Fan-texnika | 23:05 / 16.02.2024
43645
2 daqiqa o‘qiladi

Apple egiluvchan ekranli iPhone ishlab chiqarish loyihasini to‘xtatdi

Bunga nosoz ekran sabab bo‘lgani aytilmoqda. Apple ishonchli ekran ishlab chiqilgunga qadar loyihani kechiktiradi.

Foto: AP

Apple sinovdagi qurilma muvaffaqiyatsizlikka uchragach, buklanadigan iPhone ishlab chiqish loyihasini kechiktirdi. Bu haqda MacRumors portali Fixed Focus Digital insayderiga tayanib xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, sinovdagi qurilma ekrani bir necha kunlik sinovlardan so‘ng muvaffaqiyatsizlikka uchragan va bu Apple kompaniyasini loyihani o‘z standartlariga mos keladigan displey ishlab chiqilgunga qadar kechiktirishga majbur qilgan.

Mish-mishlarga ko‘ra, Apple 2016 yildan beri egiluvchan displeyli iPhone ishlab chiqarishga urinmoqda. Shu vaqt ichida kompaniya Samsung va LG ekranlarini sinovdan o‘tkazdi. Bundan tashqari, avvalroq Apple bir vaqtning o‘zida «raskladushka» formatidagi ikkita iPhone prototipi ustida ishlayotgani xabar qilingan edi.

Yangi ma’lumotlar qandaydir tarzda bukiluvchan iPad ishlab chiqarish bilan bog‘liqmi yoki yo‘qmi noma’lum. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Apple buklanadigan planshetni yaratishdan ko‘proq manfaatdor, chunki bunday qurilmaga qo‘yiladigan talablar iPhone smartfoniga nisbatan pastroq bo‘ladi.

Avvalroq, The Elec nashri Apple o‘zining 7-8 dyuym ekranli birinchi bukiladigan qurilmasini chiqarishni ko‘rib chiqayotgani haqida xabar bergan edi. Oxir-oqibat u iPad mini o‘rnini bosishi mumkin.

Mavzuga oid