O‘zbekiston | 18:55 / 27.01.2024
6975
3 daqiqa o‘qiladi

Senat raisi YeTTB prezidenti bilan uchrashdi

Tanzila Norboyeva va Odil Reno–Basso O‘zbekiston bilan YeTTB o‘rtasida amalga oshiriladigan qo‘shma tashabbuslarning yo‘nalishlarini muhokama qildi.

Foto: Telegram / tanzilanarbaeva

Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno–Basso bilan uchrashdi.

Unda O‘zbekiston bilan YeTTB o‘rtasida amalga oshiriladigan qo‘shma tashabbuslarning yo‘nalishlari muhokama qilindi.

«O‘zbekiston Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining beshta asosiy hamkori qatoridan joy oldi, yillik investitsiyalar hajmi bo‘yicha mamlakatimiz bankning Markaziy Osiyodagi eng yirik biznes sherigiga aylandi. Ushbu nufuzli moliyaviy tuzilma bilan hamkorlikda kelajakda amalga oshiriladigan loyihalarimiz ham salmoqli. Uchrashuvimiz yakunlari bo‘yicha hamkorlik istiqbollarini belgilab beradigan O‘zaro anglashuv memorandumini imzoladik. Hujjat ayollarning mehnat bozorida imkoniyatlarini kengaytirish, bandlik sohasida gender muvozanatiga erishish, kredit resurslaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish va moliyaviy mustaqillikni oshirishni ta’minlashni nazarda tutadi», dedi Tanzila Norboyeva uchrashuv yakunlariga izoh berib.

Shu bilan birga, Tanzila Norboyeva Londonga amaliy tashrif doirasida Buyuk Britaniya Jamoalar palatasi spikeri Lindsi Xoyl bilan uchrashib, hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.

«Muloqotimiz jarayonida shu narsaga amin bo‘ldimki, parlamentlararo munosabatlarni kengaytirish, savdo-iqtisodiy va mehnat munosabatlari sohalarida hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish borasida fikrlarimiz mushtarak. Lindsi Xoyl qonun ijodkorligi faoliyati va parlament nazorati yo‘nalishlarida o‘zaro tajriba almashish, amaliy aloqalarni yo‘lga qo‘yish kabi takliflarimizga hayrihohlik bildirdi. Iqtisodiy-ijtimoiy sohalarda mamlakatlarimiz manfaatlariga xizmat qiladigan loyihalarni amalga oshirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratdik», dedi Tanzila Norboyeva uchrashuv yakunlariga izoh berib.

Shuningdek, Tanzila Narbayeva  Buyuk Britaniya Parlamentining Lordlar palatasi spikeri Jon MakFoll bilan uchrashdi.

O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi siyosiy-diplomatik muloqotni kengaytirish, parlament diplomatiyasini faollashtirish, savdo-iqtisodiy aloqalarga yangi tus berish hamda madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish kabi masalalar muzokaraning asosini tashkil etdi.

Uchrashuv yakunida o‘tkazilgan muzokara va erishilgan kelishuvlar natijalaridan kelib chiqib, hamkorlik bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqishga kelishib olindi.

Mavzuga oid