Jahon | 08:22 / 18.04.2024
3531
3 daqiqa o‘qiladi

YeI davlatlari Eronga qarshi yangi sanksiyalar bo‘yicha kelishib oldi

Eronga qarshi yangi sanksiyalar «dron va raketalar bilan bog‘liq» bo‘ladi. Yevropa Ittifoqi Eron va Isroilni maksimal darajada vazminlikka chaqirdi.

Foto: AP / Vahid Salemi

Yevropa Ittifoqi davlat va hukumat rahbarlari Bryusseldagi sammitda Isroilga hujumi uchun Eronga qarshi sanksiyalarni kengaytirishga kelishib oldi. «Biz Eronga qarshi qo‘shimcha sanksiyalar joriy etishga qaror qildik, bu biz yubormoqchi bo‘lgan aniq signaldir», dedi 18 aprel, payshanbaga o‘tar kechasi Yevropa kengashi raisi. Uning ta’kidlashicha, Eron xalqaro izolyatsiyaga tushib qolishi kerak.

«Yevropa kengashi Eronning Isroilga hujumini qat’iy va so‘zsiz qoralaydi hamda Isroil xalqi bilan to‘liq birdamligini, Isroilning mintaqadagi xavfsizligi va barqarorligiga sodiqligini tasdiqlaydi», deyiladi yig‘ilishning birinchi kuni yakunida qabul qilingan deklaratsiyada. Hujjatga ko‘ra, cheklov choralari «dron va raketalarga ham tegishli» bo‘ladi. Mishel hali yangi sanksiyalar tafsilotlarini aniqlashtirmadi.

YeI Isroil va Eronni maksimal darajada vazminlikka chaqirdi

Yevropa Ittifoqi mamlakatlari yetakchilari mojaroning barcha tomonlarini maksimal darajada vazminlik ko‘rsatishga chaqirdi. «Yevropa kengashi Eron va uning ishonchli vakillarini har qanday hujumlarni to‘xtatishga, shuningdek, barcha tomonlarni maksimal darajada vazminlikka va mintaqadagi keskinlikni kuchaytiruvchi har qanday harakatlardan tiyilishga chaqiradi», deyiladi yakuniy bayonotda.

Avvalroq Germaniya kansleri Olaf Shols Isroilni Eronga javoban ommaviy hujumdan tiyilishga, Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok vazminlikka chaqirgan edi. 

Eronning Isroilga hujumi

14 aprelga o‘tar kechasi Eron Isroilga havodan katta hujum uyushtirdi. Isroil mudofaa kuchlari ma’lumotlariga ko‘ra, 170 ta dron, 120 dan ortiq ballistik raketalar va 30 dan ortiq qanotli raketalar mamlakatga hujum qilishga uringan, biroq Isroil va uning ittifoqchilari ularning 99 foizini, aksariyatini - mamlakat tashqarisida urib tushirishga muvaffaq bo‘lgan. Faqat bir nechta raketa Isroil hududiga yetib bordi, janubdagi aviabazaga tushib, «kichik zarar» keltirdi», deyiladi TsAHAL xabarida.

Erondan tashqari, Isroilga hujumlar Yaman husiychilari, shuningdek, Iroq hududidan eronparast guruhlar tomonidan amalga oshirilgan. 

10 aprel kuni Tehron Isroilga Suriya poytaxti Damashqdagi Eron konsulligi binosiga uyushtirilgan hujum uchun javob qaytarish bilan tahdid qilgan edi. Hujum oqibatida Islom inqilobi muhofizlari korpusining yetti nafar a’zosi, jumladan, ikki general halok bo‘ldi. Shundan so‘ng Eronning oliy yetakchisi Oyatulloh Ali Xomanaiy «sionistik rejim jazolanishini» aytdi. 

Mavzuga oid