SSV: Parijda O‘zbekistonning kardiologiya sohasidagi yutuqlari e’tirof etildi
Shu kunlarda dunyoning 120 davlatidan borgan 5 mingdan ziyod eng malakali kardiologlar Fransiyada. Pandemiya davridagi ikki yillik tanaffusdan so‘ng ular Parij shahrida yana to‘planishdi.
17 may kuni Fransiyada EuroPCR 2022 jahon kardiologlari an’naviy kongressi boshlandi. Unda O‘zbekistondan borgan yetakchi mutaxassislar delegatsiyasi ham ishtirok etmoqda.
«Kongressda muhokama etilayotgan mavzular xilma-xil. Ammo barchasi yurak-qon tomir tizimi kasalliklariga chalingan bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatishning yangi imkoniyatlarini qidirish, tibbiy va klinik amaliyotga ilg‘or yutuqlar va innovatsion metodlarni joriy qilish masalalariga bag‘ishlangan.
Yana ham aniqrog‘i, jahon kardiologlari o‘tkir miokard infarkti, koronar arteriya, orttirilgan yurak nuqsonlari va shu singari boshqa xavfli kasalliklarning oldini olish hamda ularni davolash bo‘yicha fikr va tajriba almashmoqda», deyiladi SSV matbuot xizmati xabarida.
Ma’ruzalar sohada olib borilgan so‘nggi ilmiy tadqiqotlar natijalariga asoslangani, bu esa ishtirokchilar uchun ilm-fan yutuqlaridan yanada kengroq bahramand bo‘lish va ularni ommalashtirish uchun ajoyib imkoniyatligi qayd etilgan.
EuroPCR 2022 bu gal 300 dan ortiq ilmiy-amaliy sessiyalarni o‘z ichiga olgan. Shuningdek, kongress doirasida jahondagi yetakchi klinikalarning angiokardiografik laboratoriyalarida bajarilayotgan noyob operatsiyalardan jonli translatsiyalar namoyish etilmoqda.
Tadbirda O‘zbekistondan 11 nafar mutaxassis qatnashmoqda. Qayd etilishicha, ularning barchasi mamlakatda nom qozongan kuchli kardiologlar. Ular o‘z chiqishlarida tibbiyotning mazkur yo‘nalishida keyingi yillarda O‘zbekistonda erishilgan ilg‘or yutuq va tajribalarni dunyodagi hamkasblari bilan o‘rtoqlashmoqda.
«Ma’lumki, yurak-qon tomir sohasidagi an’anaviy jarrohlik amaliyotlari ochiq operatsiyalarni o‘z ichiga oladi. Bugungi ilm-fan yutuqlari esa bemorlarni endovaskulyar, kam invaziv usullar yordamida, kateter orqali, narkozsiz, og‘riqsiz davolash imkonini berayotgani sir emas.
Mamlakatimizda ham bugun 50 ga yaqin zamonaviy angiografik uskunalar mavjud. Bu esa nafaqat poytaxtimiz, balki hududlarda ham shunday murakkab yuqori texnologik muolajalarni amalga oshirishga zamin yaratmoqda. Natijada bemorlar og‘ir asoratlarsiz qisqa muddatda sog‘ayib oilasi bag‘riga qaytmoqda. Qolaversa, nogironlikning oldi olinyapti.
Eng muhimi, bunday imkoniyatlar tufayli yurtdoshlarimizning kardiologiya, kardioxirurgiya sohasida avvalgidek ilg‘or xorijiy davlatlarga borib davolanishiga mutlaqo ehtiyoj qolmadi. Kongressda O‘zbekistonning bu yo‘nalishdagi muvaffaqiyatlari jahon kardiologlari tomonidan e’tirof etildi», deydi kongress ishtirokchisi, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori, professor Doniyor Alimov.
EuroPCR 2022 o‘z ishini davom ettirmoqda.
Mavzuga oid
18:00 / 09.11.2021
Prezident: Kasallikni qisqartirish bilan kambag‘allikni qisqartirish bevosita bog‘liq
17:28 / 09.11.2021
Tibbiyotning birlamchi bo‘g‘iniga ajratiladigan mablag‘lar ikki barobarga oshiriladi – Shavkat Mirziyoyev
18:08 / 29.08.2019
Xorijda faoliyat yuritgan kardioxirurgiya sohasidagi tajribali mutaxassislar hududlardagi muassasalarda xizmat qilishmoqda
09:40 / 11.06.2019