O‘zbekiston | 15:35 / 13.10.2023
12143
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston atmosferasini zaharlayotgan manbalar haqida ma’lumot berildi

O‘zbekiston atmosferasini ifloslayotgan asosiy tarmoqlar issiqlik elektr stansiyalari va sement ishlab chiqaruvchi korxonalar hisoblanadi. Bundan tashqari, har yili nosoz avtomobillardan atmosferaga 1,27 mln tonna zahar ajralib chiqadi.

Foto: Kun.uz/Nuriddin Nursaidov

Butunjahon meteorologiya tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kungacha global yillik o‘rtacha havo harorati 1880 yildagi darajadan 1°C ga ortgan. O‘zbekistonda xuddi shu davr uchun o‘rtacha yillik havo harorati 1,6°S ga ko‘tarilgan. Bu isishga ta’sir ko‘rsatayotgan omillar haqida Ekologiya vazirligi Kun.uzʼga ma’lum qildi.

Vazirlik hisob-kitobiga ko‘ra, O‘zbekistonda sanoat korxonalaridan atmosfera havosiga yillik sanoat tashlamalari miqdori 2022 yilda 874 ming tonnani tashkil etdi.

Tashlamalarning 360,5 ming tonnasi – 40 foizi neft va gaz, 200 ming tonnasi – 22,8 foizi energetika, 185,5 ming tonnasi –21,2 foizi metallurgiya, 25 ming tonnasi – 2,8 foizi – qurilish va 103 ming tonnasi – 11,7 foizi boshqa tarmoqlar hisobiga to‘g‘ri keladi.

Issiqlik elektr stansiyalari va sement ishlab chiqaruvchi korxonalar atmosferaga asosiy ta’sir ko‘rsatuvchi tarmoqlar hisoblanadi. O‘zbekistonda hozir 12 ta IES mavjud bo‘lib, ulardan eng kattalari ko‘mirga ixtisoslashgan “Angren” va “Yangi Angren” issiqlik elektr stansiyalaridir. Bundan tashqari, 36 ta sement ishlab chiqaruvchi korxona, 15 ta neft va gazni qayta ishlash hamda 4 ta metallurgiya sanoati ham ishlayapti.

Sanoat korxonalaridan atmosferaga tashlanmalarni kamaytirish uchun Vazirlar Mahkamasi tomonidan maxsus dastur qabul qilingan. Uning doirasida 2023 yilga belgilangan 145 ta sanoat korxonalarida 723 ta chang-gazlarni tutib qolish uskunalarini ta’mirlash va yangilariga almashtirish rejalangan.

Shuningdek, transportlardan atmosferaga chiqadigan tashlamalar ham kam emas. Hozir respublikada jismoniy shaxslarga tegishli jami 3 268 480 ta avtotransport vositalari bo‘lib, shundan 796 034 tasi (24 foiz) benzin, 71 088 tasi (2 foiz) dizel va 2 401 348 tasi (74 foiz) gaz yoqilg‘isida harakatlanishga mo‘ljallangan. Avtotransportlarning 100 mingtasi nosoz bo‘lib, ulardan atmosferaga yiliga o‘rtacha 1,27 mln tonna tashlama chiqadi.

Vazirlik buni kamaytirish uchun qilinayotgan rejalar haqida ham ma’lumot berdi. Jumladan, tashlamalar bo‘yicha konsepsiya doirasida jamoat transportining kamida 50 foizini gazballon yoqilg‘i, elektr va boshqa muqobil yoqilg‘i turlariga o‘tkazish maqsad qilingan.

Bu juda katta raqam va agar ushbu ko‘rsatkichga erishilsa, avtomobillardan havoga yetkazilayotgan zarar keskin kamayadi”, – deydi Ekologiya vazirligi atmosfera havosini muhofaza qilish siyosati bo‘limi bosh mutaxassisi Bahrom Esonov. 

Mavzuga oid