O‘zbekiston | 09:56 / 14.02.2024
9482
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistondagi oliygohlar va ulardagi talabalar soni ma’lum qilindi

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonda 1,3 million nafardan oshiq talaba tahsil olmoqda.

Foto: Kun.uz

O‘zbekistonda 2023 yilda 7 ta yangi oliy ta’lim muassasasi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan va ularning soni jami 213 taga yetgan. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi axborot xizmati rahbari Nazokat Abduqunduzova xabar bergan.

Ma’lum qilinishicha, 213 ta OTMdan 116 tasi davlat, 67 tasi nodavlat, 30 tasi esa xorijiy oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi.

Hozirda 213 ta oliygohda 1 mln 300 ming nafardan oshiq talaba tahsil olib, bu ko‘rsatkich orqali yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasi 2022 yilgi 38 foizdan 42 foizga oshgan.

2023/2024 o‘quv yili uchun 48 ta davlat oliy ta’lim muassasasining 20 ta xorijiy mamlakat bilan hamkorlikdagi qo‘shma ta’lim dasturlari ekspertizadan o‘tkazildi. Ijobiy xulosa berilgan 289 ta qo‘shma ta’lim dasturi uchun 6 818 ta kvota kelishib berilgan.

Texnikumlarda grant o‘rinlar soni 22 368 taga yetkazilib, 2022/2023 o‘quv yiliga nisbatan 1,5 barobarga oshirildi. Akademik litsey bitiruvchilarining oliygohlarga o‘qishga kirish ko‘rsatkichi 90 foizga yetdi.

Avvalroq, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi oltita xususiy OTMning litsenziyasini bekor qilish bo‘yicha sudga ariza bergani va ulardan beshtasining tegishli litsenziyasi sud qaroriga ko‘ra bekor qilingani, 1 ta nodavlat OTMning litsenziyasini bekor qilish bo‘yicha sud jarayoni davom etayotgani haqida xabar berilgandi.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi litsenziyasi bekor qilingan OTM talabalarining o‘qishi ularning arizasiga asosan belgilangan tartibda boshqa oliygohlarga ko‘chirilishi ta’minlanishini aytib chiqdi.

Mavzuga oid