O‘zbekiston | 15:10 / 04.11.2023
43734
11 daqiqa o‘qiladi

Kodeksdagi «yog‘li» modda: jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish

Nima uchun O‘zbekistonda firibgarlar odamlarning bor-budini shilib ketishdan qo‘rqmay qo‘yishganini bilasizmi? Chunki ularga qonundagi tuynuklar «ilhom» beradi. Qanday qilib deysizmi, maqolani o‘qing, bilib olasiz.

Foto: Kun.uz

Buxoro amirligi davrida o‘g‘rilik yoki firibgarlik qilgani uchun zindonga tashlangan jinoyatchilardan yetkazilgan zarar antiqa usulda undirib olingan: jinoyatchi haftaning har juma kuni zindondan chiqarilgan va mardikor bozoriga olib borilgan. Ma’lum bir haq evaziga biror yumush qildirish uchun mardikor izlayotgan odamlar jinoyatchini yollab, ishlatishgan. Uning mehnati uchun to‘langan haq esa yetkazilgan zarar hamda zindonda ushlab turilishiga sarflanadigan xarajatlarni qoplashga yo‘naltirilgan.

Shu tariqa, firibgar jinoyatchi yetkazilgan zararni to‘liq qoplab bo‘lgachgina zindondan ozod qilingan.

Qo‘lga tushishini bilib turib jinoyat qiladi

Faoliyati aldov yo‘li bilan odamlarning pulini shilish bo‘lgan firibgarlik sxemalarini O‘zbekistonda ko‘plab sanash mumkin. Minglab odamlar bu «ishbilarmonlar»ga aldandi, aldanishda davom etmoqda.

Mazkur sxemalarni o‘ylab topganlar qo‘lga tushishini bilgan holda ko‘pincha ikki yo‘lni ko‘zlaydi: 2-3 yil «o‘tirib» chiqsa ham milliarder bo‘lib qolish yoki to‘plab-to‘plab, chetga qochish.

Masalan, «Avto 60 oy» ishida qariyb 16 ming odamni aldab, ulardan 57,4 mlrd so‘m yig‘ib olgan Jamshid Bahodirov birinchi yo‘lni tanlagan.

Voqealar rivoji quyidagicha:

  • 2019 yil 13 may – Jamshid Bahodirov «Avto 60 oy» MChJni davlat ro‘yxatidan o‘tkazadi;
  • 2019 yil 14 oktyabr – Jamshid Bahodirov 5 oyda (!) mijozlardan 57,4 mlrd so‘mpul to‘plashni uddaladi;
  • 2019 yil 21 oktyabr – unga «qamoqqa olish» ehtiyot chorasi qo‘llanadi;
  • 2021 yil 29 mart – Jamshid Bahodirov 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi, qoplanmagan zarar eng qariyb 13 mlrd so‘m;
  • 2021 yil noyabr – Jamshid Bahodirov umumiy tartibli koloniyadan manzil-koloniyaga o‘tkazildi;
  • 2022 yil 21 iyun –Jamshid Bahodirovning jazosi yengilroq jazoga almashtirilib, u ozodlikka chiqarildi;
  • 2023 yil oktyabr – Jamshid Bahodirov fuqarolarni chuv tushirish bilan bog‘liq yana bir firibgarlikning asosiy «figurant»laridan biri.

«Avto 60 oy» ishida jabrlanuvchilar foydasiga undirilishi lozim bo‘lgan mablag‘ ayni kunda 12 mlrd 905 mln so‘mni tashkil etadi.

4 yil ichida Jamshid Bahodirov 16 ming odamning pulini shilib, qamalib, qamoqdan qaytib chiqib yana odamlarni chuv tushirishga ulguryapti. Buni uddalashi uchun unga Jinoyat kodeksidagi «tirqish» yordam bergan.

Qonundagi «tirqish»

Jinoyat kodeksida 74-modda bor, u jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish deb ataladi. O‘z nomi bilan bu modda har qanday jinoyat sodir etgan odamni xoh sudda bo‘lsin, xoh u jazoni ijro etib turgan paytda, qo‘llanaveradi. Uni qo‘llash mutlaq sudning vakolatida.

Yuqoridagi holatda Jamshid Bahodirovga nisbatan ham ushbu modda qo‘llangan: u 2019 yil 21 oktyabr kuni qamoqqa olinib, keyinroq 8 yilga ozodlikdan mahrum etilyapti hamda 2022 yil 21 iyun kuni «muddati» axloq tuzatish ishlari jazosiga almashtirilyapti. Yetkazilgan zararning 12,9 mlrd so‘m qoplanmay osilib yotganiga esa sud e’tibor ham bergani yo‘q, chunki 74-moddada buni inobatga olish haqida aytilmaganda...

