Jahon | 20:43 / 19.05.2018
12879
2 daqiqa o‘qiladi

Grozniyda cherkovga hujum qilgan jangarilar yo‘q qilindi 

Foto: Sayd-Xuseyn Tsarnayev / Kommersant'

Checheniston poytaxti Grozniyda Arxangel Mixail cherkoviga ibodatga kelganlarni garovga olishga urinish vaqtida 4 jangari yo‘q qilindi. Bu haqda respublika rahbari Ramzon Qodirov ma'lum qildi. 

“Jangarilar cherkovga dindorlarni qo‘lga olish uchun bostirib kirgan. Zudlik bilan o‘tkazilgan maxsus amaliyot natijasida barcha 4 jangari yo‘q qilingan. Jangarilar buyruqni g‘arb davlatlaridan biridan olgani haqida tezkor ma'lumot bor”, deb aytgan Qodirov. 

Qodirov voqea joyiga tashrif buyurib, “amaliyotning borishini shaxsan o‘zi nazorat qilgan”. Ta'kidlanishicha, amaliyot bir necha daqiqagina davom etgan. “Ayni vaqtda yo‘q qilingan jangarilarning shaxsini o‘rganish bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda, voqea joyi o‘rab olingan”, deb qo‘shimcha qilgan Qodirov.

Huquq-tartibot idoralari vakilining ma'lum qilishicha, hujum oqibatida 2 politsiya va dindor deb taxmin qilingan bir kishi halok bo‘lgan. Yana 2 politsiyachi jarohat olgan. Ta'kidlanishicha, jangarilar 10 ta yonuvchi aralashmali butilka, ikki stvolli qirqma miltiq bilan qurollangan bo‘lgan. Ularda, shuningdek, to‘pponchalar, pichoqlar va kichik boltachalar bo‘lgan. 

Ma'lum qilinishicha, jangarilar 5 kishi bo‘lgan bo‘lishi mumkin, chunki cherkov ruhoniysi jangarilar qurboni deb taxmin qilinayotgan kishini tanimagan. Bundan esa bu kishi ham jangari bo‘lishi mumkinligi kelib chiqmoqda.  

 

Mavzuga oid