi xalqaro zaxiralari 2022 yil boshidan beri 264,5 mln dollarga yoki 0,8 foizga oshdi. Bunda oltin narxining yil boshidagi 1799,25 dollardan 1854,4 dollargacha o‘sishining ta’siri 630 mln dollarni tashkil qildi”, deyiladi Markaziy bank izohida.

Zaxiralar mamlakatning «xavfsizlik yostiqchasi» ham hisoblanadi – ular salbiy tashqi shok holatlarda zarbani kamaytiruvchi omil sifatida zarur. Xalqaro tashkilotlarning tavsiyalariga ko‘ra, rivojlanayotgan davlatlar uchun zaxiralar kamida 3 oylik importni qoplashi kerak.

Mavzuga oid