Aslida zarar summasini to‘liq qoplamagan firibgarlarning jazosini yengilrog‘iga almashtirish mumkinligi firibgarlikka rag‘batdan boshqa narsa emas. Kodeksdagi bu «tirqish» Konstitutsiya talablariga zid ekani haqida o‘ylab ko‘rilishi kerak.

Yangilangan Konstitutsiyaning 29-moddasida huquqbuzarliklardan jabrlanganlarning huquqlari qonun bilan muhofaza qilinishi, davlat jabrlanganlarga himoyalanishni va odil sudlovdan foydalanishni ta’minlashi, ularga yetkazilgan zararning o‘rni qoplanishi uchun shart-sharoitlar yaratishi belgilab qo‘yilgan.

Mazkur norma davlat zimmasiga huquqbuzarliklardan jabrlanganlarning huquqlarini himoya qilish majburiyatini yuklaydi. Ya’ni davlat huquqbuzarlik tufayli fuqaroga, uning mol-mulkiga yetkazilgan zararni huquqbuzardan o‘z vaqtida va to‘liq hajmda qoplash bo‘yicha tashkiliy-huquqiy choralarni ko‘radi. Amaldagi qonunlarga ko‘ra, firibgarlik jinoyati bo‘yicha zarar qoplanmasa, huquqbuzarga nisbatan amnistiya yoki afv qo‘llanmaydi.

Ammo Jinoyat kodeksidagi yuqorida aytilgan «tuynuk» negadir hamon ochiq qol(diril)moqda.

Yaxshiyamki, hozir amnistiya berilmayapti, agar berilganida bormi…

Konstitutsiyaga zid yana bir hujjat bor. Bu Oliy sud plenumining 2006 yil 22 dekabrdagi «Sudlar tomonidan amnistiya aktlarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida»gi qarori. Uning 20-bandida keltirilishicha, surishtiruv, tergov bosqichida yoki sudda jinoyat ishining amnistiya akti asosida tugatilishi jinoyat natijasida yetkazilgan mulkiy ziyonni qoplash to‘g‘risidagi masalaning jinoyat protsessida hal etilishi imkoniyatini istisno etadi.

Jinoyat ishida fuqaroviy da’vo mavjud bo‘lganda surishtiruv, tergov organi yoki sud amnistiya akti asosida jinoyat ishini tugatish to‘g‘risidagi qaror, ajrimda da’vo ko‘rilmasdan qoldirilganini ko‘rsatadi. Ayni paytda, JPK 276-moddasi beshinchi qismiga muvofiq, manfaatdor shaxslarga bunday da’voni fuqarolik sudida ishlarni yuritish tartibida taqdim etish huquqi tushuntiriladi.

Bu firibgarlar uchun nafaqat rag‘bat, balki ko‘p o‘tmay ozodlikka chiqishiga kafolat hamdir. 2016 yildan avvalgi davrlarda (har yili eng kamida bir marta amnistiya akti e’lon qilish amaliyoti mavjud bo‘lgan) vaziyat shu darajaga yetgandiki, amnistiya e’lon qilinishi arafasida jinoyatchilik, xususan odamlarni chuv tushirish avj olib ketardi. Boisi, jinoyatchi amnistiyaga tushishini oldindan aniq bilardi.

Buni bir misol bilan tushuntirishga harakat qilamiz.

2007 yil sentabr. U paytda oylik maoshlar naqd ko‘rinishida tarqatilar, o‘qituvchilarning maoshi avval bankka, keyin bankdan «rayono»ga berilardi.

Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanidagi bank filiali boshqaruvchisi bo‘lgan Azizning xonasiga ikki yigit kirib keladi.

— Siz bizga o‘qituvchilarning oylik maoshidan 100 mln so‘m berib turasiz. Biz uni ikki kun «aylantirib», 5 ming AQSh dollari qo‘shimchasi bilan sizga qaytaramiz, — deydi yigitlar.

Bank boshqaruvchisi bu taklifga osongina ko‘nadi va tuman o‘qituvchilarining maoshidan aytilgan miqdordagi pullarni yigitlarga beradi. Kelishuvga binoan yigitlar ikki kundan so‘ng olingan 100 mln so‘m pulni hamda 5 ming AQSh dollarini keltirib, bank boshqaruvchisiga tutqazadi.

