Jamiyat | 21:05 / 01.06.2018
26045
15 daqiqa o‘qiladi

Mirzacho‘lning qayta “tug‘ilishi” (fotojamlanma)

Bundan  sal kam 70 yil avval O‘zbekiston qumliklari o‘rnida yangidan yangi posyolkalar, qishloqlar, aholi uchun zarur uy-joy massivlari qurish, odamlarni ish bilan ta'minlash, yashash uchun sharoit yaratish maqsadida cho‘lu biyobonlar o‘zlashtirildi. Ming mashaqqatlar bilan suv keltirildi. Binolar qurildi, zamonaviy inshootlar, birinchi galda, ijtimoiy-madaniy, maishiy obektlar tez fursatda barpo etildi. Jizzax viloyatining Mirzacho‘l tumanida ham bu kabi keng ko‘lamli ishlar olib borilib nafaqat respublikamizdan balki qo‘shni qardosh davlatlardan ham birodarlarimiz yordamga kelishdi. Keyinchalik bu go‘zal go‘shalarda muqim yashab qolishdi. Ko‘p millatli Mirzacho‘l tumani ahli yillar davomida og‘a-ini, quda-anda, qarindosh-urug‘ bo‘lib istiqomat qilib kelishadi.

Biroq o‘tayotgan yillar o‘z ta'sirini hududga ko‘rsatmay qolmadi. Chunki qurilgan inshootlar, binolar 70 yil davomida eskirib nurab bordi. Achinarlisi, o‘sha davrda quruvchi va ishchilar uchun vaqtincha qurib berilgan barak uylar yangilanmay qoldi. Oddiy yog‘ochlardan bir-biriga qalashtirib qurilgan, poydevori ham bir necha yillargagina mo‘ljallangan uy odamlarga doimiy boshpana vazifasini o‘tadi. 80-yillar oxirida uylar asta-sekin nuray boshladi. Yuqoriga qilingan murojaat faqat “kutib turinglar”, degan javob bilan yakunlanaverdi.

 

Shukurki, tuman ahlining ko‘ksidagi og‘riq barham topdi. Yurtboshimizning 2018 yil mart oyida qishloq aholi punktlarining me'moriy qiyofasini tubdan yangilash, hududlarni kompleks rivojlantirish, yo‘l-transport infratuzilmasi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va ijtimoiy soha obektlarini barpo etish hamda shu asosda aholining turmush madaniyatini yuksaltirish maqsadida “Obod qishloq” dasturi to‘g‘risidagi farmoni va qarorining qabul qilinishi Mirzacho‘l tumanida uzoq yillardan beri to‘planib qolgan muammolarga yechim topdi. Qarorga ko‘ra, birinchi galda, Maxsus komissiya tuzildi. Ushbu tarkibga 30ga yaqin tashkilotdan kiritilgan mansabdor shaxslar, sektorlar rahbarlari, jamoatchilik vakillaridan iborat komissiya a'zolari mavjud holatni to‘la va atroflicha o‘rgangan holda vaziyatni tubdan yaxshilash maqsadida mahalliy yo‘l xaritasi tuzildi va vazifalar belgilandi.

Komissiyaning tuzilishi esa xalq qalbiga quloq solish, ularning muammolarini hal etishda amaliy yordam berish, xalqning talab va istaklari asosida ishlash prinsiplarini hayotimizda chuqur joriy qilishga qat'iyat bilan harakat qilinayotgani amalda quchoq ochib xalq ichiga borish, uning armonlarini ushaltirish, orzularini ro‘yobga chiqarishdek ulug‘ maqsadga qaratilgan. Ular mazkur vazifalarni amalga oshirish uchun “G‘alaba” mahallasidagi 17 ko‘chada istiqomat qilayotgan 1405 ta xonadonga birma bir kirib mavjud muammolarni o‘rganishdi. Kommunal xizmatlar, uy-joy, bandlik, maishiy  xizmat ko‘rsatish sohasidagi kamchiliklar, zarur hujjatlarni to‘g‘rilashda yo‘l qo‘yilgan mingdan ziyod holatlar aniqlanib, ularning aksariyati joyida o‘z yechimini topdi.

