O‘zbekiston | 18:40 / 19.01.2018
24284
2 daqiqa o‘qiladi

Ichki ishlar xodimlarining mas'uliyatsizligi tufayli fuqaro «jinoyatchi»ga chiqarildi

Ikki farzandning otasi, oilasi bilan tinch-totuv yashab kelayotgan Kasbi tumanilik Sherzod Xoliyorov (ism va familiyasi o‘zgartirilgan) geologiya-qidiruv ishlari bilan shug‘ullanadigan korxonaga ishga kirmoqchi bo‘lib, murojaat qilganida uning hujjatlari tekshirib ko‘rildi, deb yozmoqda «Xalq so‘zi» nashri.

Kutilmaganda mazkur korxona mutasaddilari uning muqaddam sudlanganligini aytib qolishdi. Buni eshitib, Sherzod esankirab qoldi. Bu ham yetmaganday, tegishli organlardan bu holatga aniqlik kiritishda amaliy yordam so‘rab qilgan murojaatlari hech qanday natija bermadi.

Oylab cho‘zilgan sarsongarchilik va haq-huquqining poymol etilishi Sherzodning sog‘lig‘iga jiddiy ta'sir o‘tkazdi. Nihoyat u O‘zbekiston Respublikasi prezidentining Qashqadaryo viloyati Xalq qabulxonasiga murojaat qildi. Aniqlanishicha, bunga ichki ishlar xodimlarining oddiy e'tiborsizligi va mas'uliyatsizligi sabab bo‘lgan ekan. Uning ism-familiyasi, hatto, otasining ismi bilan bir xil bo‘lgan boshqa bir fuqaro bilan chalkashtirib yuborilgan. O‘sha fuqaro esa 2011 yilda yo‘l-transport hodisasi sodir etganligi uchun transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilinib, 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan ekan. 2016 yilda esa farzandiga aliment to‘lashdan bo‘yin tovlagani uchun yana qamoq jazosiga hukm qilingan. Qizig‘i shundaki, haqiqiy jinoyatchi Kasbida emas, Qarshi tumanida yashaydi. Ularning yoshi va tug‘ilgan yili ham bir-biriga to‘g‘ri kelmaydi. 

Ichki ishlar idorasidagi bu chalkashlikni oddiygina qilib “anglashilmovchilik bo‘libdi” deb qo‘ya qolishdi. Lekin birgina murojaat bilan aniqlanishi mumkin bo‘lgan ushbu anglashilmovchilik uchun bir begunoh fuqaro uch oy ovora bo‘lib, Xalq qabulxonasining aralashuvi bilangina o‘z haq-huquqini tikladi. Qolaversa, ishsiz ham qoldi. 

Mavzuga oid