Yevroparlament neft cheklovlarining Rossiyaga ta’siri pastligini tan oldi
Deputatlar Rossiya nefti va neft mahsulotlari narxidagi yuqori chegarani sezilarli darajada pasaytirishni taklif qilmoqda.
Yevropa parlamenti Rossiyaga va xususan, Rossiya neft va gaz sektoriga qarshi sanksiyalarni kuchaytirishga chaqiruvchi rezolyutsiyani qabul qildi. Deputatlar Yevropa kompaniyalari hamma joyda Moskvaga qo‘yilgan cheklovlarni chetlab o‘tayotganini va neft narxining yuqori chegarasini joriy etish Rossiyaning uni Yevropaga qimmatroq narxda sotishiga to‘sqinlik qilmasligini tan olishdi.
«2023 yil avgust oyidan boshlab Rossiya neft sanksiyalari doirasida belgilangan narx chegarasini chetlab o‘tishning yangi yo‘llarini qidirayotgani ma’lum bo‘ldi va Rossiya neftining jahon bozorlarida narxi ko‘tarila boshladi. Rossiya Yevropadan xom neft eksportini Hindiston, Xitoy va Turkiya kabi muqobil bozorlarga yo‘naltira oldi. Shu bilan birga, Hindistonning Rossiya neftidan ishlab chiqarilgan neft mahsulotlarining Yevropa Ittifoqiga importi keskin o‘sdi, bu Rossiya neftining Yevropaga «orqa eshiklari»ni yaratdi va sanksiyalar ta’sirini yo‘qotdi. 2022 va 2023 yillarda Yevropa Ittifoqi kemalari tomonidan tashilgan neftning umumiy hajmida eng katta ulush Rossiyaga to‘g‘ri keldi», deyiladi hujjatda.
Qayd etilishicha, energiya eksportidan tushgan daromadlar ulushi Rossiya federal budjeti umumiy daromadlarining uchdan bir qismini tashkil qilgan. 2022 yilda narxlarning yuqori chegarasi joriy qilinganidan so‘ng, Rossiyaning energiya eksportidan olgan daromadi urushdan oldingi darajaga nisbatan sezilarli darajada kamaydi, biroq 2023 yil birinchi yarmida tiklandi va 2022 yil noyabridan beri eng yuqori darajaga ko‘tarildi.
Rezolyutsiya mualliflari Rossiya neftini qazib olish xarajatlarini keltirib o‘tadi. Masalan, xom neft narxi (15$) belgilangan narx chegarasidan (60$) to‘rt baravar past, dizel yoqilg‘isi narxi 2,2 baravar past (20$ / 45$).
«Binobarin, joriy narx cheklovlari hali ham Putin rejimiga katta foyda olish uchun imkon bermoqda». 2023 yil mart oyidan beri Urals neftining bir barreli qariyb bir yarim baravar qimmatlashib, 70,5 dollarga yetdi.
Yevroparlament Yevropa Ittifoqi davlatlarini G7 bilan hamkorlikda Rossiya nefti va neft mahsulotlari narxidagi yuqori chegarani sezilarli darajada pasaytirish, Rossiyaning suyultirilgan tabiiy gazini Yevropa Ittifoqiga olib kirishga to‘liq taqiq joriy etish, shuningdek, Rossiyaning neft mahsulotlari importini taqiqlashga chaqirmoqda.
Bundan tashqari, parlamentariylar Yevropa Ittifoqini Rossiyaning barcha yirik neft kompaniyalari, «Gazprombank», ularning tuzilmalari va boshqaruviga qarshi sanksiyalar joriy etishga chaqirdi. Shu bilan birga, deputatlar Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga Rossiya va Belarus o‘g‘itlarini Yevropa Ittifoqiga import qilishda narx va hajm cheklovlarini joriy etishni taklif qilishdi.
Mavzuga oid
00:36
Rossiya BMTning Sudanda o‘t ochishni to‘xtatish rezolyutsiyasiga veto qo‘ydi
21:08 / 18.11.2024
Oq uy Ukrainaga AQSh qurollari bilan Rossiyaga zarba yo‘llashga ruxsat berilganini tasdiqlamadi
20:14 / 18.11.2024
Ukraina ATACMS bilan Rossiya hududlariga zarba berishi mumkin. Bu nimani o‘zgartiradi?
20:09 / 18.11.2024