Mazkur murojaatlarning ko‘pgina qismi yuqorida qayd etganimizdek, uy-joy masalasi bilan bog‘liq. Shu sabab ham, shaxsan Prezidentimizning topshiriqlariga asosan ushbu mahallada barak va ko‘rimsiz uylar o‘rnida 400ta namunaviy loyihalar bo‘yicha 4 sotix maydondagi yer uchastkasida bir qavatli ikki va uch xonali  uylar qurilishi belgilangani fuqarolarni juda mamnun etdi.

Yangilangan loyihalar bo‘yicha barpo etiladigan uylar o‘zining narx parametrlari, sifat tavsiflari va shinamliligi bo‘yicha Markaziy Osiyoda o‘xshashi yo‘qligini e'tirof etish zarur. Bunday uylar birinchi galda uzoq yillar hech bir sharoitga ega bo‘lmagan 54ta uyda istiqomat qilib kelayotgan aholiga berilishi uy egalarining quvonchiga quvonch qo‘shdi. Ana shulardan biri Norqo‘ziyevlar oilasidir. Bundan  olti yil avval xonadon sohibi baxtsiz hodisa tufayli olamdan ko‘z yumdi. To‘rt farzand chirqillab qolaverdi. Ro‘zg‘or tashvishi xonadon bekasining zimmasiga tushdi. Ammo hududda ish yo‘qligi, uy ham to‘kilaman deb turgani oila a'zolarining yurak bag‘rini ezardi. Hatto oilaning to‘ng‘ich farzandi, kollej bitiruvchisi Nilufarxon ham ish izlab qancha eshikni taqillatmadi deysiz. Afsuski, hech qanday ish topa olmay muammolar iskanjasida qovurilib yuraverdi.

Endilikda mana shunday namunali, zamonaviy uy-joylar Nilufar Norqo‘ziyeva kabi qiynalgan oila vakillariga berilishi bilan birga doimiy ish o‘rniga ega bo‘lishi adolat qaror topilganining belgisidir. Uy egalari bundan ruhlanib, qurilayotgan yangi uy-joylarda o‘zlari ham bosh-qosh bo‘lib hasharchilarga ko‘mak berishayapti.

Olib borilayotgan ishlar ko‘lami haqiqatan keng. Mirzacho‘l hayotida tub burilish davri boshlandi. Loqaydlik sabab  cho‘lu biyobonga aylanib, kun sayin so‘nib borayotgan tumanda, yana jo‘shqin hayot boshlandi. Chorak asr oldin go‘shani obod qilishga kishilar qanday oshiqqan bo‘lsa, bugun yana minglab yurtdoshlarimiz Mirzacho‘l tomon talpinmoqda. Qalblarda yaratuvchanlik zavqi, yoshlar tomirida qaynoq qon oqib hamma bir maqsad, bir g‘oya ustida ishlamoqda - “Mirzacho‘lni gulistonga aylantirish”.

Bu yerda bo‘layotgan ishlarga birma-bir to‘xtalmay iloj yo‘q.  Avvalo, aholining yaxshi yashashi uchun, tinch va baxtli hayot kechirishi uchun uy-joy zarur. Shuni hisobga olib hududda namunaviy loyihalar asosida arzon uy-joylar qurilishga katta e'tibor berildi. 112ta yangi uy-joy qurilishi boshlanib ketdi. Qo‘shimcha qurilayotgan 48ta uyda transheya qazildi va 110ta uyga shiben tashlandi.

Mazkur ishlarda FVV tizimidagi kuch va vositalar, yuzlab maxsus texnika va moslamalar, mutaxassis va ishchi kuchlar safarbar etilgan. Vazirlik tizimdagi harbiy qismlardan 600 nafarga yaqin askar tantanali kutib olindi. Ularning kelishi bu yerdagi ish sur'atini yanada oshirdi. Yosh, bilagida kuchi bor navqiron yigitlarning fidoyi mehnatlari boshqalarda ham ishga bo‘lgan munosabatni o‘zgartirdi. Ular ana shu uy-joylar qurilishida jonbozlik ko‘rsatmoqda. Tez kunlarda yana qo‘shimcha 400 nafar harbiyning kelishi ham kutilayapti. Bu esa hududdagi obodonlashtirish ishlari surati yanada oshishini ta'minlaydi.