Tuman pedagoglarining maoshi bankka kelib tushgan keyingi oyda yigitlar yana paydo bo‘ladi va bu safar karrasiga ko‘proq pul berib turishni so‘raydi. Bu pul ham ikki kunda «qo‘l haqi» bilan boshqaruvchiga qaytarib topshiriladi.

Navbatdagi oyda yigitlar Azizdan butun tuman pedagoglarining bir oylik maoshini besh kunga so‘rashadi. Bu mablag‘ juda katta summa edi. «So‘zida turadigan, mard» yigitlarga chippa-chin ishongan bank boshqaruvchisi ularga so‘ralgan barcha pulni tutqazib yuboradi. Ammo yigitlar shu bilan g‘oyib bo‘lishadi. Ular «baliqni qarmoqqa ildirishgandi»: bunchalik oson pul topish mumkinligidan nafsi hakalak otgan bank boshqaruvchisi bu xo‘rak ekanligini tushunmagan.

Ayni shu holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, boshqaruvchi, bankning uch xodimi va firibgarlar tomonidan tayin qilingan bir yigit qamoqqa olinadi. Yetkazilgan zararning 1 so‘mi ham qoplanmaydi, chunki uni qo‘lga kiritganlar allaqachon chet elga chiqib ketishgan edi.

Qamoqqa olinganlar sudning hukmi bilan uzoq muddatlarga ozodlikdan mahrum etildi. Ammo ko‘p o‘tmay e’lon qilingan amnistiya akti tufayli ular qamoqda 1 yil ham o‘tirganlari yo‘q, budjetning milliardlari esa havoga uchdi.

«Taqdiri» noma’lum qonun

Senatning 2023 yil 6 aprel kuni bo‘lib o‘tgan o‘ttiz to‘qqizinchi yalpi majlisida «Jinoyat kodeksiga korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik muqarrarligini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun ko‘rib chiqilgan hamda senatorlar tomonidan ma’qullangan.

Qonun bilan Jinoyat kodeksi «korrupsiyaga oid jinoyatlar» degan yangi atama bilan to‘ldirilib, unga ko‘ra kodeksning tegishli moddalari, qismi va bandlarida nazarda tutilgan qilmishlar korrupsiyaga oid jinoyatlar deb topilishi belgilangan hamda ushbu jinoyatlar uchun jazoni kuchaytirish nazarda tutilgandi.

Shuningdek, Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga kiritilayotgan o‘zgartirishlar orqali o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, firibgarlik, soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash uchun hukm qilingan, biroq jinoyat oqibatida yetkazilgan zararni to‘liq qoplamagan shaxslarga hamda pora olish, pora berish, pora olish-berishda vositachilik qilish jinoyatlarini sodir etgan shaxslarga nisbatan jazo muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilish va jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish kabi normalar qo‘llanilmasligi belgilangan.

Biroq ushbu qonunning «taqdiri» noma’lumligicha qolmoqda.

Nima qilish kerak?

Jinoyat kodeksi «ilhom» berishi emas, qo‘rqitishi lozim. Ya’ni har qanday holatda yetkazilgan zarar qoplanmas ekan, jazoni yengilrog‘i bilan almashtirishni butunlay taqiqlash zarur.

Odamlarni chuv tushirish bilan boyishni maqsad qilgan firibgarlarga sud tomonidan 8 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi berildimi, agar zararni to‘liq qoplamasa shuncha muddat «o‘tirishi», xatto manzilli koloniyaga ham chiqarilmasligi kerak.

Buning uchun esa Jinoyat kodeksining 74-moddasi yangi Konstitutsiyaga moslashtirilishi lozim. Jazoning o‘talmagan qismini yengilrog‘i bilan almashtirish jinoyat oqibatida yetkazilgan zararni to‘liq qoplamagan shaxslarga nisbatan qo‘llanmasligiga doir o‘zgartirish kiritish kerak. Shundagina davlat pulini o‘zlashtirayotgan amaldorlar va odamlarni aldayotgan firibgarlarga rag‘bat berayotgan «tuynuk»lardan biri yopiladi.

Yo‘qsa, Jamshid Bahodirov keysidagi kabi firibgarlik sxemalari, davlat pulini talon-toroj qilish yo‘llari o‘ylab topilaveradi.

Ruslan Saburov
Kun.uz

Mavzuga oid