O‘zbekiston | 14:27 / 22.08.2022
4828
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari qariyb 1 mlrd dollarga kamaydi

Iyul oyida O‘zbekiston xalqaro zaxiralarining valuta qismi 830,4 mln dollarga, oltin qismi esa 142,5 mln dollarga kamaydi.

Foto: Getty Images

Markaziy bank O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yangiladi.

2022 yilning 1 avgust holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari 34,6 mlrd dollarni tashkil qilgan. Taqqoslash uchun bu ko‘rsatkich 2022 yil 1 iyul holatiga ko‘ra, 35,58 mlrd dollar bo‘lgan. Raqamlar o‘tgan bir oyda O‘zbekistonning rasmiy zaxiralari 976 mln dollarga kamayganini ko‘rsatmoqda.

Avgust oyi davomida oltinning fizik hajmi sezilarli miqdorda: 11,7 mln troya unsiyadan 12 mln troya unsiyaga ( taxminan 9,33 tonna) oshgan bo‘lsada, qiymati 21,22 mlrd dollardan 21,07 mlrd dollarga pasaygan. Bu asosan hisobot davrida jahon bozorida oltin narxlarining arzonlashgani bilan bog‘liq.

Shuningdek, zaxira aktivlari tarkibidagi xorijiy valuta zaxiralari ham 13,3 mlrd dollardan 12,47 mlrd dollardan yoki 830,4 mln dollarga kamaygan.

“O‘zbekiston Respublikasi yalpi xalqaro zaxiralari 2022 yil boshidan beri 531,9 mln dollarga yoki 1,5 foizga kamaydi. Bunda oltin narxining yil boshidagi 1799,25 dollardan 1758,9 dollargacha pasayishining ta’siri 483,6 mln dollarni tashkil qildi”, deyiladi Markaziy bank izohida.

 

Mavzuga oid