Hasharchilar uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Turar-joy, ovqatlanish uchun oshxona, tibbiy ko‘rik o‘tkazish uchun punkt hamda madaniy hordiq chiqarish uchun zarur choralar ko‘rilgan.

E'tiborlisi, mahalla ahli ham, xususan, 500 nafardan oshiq fuqaro obodonchilik ishlarida qatnashyapti. Maqsad  obod maskanni  tezroq  barpo etish. Ular kuchi bilan mahalladagi 54ta ko‘p qavatli uy  kundan kun chiroy ochmoqda. Barcha uylarning tom qismi to‘liq ta'mirdan chiqarildi. Eski yaroqsiz shiferlar yangisiga almashtirildi. Navbat uylarning fasad qismiga keldi. Kundan kun ko‘rkamlashib borayotgan uylar “Obod qishloq” dasturi shabodasi bu yerga ham yetib kelganini bildiryapti.

Har kuni mamlakatimizning turli hududlaridan yangi texnika va vositalar, qurilish materiallari kelib turibdi. Tsement, g‘isht, taxta, shag‘al, shifer, armatura, beton plitalari, xullas, barcha turdagi qurilish mollari ortig‘i bilan yuk mashinalarida kirib kelmoqda.

Ayni kunda “G‘alaba” mahallasida olib borilayotgan bunyodkorlik, obodonchilik ishlarida ishtirok etayotgan 3200 nafardan ziyod yurtdoshimizning qishloq ko‘chalarida, uy-joylar va ko‘p qavatli uylar atrofida amalga oshirayotgan ishlari aqlingni shoshiradi. Bundan 40 kun oldin bu yerga kelgan odam tor va diqqinafas ko‘chalar, ayqash-uyqash qurilgan noqonuniy binolarning achinarli holatini ko‘rib, kishilarni tushkun kayfiyatda uchratsa, bugun kelgan odam butunlay uning aksini ko‘radi. Mehnat qilayotgan insonlarning bir-birlariga do‘stona va samimiy munosabati, atrofdagi o‘zgarishlardan ko‘nglida mamnunlik hissini tuyadi. Bu tarixiy o‘zgarishlarda ishtirok etayotgan tashkilot, korxona xodimlari o‘z ishlari bilan mashg‘ul. Muhimi, belgilangan vazifalarni sidqidildan bajaryapti.

Xususan, elektr ta'minoti korxonasi xodimlari tomonidan bugungi kungacha jami 16,35 km elektr uzatish tarmog‘i tortildi, 679 ta elektr hisoblagich mansublik chegarasidan chiqarildi. 4 ta transformator punkti mukammal ta'mirlandi, 1 ta yangi transformator punkti o‘rnatildi, 170 dona ustun demontaj qilindi, 160 ta temir beton tayanch o‘rnatildi. Bu ishlarga 5 ta maxsus texnika va 55 nafar ishchi jalb etilmoqda. Natijada 400 ga yaqin xonadonni elektr energiyasi bilan uzluksiz ta'minlash imkoni yaratildi.

Ichimlik suvi va oqava suv ta'minotidagi yangiliklar ham kishini xursand etadi. Misol uchun 9,5 km ichimlik suvi tarmog‘ini tortish ishlari boshlanib, hozirda 6 km quvurlar keltirildi.  400 metr transheya qazilib, bugungi kunga qadar jami 3850 metr quvur tortildi.

Hududdagi mavjud jami 68 ta kanalizatsiya kolodetsini tozalash ishlari yakunlandi. 12 ta yangi kolodets olib kelindi. Mavjud 4 ta kanalizatsiya quduqlaridan 2 tasini tozalash ishlari tugatildi. Oqava suv tarmoqlari  ko‘p qavatli uylar oldiga 100 metr transheya qazildi, 300 metr oqava suv tarmog‘i olib kelindi, 3 ta kanalizatsiya kolodetsi o‘rnatildi.

Yo‘lsozlarimiz ham o‘zlariga yuklatilgan vazifani ortig‘i bilan uddalashmoqda. Ular tomonidan shu kunga qadar jami 483 dona 2898 metr yangi lotok, 590 tonna beton, 2050 tonna qum-shag‘al aralashmasi yotqizish ishlari bajarildi.

