Sport | 12:54 / 09.10.2017
10141
7 daqiqa o‘qiladi

Mundialning yangi ishtirokchilari va bortdan tashqarida qolganlar

Yakshanba oqshomida 2018 yilgi jahon chempionati saralashi o‘yinlari davom ettirildi. Yevropada jahon chempionatining yana bir ishtirokchisi aniqlandi. Varshavada Polsha Chernogoriyani 4:2 hisobida g‘alaba qozonib, mundialga chiqdi. O‘yinning 85-daqiqasida Robert Levandovski yana gol urdi va Yevropa saralash mintaqasida urilgan gollar soni bo‘yicha rekord o‘rnatdi (16 gol). Afrika mintaqasida esa Misr Kongoni mag‘lub etib, muddatidan avval mundial yo‘llanmasini hal qildi.

C guruhi
Germaniya rekord o‘rnatdi

Germaniya – Ozarboyjon – 5:1 (Goretska, 8, 66. Vagner, 54. Ryudiger, 64. Emre Jan, 81 – Sheydayev, 34).

Mundial yo‘llanmasini avvalgi turda naqd qilib bo‘lgan nemislar yarim zaxira tarkibi bilan Ozarboyjonni yirik hisobda mag‘lub etdi.

Germaniya terma jamoasi 2016 yilning mayidan buyon o‘z maydonida ilk marta gol o‘tkazdi. Nemislarning 7 o‘yindan iborat «quruq» seriyasini Ramil Sheydayev to‘xtatdi

Shu bilan birga Germaniya JCh saralashi doirasida qatorasiga 16-uchrashuvda g‘alaba qozondi.

Norvegiya – Shimoliy Irlandiya – 1:0 (Brant, 71, avtogol). 
Chexiya – San-Marino – 5:0 (Krmenchik, 8, 23. Kopits, 27. Novak, 71. Kadlets, 83).

Bu guruhdagi uchrashuvlar amalda hech narsani hal qilmas edi. Chexlar ikkinchi tarkibi bilan San-Marino ustidan osonlik bilan g‘alaba qozondi, ammo chexlar bu natijadan keyin uchinchi o‘rindan ko‘tarilmadi. Shimoliy Irlandiya ham Norvegiyaga qarshi o‘yindan oldin pley-offga chiqib bo‘lganini bilar edi va bu o‘yinda ham intriga yo‘q edi.

E guruhi
Levandovski rekordni yangiladi

Daniya – Ruminiya – 1:1 (Eriksen, 59, penalti – Deak, 88). Chetlatish: Ganea (Ruminiya), 63.

Polyaklar bu guruhda birinchi o‘rinni egallashiga hech kimda shubha yo‘q edi. Oxirgi turda chernogoriyaliklarga qarshi durang natija ham mezbonlarning birinchi o‘rinda qolishini ta'minlardi. Lekin ma'lum bo‘lishicha, agar polyaklar mag‘lubiyatga uchraganida ham hech narsa o‘zgarmas ekan, daniyaliklar o‘z maydonida Ruminiyani yenga olmadi. Holbuki, skandinavlar ikkinchi bo‘lim o‘rtalaridan bir kishi ko‘p bo‘lib harakat qildi.

Daniyaliklar bu durangdan keyin ochkolari sonini 20taga yetkazdi va o‘tish o‘yinlarida qatnashadigan bo‘ldi.

Polsha – Chernogoriya – 4:2 (Machinski, 6. Groshchitski, 16. Levandovski, 85. Stoykovich, 87, avtogol – Mugosha, 78. Tomashevich, 83).

Polsha jahon chempionatining 14-ishtirokchisiga aylandi. Levandovski jamoadoshlari bilan bu saralash bosqichida 10 o‘yinda 8 g‘alabaga erishdi, 1 durang va 1 mag‘lubiyat qayd etildi. 

Oxirgi tur o‘yinida chernogoriyaliklarda nazariy jihatdan o‘tish o‘yinlarida qatnashish uchun imkoniyat saqlanib qolgandi va ikkinchi bo‘limda jamoa katta kuch bilan oldinga tashlandi.

