O‘zbekiston | 00:10 / 24.02.2018
117538
3 daqiqa o‘qiladi

«Avtotest» monopoliyasi bekor qilindi

Endi O‘zbekistonda haydovchilarni tayyorlash va malakasini oshirish faoliyati bilan shug‘ullanish huquqi belgilangan talablarga javob beradigan barcha xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga beriladi. Adliya vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, 23 fevral kuni qabul qilingan hukumat qarori bilan «Avtotest»ning bu boradagi monopol huquqi bekor qilindi.

Hujjatda mamlakatimizda yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlashga qaratilgan choralarga qaramasdan hali hanuz bu borada haydovchilar va yo‘lovchilar xavfsizligini ta'minlashni natijadorligini yaxshi emasligi qayd etilgan.

Haydovchilarni malakasini oshirish Hukumatning yo‘l harakati xavfsizligiga oid strategik chora-tadbirlarining bir qismi hisoblanishi ta'kidlangan.

«Avtotest Report» MChJning avtotransport vositalari haydovchilarini tayyorlash va qayta tayyorlash bo‘yicha erishgan yutuqlari, uning zamonaviy o‘quv-uslubiy texnologiyalardan foydalanilayotganligi va imkoniyatlaridan kelib chiqib, ushbu qaror bilan yuridik shaxslarga tegishli avtotransport vositalarining haydovchilarini malakasini oshirish uning zimmasiga yuklatilgan edi. Buni davlat-xususiy sherikchilikning o‘ziga xos ko‘rinishi sifatida baholash mumkin.

«Avtotest Report» MChJ tajribasi, xususiy biznes tashkilotlari ham bu borada sifatli xizmatlar ko‘rsatishi mumkinligini va sohani rivojlantirish uchun navbatdagi qadamni qo‘yish vaqti kelganligini ko‘rsatdi.

Hukumat tomonidan kiritilgan takliflar va «Avtotest Report» MChJ tajribasi inobatga olinib, 23 fevraldagi qaror bilan yuridik shaxslarga tegishli avtotransport vositalarining haydovchilarini malakasini oshirish bilan 2018 yil 1 iyundan boshlab davlat ta'lim muassasalari, shuningdek, nodavlat ta'lim muassasalari faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyaga ega bo‘lgan boshqa yuridik shaxslar tomonidan ham amalga oshirilishi belgilandi», deyiladi xabarda.

Shuni ta'kidlash kerakki, haydovchilarning yetarli bilim va malakaga ega bo‘lishi nafaqat o‘zlari uchun balki barcha fuqarolarning xavfsizligi uchun nihoyatda muhim. Shu bois, haydovchilarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bilan bog‘liq yo‘nalishlar bo‘yicha nodavlat ta'lim muassasalarining faoliyatini litsenziyalash uchun qo‘shimcha litsenziya talablari hamda shartlari o‘rnatildi.

Bundan tashqari, qaror bilan avtotransport vositalarini qisqa muddatli ijara (prokat) va lizing asosida boshqarayotgan yakka tartibdagi tadbirkorlar va boshqa jismoniy shaxslarga malaka oshirish majburiy emasligi belgilab qo‘yilgan.

Bundan avvalroq avtotransport vositalari haydovchilarini tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha «Avtotest»ning monopol huquqlarini bekor qilish bo‘yicha hukumat qarori loyihasi tayyorlanayotgani haqida xabar berilgandi.

Shuningdek, fevral oyi boshida Oliy Majlis deputatlari hukumatga «Avtotest» masalasi bo‘yicha so‘rov kiritishi ma'lum qilingandi.

Mavzuga oid