Sport | 16:18 / 29.03.2017
5684
2 daqiqa o‘qiladi

Angliyalik futbolchi mundialda qatnashish uchun go‘sht yeyishdan voz kechmoqchi

«Sanderlend» hujumchisi Jyermeyn Defo Angliya terma jamoasi safida 2018 yilgi jahon chempionatida ishtirok etish uchun vegetarian bo‘lishga tayyor.

Oktyabr oyida 34 yoshga to‘ladigan Defo 3,5 yillik tanaffusdan keyin terma jamoaga qaytgan. U angliyaliklarning JCh-2018 saralashi doirasida Litvaga qarshi kechgan va 2:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlangan uchrashuvida ishtirok etib, gollardan biriga mualliflik qildi. U vegetarianlik unga terma jamoa talabiga javob beruvchi sport formasini saqlab turishni ta'minlaydi deb hisoblamoqda.

Defo uzoq vaqtdan beri alkogoldan voz kechish harakati (teetotalism) tarafdori hisoblanadi, krioterapiya (tanani sovuq suvda chiniqtirish) targ‘iboti hamda yoga bilan shug‘ullanadi. Ushbu futbolchi o‘z muvaffaqiyatlari sababini shu tanlovlari bilan bog‘laydi. Uning aytishicha, bu g‘oyani unga sevgan qizi taklif etgan. 

«Endi men o‘z tanamni yaxshi his qilaman. Har bir futbolchi o‘yindan oldin o‘zini bardam his etishni istaydi, bundan yoqimliroq hissiyot bo‘lmaydi. Shu tufayli men krioterapiya, massaj, to‘g‘ri ovqatlanish va vegetarianlikni to‘g‘ri yo‘l deb bilaman. Kulishingiz mumkin – men onamnikiga mehmon bo‘lib borganimda u stolga go‘shtning barcha xilini tortib qo‘yadi», - degan Defo Skysports efirida.

Mavzuga oid