Jamiyat | 11:27 / 02.11.2023
43257
4 daqiqa o‘qiladi

To‘kilgan xazonlarni yig‘ishtirib olmang – nega daraxt barglarini yerda qoldirish kerak?

Kuzda insonlarga o‘ziga xos zavq berib, turli rangda tovlanadigan xazonlar fasl oxiriga borib qoraygan bir uyum barglarga aylanadi. Shunda tezroq ularni tozalab axlatga tashlash va manzarani chiroyli qilib qo‘yish haqida o‘ylaymiz. Lekin barglar to‘kilgan o‘rnida qolib parchalansa, insoniyat uchun ham, tabiat uchun ham foydaliroq bo‘ladi.

Foto: Kun.uz

Odatda, xazonrezgi fasl boshlanishi bilan eng katta ish – to‘kilgan barglarni yig‘ishtirib olishdan iborat bo‘ladi. Lekin hech bo‘lmasa bu kuz xazonlarni yig‘ishtirib olmang. Nega bunday qilish kerak?

Kuzgi xazonlar bir qarashda jamoat joylarida ko‘zga xunuk tashlanib turganday va keraksizday tuyulishi mumkin. Biroq unday emas. Xazonlar ostida biologik xilma-xillikning o‘ziga xos dunyosi yashaydi. Xazonlar Yer yuzida yashaydigan jamiki jonzot turlarining teng yarmiga boshpana vazifasini bajara olishi mumkin. Barglar, novdalar va po‘stloqlar uyumi ostida sudralib yuruvchilarning kichik turlaridan tortib qurbaqa va ilonlargacha, bundan tashqari, yomg‘ir qurti va o‘rgimchak kabi umurtqasiz jonzotlargacha yashashi mumkin.

Umurtqasiz jonzotlar barglarni iste’mol qilgan vaqti ularni mayda bo‘laklarga bo‘ladi. Bu bo‘lakchalar bakteriya va zamburug‘larning tandem kuchlari ta’sirida parchalanib, daraxtlar va boshqa o‘simliklar o‘sishi uchun foydali bo‘lgan azot, kalsiy va oltingugurt kabi nutriyentlarga aylanadi.

Shunday qilib, jonsiz o‘simlik bo‘laklari tirik o‘simliklarni oziqlantiradi, tuproqni nutriyentlar bilan to‘yintiradi va shu tarzda hayot sikli ishlaydi. Bir qaraganda yoqimsiz va foydasiz ko‘ringan xazonlar uyumi ostida faol mikroskopik hayot yashaydi.

Xazonlar faqat barglardan iborat bo‘lmaydi. Uning tarkibiga daraxt barglari, gul yaproqlari, urug‘lar va novdalar kirishi mumkin. 2023 yilgi tadqiqotga ko‘ra, xazonlar ekotizim bioxilmaxilligini yaxshilashga hissa qo‘shadi. Bu tuproq tarkibiga foydali minerallar qo‘shilishi va hayvonlardan qoladigan turli patogenlarning qisqarishi bilan amalga oshadi.

Xazonlar to parchalanib tuproqqa singib ketguncha 3 ta bosqichdan o‘tadi. Eng birinchi ko‘zga tashlanadigan qism — barg axlatlari. Ikkinchi bosqich esa chirigan barglardan iborat fermentatsiya qatlami hisoblanadi. Uchinchi bosqichda esa xazon chirindi deb ataluvchi quyuq va qalin moddaga aylanadi, bu chirindi muhiti o‘simliklar o‘sishi va rivojlanishi uchun ideal tuproq atmosferasi sanaladi.

Barglarning parchalanishi nafaqat tuproqni foydali ozuqalar bilan ta’minlashga yordam beradi, balki yerdagi uglerodni parchalash vazifasini bajaradi. Masalan, o‘rmonlar atmosferadagi karbonad angidrid gazini yig‘ib olish orqali issiqxona gazlarini kamaytiradi. Fotosintez jarayonida esa barglar ushlab qolgan uglerod shunchaki biomassaga aylanadi.

O‘ta darajada chirigan va yaroqsizlangan xazonlar ham baribir tabiat uchun kerakli hisoblanadi. Qahraton qish davrida bu barg qoldiqlari ostida yovvoyi tabiat jon saqlaydi, kapalak kabi mitti mavjudotlar tuxum qo‘yadi. Va barglar o‘rtacha 6 oyda, taxminan bahor oylarida parchalanib ulguradi. 

Xazonlarni shunchaki qoldirish kerakmi?

Yerga ozuqa bo‘lishi uchun bog‘dagi xazonlarni maydalagan holatda ham tuproqda qoldirish mumkin. Lekin ularni axlatga yuborish kerak emas. Agar shunday tabiiy foydali barg uyumlari axlat poligonlariga tushib qolsa, ularni ishlatib bo‘lmaydi.

Ma’lumot uchun: Niderlandiyaning Eyndhoven shahrida daraxtlardan to‘kilgan barglar tozalab olinmaydi. Sababi bu barglar hasharotlar yashashi uchun yaxshi boshpana bo‘la oladi. Qolaversa, drenaj tizimiga suv oqishidan himoya qiladi.

Mavzuga oid