Jamiyat | 14:30 / 20.12.2017
56934
2 daqiqa o‘qiladi

Taniqli xonanda Hojiakbar Rahmatov vafot etdi

Foto: Madaniyat vazirligi

Taniqli xonanda va “Shuhrat” medali sohibi Hojiakbar Rahmatov olamdan o‘tdi. Xonanda shu kunga qadar O‘zbekiston badiiy jamoalari ijodiy birlashmasining “Navbahor” ashula va raqs ansambli oliy toifali xonandasi sifatida faoliyat yuritgan, deb xabar bermoqda Madaniyat vazirligi axborot xizmati.
 
Uning aksariyat qo‘shiqlari ona-vatanga, zaminga muhabbat, o‘sib kelayotgan yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga bag‘ishlangan. Faoliyati davomida Malayziya, Turkiya, Hindiston, Ukraina, Germaniya mamlakatlarida “O‘zbekiston madaniyati va san'ati kunlari” gastrol safarlarida bo‘lib, o‘zbek san'atini jahon xalqlariga yaqindan tanishtirgan.  U ijro etgan “Zilolikda”, “Sochingni mayda o‘rgin”, “Eshigingni bilmay ochdim”, “Zebo qiz” qo‘shiqlari el orasida mashhur edi.

Hojiakbar Rahmatov ansambldagi faoliyatida ustoz san'atkor sifatida san'atni rivojlantirish, yosh xonandalarning professional mahorati va tajribasini oshirish bilan birga ona yurtga muhabbat ruhida tarbiyalash, ularning iste'dodlarini rivojlantirish borasida talabchanlik va jonkuyarlik bilan mehnat qilgan. 

KUN.UZ tahririyati marhumning oila a'zolari va yaqinlariga chuqur ta'ziya bildiradi.

Mavzuga oid