Jahon | 11:51 / 02.08.2024
6186
3 daqiqa o‘qiladi

O‘ldirilgan chechenistonlikning qarindoshlari Krasikov Rossiyaga topshirilganidan norozi

Germaniyada Zelimxon Xanqoshvilini o‘ldirganlikda ayblanib, umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan «FSB» xodimi Vadim Krasikov Rossiya Federatsiyasi va G‘arb o‘rtasidagi keng ko‘lamli mahbus almashinuvi doirasida Moskvaga topshirildi.

Foto: AP

Berlinda o‘ldirilgan chechenistonlik sobiq dala qo‘mondoni Zelimxon Xanqoshvilining yaqinlari jinoyatchi, Federal xavfsizlik xizmati xodimi ekani aytilayotgan Vadim Krasikov Rossiyaga topshirilgani haqidagi xabarni norozilik bilan qarshi oldi. «Qotillik sodir etilganiga hatto besh yil ham bo‘lgani yo‘q va yollangan qotil yana ozodlikka chiqdi», dedi qurbonning Germaniyada yashovchi qarindoshlari 1 avgust, payshanba kuni advokati Ingu Shuls orqali. 

Umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan Krasikovning Rossiya tomoniga topshirilishi «biz uchun falokatli xabar bo‘ldi», deyiladi Xanqoshvilining qarindoshlari bayonotida. «Bir tomondan, kimningdir hayoti saqlab qolinganidan xursandmiz. Shu bilan birga, dunyoda qonun yo‘qdek tuyulganidan juda xafamiz, hatto qonun oliy hokimiyat bo‘lgan mamlakatlarda ham», - deya davom etadi ular.

Berlin: Krasikovni Rossiyaga topshirish qiyin qaror bo‘ldi 

Germaniya hukumati 1 avgust, payshanba kuni Rossiya Federatsiyasi va G‘arb o‘rtasidagi yirik mahbus almashinuvi doirasida qotil Vadim Krasikovni Rossiyaga topshirish oson qaror bo‘lmaganini tan oldi. Berlin Rossiyada noqonuniy qamoq jazosiga hukm qilingan 15 kishini va Belarusda avvalroq o‘lim jazosiga hukm qilingan bir Germaniya fuqarosini ozod qilishga erishilganini ta’kidladi. 

Rasmiy Berlin Rossiya va Belarus hukumatini nohaq sudlangan barcha siyosiy mahbuslarni ozod qilishga chaqirdi. «Biz Rossiya Federatsiyasida Ukrainaga qarshi tajovuzkor urush haqida o‘z fikrlarini va haqiqatni aytgani uchun hali ham qamoqda o‘tirganlarning barchasiga qo‘llab-quvvatlov bildiramiz», deb ta’kidladi Xebeshtrayt. 

Rossiya va G‘arb o‘rtasida mahbuslar almashinuvi 

1 avgust, payshanba kuni Anqara aeroportida Rossiya, Belarus va G‘arb davlatlari o‘rtasida mahbuslar almashinuvi bo‘lib o‘tganini Turkiya rasmiylari tasdiqladi. Turkiya ommaviy axborot vositalari jarayondan olingan tasvirlarni namoyish qilgan va unda 26 kishi ishtirok etganini xabar bergan. 

Berlinda chechenistonlikning o‘ldirilishi 

Rossiya tomonidan terrorizmda ayblanib qidiruvga berilgan Zelimxon Xanqoshvili 2019 yilning 23 avgust kuni Berlindagi Kichik Tirgarten bog‘ida otib o‘ldirilgan. Vadim Krasikov Vadim Sokolov nomiga yozilgan hujjatlar bilan o‘sha kuni qo‘lga olindi. 

Sud jarayoni 2020 yil oktyabr oyida boshlangan va bir yildan ortiq davom etgan. 2021 yil dekabr oyida Krasikov umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi. Berlin Oliy yer sudi prokurorning Krasikov ushbu qotillikni Rossiya rasmiylari ko‘rsatmasi bilan sodir etganligi haqidagi da’vosini isbotlangan deb hisobladi. 

Mavzuga oid