Yildan yilga aholining tabiiy gazga bo‘lgan ehtiyoji  ortib borayapti. Mazkur tumanda ham  tabiiy gaz muammosi yillar davomida yechilmay keladi. Dastur doirasida bu kamchilik ham o‘z yechimni topadigan bo‘ldi. 15,0 km uzunlikdagi gaz quvurlari demontaj qilinib, hududda gaz ta'minoti yaxshilanishga erishildi. Chekka hudud aholisi uchun 570 dona suyultirilgan gaz balloni tarqatildi.

Mahallani toza hududga aylantirish maqsadida bir kunda 680 tonna, mavsum boshidan buyon 23 000 tonna maishiy va qurilish chiqindilari tashib chiqarildi.

Tuman markazida aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish deyarli yo‘q hisobi edi. Vaholanki, kundalik hayotimizni xizmat ko‘rsatish tarmoqlarisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Bunday xizmatlarning yo‘lga qo‘yilishi, birinchidan aholi bandligini ta'minlasa, ikkinchidan shu yerda yashovchi fuqarolarning og‘irini yengil qiladi. Shu sabab ham hududdagi 70 ta maishiy hamda ijtimoiy obektning 45 tasida loyiha hujjatlari tayyorlanib, ta'mirlash ishlari boshlandi.

Jumladan, 13-sonli MTM muassasasida ham kapital ta'mirlash ishlari olib borilib, bolajonlar va ota-onalar uchun zarur sharoitlar yaratilmoqda. Bundan mahalliy aholining boshi osmonga yetmoqda.

Aytgancha, qishloqda chorva mollari boqmaydigan xonadonlarni uchratish qiyin. Biroq ko‘p qavatli uylarda buning iloji yo‘q. Ammo shu vaqtga qadar sharoit yo‘qligi bois “G‘alaba” mahallasida ko‘p qavatli uylarda yashovchilar chorva mollarini boqishga qiynalishardi. Joy yo‘qligi bois ham atrofda o‘rgimchak to‘riday noqonuniy, talablarga javob bermaydigan molxonalar qurib tashlangan edi. “Obod qishloq” dasturi doirasida bu xayrli ish ham inobatga olinib, mahalla chekkasidan chorva mollari hamda yem-xashak saqlanadigan zamonaviy bino qurilishi ham qizg‘in olib borilayapti.

Mirzacho‘l tumanida ham mehnatga layoqatli aholi qatlamlarini ish bilan ta'minlash, kollej bitiruvchilarining bandligini hisobga olish yillar davomidagi muammoga aylangan. Boisi, tumanda sanoqli kichik korxonalarni hisobga olmasa, xizmat ko‘rsatish va servis sohalari bo‘yicha markazlar, ishlab chiqarish korxonalari tashkil etilmagan. Muammo girdobida qolgan fuqarolar uni qay yo‘sinda hal etishga chora topmagan. Dastur doirasidagi ishlarda bu muhim masala ham alohida e'tiborga olingan. Tuman markazida 200 o‘rinli tikuv sexi hamda ip-kalava, mato va trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan umumiy qiymati 9 mln AQSh dollarini tashkil etadigan “Mirzacho‘l tekst”  fabrikalari ishga tushadi. Mazkur fabrikaga esa 250 nafar xotin-qiz va yoshlar jalb etilib eksportga mo‘ljallangan mahsulotlar ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Hozirda fabrika uchun ajratilgan 12 gektar maydonda qurilish ishlari  olib borilayapti.

Mirzacho‘l tumani markaziga borsangiz qizg‘in mehnat quchog‘i sizni qarshi oladi. Hamma tomonda zamonaviy, qudratli texnikalarning gurillagan tovushi, mehnat qilayotgan kishilarning “oldik”, “ko‘tardik”, “barakalla”, degan ovozlari jaranglab turibdi. Ishlar shu darajada qizg‘in ketmoqdaki, kun kech bo‘lganini ham sezmay qolasiz. FVV va harbiylar esa ishni kunu tun tashkil etganligi, ish unumini yanada oshirmoqda.

Bu o‘zgarishlarni ko‘rib bir zamonlar aytilgan “Cho‘l eding, ayladi bo‘ston. Rahmat senga hazrati inson”, deging keladi. Bir so‘z bilan aytganda Mirzacho‘lda boshlangan bunyodkorlik odamlar qalbiga ham obodlik olib kirdi.

Mavzuga oid