Ammo yakunda Levandovski yakuniy hisobni o‘rnatdi - 4:2. Polsha Rossiyaga boradi. Bu polyaklar uchun sakkizinchi jahon chempionati bo‘ladi.

Qozog‘iston – Armaniston – 1:1 (Turisbek, 61 – Mxitaryan, 26).

Armaniston bu saralash bosqichini juda yomon o‘tkazdi. Mxitaryan va jamoadoshlari guruh autsayderi ustidan ham g‘alaba qozona olmadi. JCh-2014 saralashida bu tera jamoa 13 ochko olib, ikkinchi o‘rindagi jamoadan 3 ochkolik farq bilan uchinchi o‘rinda qolgandi. Bu safar esa 10 o‘yinda faqat 2 g‘alaba va 7 ochko bilan beshinchi o‘rin.

F guruhi
Shotlandlar armiyasi halokati

Sloveniya – Shotlandiya – 2:2 (Bezyak, 52, 72 – Griffits, 32. Snodgrass, 88). Chetlatish: Tsesar, 90+2 (Sloveniya). 

Oxirgi tur oldidan guruhda ikkinchi o‘rinda bo‘lgan Shotlandiya Lyublyanada g‘alaba qozona olmadi va o‘tish o‘yinlarida qatnashish imkoniyatini qo‘ldan chiqardi. Avvaliga ishlar yaxshi ketayotgandi, Griffits birinchi bo‘limda shotlandlarni oldinga boshladi. Ammo ikkinchi bo‘lim mezbonlar ustunligida o‘tib, ular ikki gol urishdi. O‘yin oxirida Snodgrass tomonidan urilgan ikkinchi gol shotlandlarga yordam bera olmadi. Ular yana jahon chempionatidan qolib ketishdi.

Shotlandiyadagilar aybdorni topishdi, bu pushtirang futbolkalar.

Slovakiya – Malta – 3:0 (Nemets, 33, 62. Duda, 69).

Sloveniyaning qo‘llashi slovaklarga yordam bermasligi mumkin. Maltani yirik hisobda mag‘lub etgan slovaklar 2-o‘ringa ko‘tarilib olishdi lekin bu jamoa qo‘shimcha ko‘rsatkichlar pastligi tufayli pley-offda ishtirok eta olmasligi haqiqatga yaqinroq. 

Litva – Angliya – 0:1 (Keyn, 27, penalti).

«Uni to‘xtatishning yagona yo‘li – shunchaki uni stadionga qo‘ymaslik», – deya hazillashgandi Litva bosh murabbiyi Edgaras Yankauskas o‘yindan oldin o‘tkazilgan matbuot anjumanida. Ammo Boltiq bo‘yidagi davlat terma jamoasi Keynni stadionga kirishdan to‘xtata olmadi, ularning baxtiga qarshi inglizlar murabbiyi uni maydonga tushirdi va Keyn fantastik golli seriyasini davom ettirdi.

Angliya jahon chempionati uchun saralash bosqichlarida 21 uchrashuvni mag‘lubiyatsiz o‘tkazib, o‘z rekordini takrorladi.

Afrikadan ikkinchi yo‘llanma. 28 yilda ilk marta

Misr — Kongo 2:1 (0:0)
Gollar: Saloh (63, 90+5, penalti) — Buka (87).

Misr terma jamoasi JCh-2018 saralash bosqichi doirasidagi 5-turda Kongo terma jamoasidan ustun keldi (2:1). Muhammad Salohning dubli jamoaga yo‘llanmani taqdim etdi. Ayniqsa Saloh 95-daqiqada kiritgan goli bilan millat qahramoniga aylandi va terma jamoasini Rossiyada bo‘lib o‘tadigan JCh-2018 yo‘llanmasini naqd qilib qo‘yishida bosh rolni o‘ynadi.

Bu misrliklar uchun uchinchi marta mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritilishi bo‘ldi. Shuningdek terma jamoa so‘nggi 28 yilda ilk marta jahon chempionatida ishtirok etadigan bo‘ldi. Guruhda misrliklar 5 uchrashuvda 12 ochko to‘pladi. Kutilmagan natija sifatida esa Gana terma jamoasining yo‘llanmani qo‘lga kirita olmaganini ko‘rsatib o‘tish mumkin.

Mavzuga oid