Kuper uchun ideal turnir: rahmat senga, Indoneziya!
Indoneziyadagi futbol turniri, terma jamoamizning u yerdagi ishtiroki menga juda yoqdi. Yoshlarimizning bu turnirda kuchliroq yo kuchsizroq, yaxshiroq va yoki yomonroq emas, farqliroq bo‘lishgani, ayniqsa. Aytish mumkinki, Indoneziyadagi termamizni oldingilarga o‘xshatib turgan yagona jihat Zabihillo O‘rinboyevning tarkibda bo‘lgani xolos. Hatto yil boshida chempion bo‘lgan jamoamizdan ham boshqacharoq o‘ynadi bunisi.
Turli yoshdagi terma jamoalarimiz juda ko‘p turnirlarda qatnashishgan, finalda o‘ynaganmiz, uch marta chempion bo‘lganmiz. Yarim finaldan jahon chempionati yo‘llanmasini hal qilib qaytgan paytlarimiz bo‘lgan. O‘sha muvaffaqiyatli turnirlar bilan taqqoslaganda, bu safargisi juda quruq bo‘lgandir, kim uchundir alamlidir, ammo bir jihat bilan men Indoneziyadagi ishtirokimizni avvalgi ikki musobaqaga o‘xshatdim. Birinchisi – yoshlarimiz tariximizda ilk bor jahon chempionatiga chiqqan Qatardagi, o‘sha Geynrix-u Salomovlar porlagan turnir. Ikkinchisi – Inileyev terma jamoamiz boshqaruviga kelishidan oldin, yana Qatarda o‘tgan, Aziz Haydarov kashf etilgan 2006 yilgi Osiyo o‘yinlari... O‘sha jamoalarimiz boshqalardan farqlanib turardi.
Yosh bo‘yicha cheklov o‘rnatilgan terma jamoalar o‘rtasidagi har qanday turnirga men boshqa rakursdan qarashga o‘rganib qolganman. Nazarimda, mutasaddilarimiz murabbiydan ko‘pincha, iloji boricha yaxshiroq natija, masalan chempionlik yoki yo‘llanma talab qilishar va qachon qarasa, jamoalarimiz taktik jihatdan o‘ta biqiq o‘yin namoyish etishardi. Murabbiyning taktikasidan chiqib ketmaslik, tartibli o‘yin ko‘rsatish va xato qilishdan qo‘rqish ba'zi o‘yinlarimizda jamoalarimizga natija olib kelgandir ehtimol, ammo futbolchilarimizning individual mahoratini ochib bermagandek tuyulardi.
Yoshlar o‘rtasidagi har qanday turnirda men aynan futbolchilarning individual mahorati ochilishini kutaman, aynan mana shu tomondan muvaffaqiyat qozonilsa, keyinchalik, milliy terma jamoamizga foydaliroq bo‘ladi deb o‘ylayman. Chunki ma'lum qolipga yoki murabbiy tomonidan berilgan vazifalarga qattiq bog‘lanib, ba'zi vaziyatlarda erkinligi cheklangan futbolchining haqiqiy mahoratini bilish qiyin. Agar bunday holat klubda bo‘lsa, mayli, o‘sha ma'lum vazifa uchun qo‘llanilgan futbolchi keyinchalik ham, xuddi shu yuklama va vazifalarni bajarish uchun murabbiy tomonidan ishlatilaveradi. Ammo vaziyatga, aytaylik, Kuperning ko‘zi bilan qarasak, bu turnirda muhimi unga futbolchilarimizning ijro mahoratini namoyish etib berish edi. Menimcha, o‘ta pragmatik o‘yinlar bilan finalgacha yetib borgan jamoadan ko‘ra, har bir futbolchining individual mahoratini maydonda tomosha qilish Kuper uchun foydaliroq bo‘ldi.
Balki, Haydarovning Ubaydullayev yoki Nuraliyevdan farqli ravishda, o‘ta taktik murabbiy emasligi bunga sabab bo‘lgandir. Balki bu turnir biror olimpiada yoki boshqa musobaqaga yo‘llanma taqdim etmagani yigitlardan bosimni olib tashlagandir. Nima bo‘lganda ham, Ravshan Haydarov mana shunday vaziyatda nima qilish kerak bo‘lsa, shuni amalga oshirdi. U futbolchilarga maksimal darajada erkinlik berdi, hujumlarni tashkil qilish, pozitsion o‘yin va improvizatsiya borasida imkon qadar futbolchilarning salohiyatlariga tayandi. Jamoa bilan olib ketilgan yoshi kattaroq futbolchilar ham tajribali himoyachi yoki tayanch futbolchisi, masalan Haydarov yoxud Anzur Ismoilov emas, mana shu ansamblga o‘yin uslubi va falsafasi bo‘yicha tushadigan Aliboyev yoki Masharipov ekanining o‘ziyoq bundan dalolat qilmoqda.
Aytmoqchimanki, yangi chet ellik murabbiy tayinlangan, oldinda bizni Osiyo kubogi kutib turgan aynan mana shu pallada bu musobaqaga aynan shunday yondashish talab etilardi va bu jihatdan Ravshan Haydarov o‘z vazifasini a'lo darajada uddaladi, deyishim mumkin. Shu tomondan bu jamoaning ishtiroki yuqorida tilga olingan ikki turnirni eslatib yuboradi. Ya'ni Jakartada futbolchilarning individual mahorati oldingi planga chiqib turdi.
Haydarov shogirdlari 5 o‘yinda 14 gol urishdi. Darvozaga berilgan zarbalar, driblinglar, kombinatsiyalar borasida ham turnirning eng yaxshilaridan bo‘lishdi. Masharipov, Aliboyev, Hamdamov, Sidiqov yoki boshqa futbolchilarimizning har biridan chiroyli uzatmalar, gollar va harakatlardan iborat lavhalarni yaxshigina yig‘ish mumkin. Qizig‘i, bugungi mag‘lubiyatimizga ham koreyslarning kuchli bosimi yoki ularning bizdan yaqqol kuchli bo‘lib, yutqazishdan boshqa ilojimiz yo‘qligidan emas, aynan Ashurmatov yoki Ergashevning individual xatolari sabab bo‘ldi. Bundan boshqa yana qanday oyna kerak bizga, to‘g‘rimi?
Mayli, umumjamoa qanaqadir medaldan quruq qolgan bo‘lsin, lekin menimcha, Ektor Kuper bu uchun ideal turnir bo‘ldi. U mana shu besh o‘yindan o‘z bloknotiga juda ko‘p qaydlarni yozib qo‘ygan bo‘lishi kerak. Bunday foydali o‘yinlar olti yoki yettita emas, beshta bo‘lib qolgani biroz xafa qiladi xolos...
Qahramon Aslanov
Mavzuga oid
20:49 / 02.12.2024
MOQ yoshlar o‘rtasidagi Osiyo o‘yinlari-2025 mezbonligi O‘zbekistondan olib qo‘yilganiga izoh berdi
20:29 / 07.10.2023
Osiyo o‘yinlari kundaligi. Yana ikki oltin va yangilangan rekord
18:46 / 06.10.2023
Osiyo o‘yinlari kundaligi. Xafa qilingan Anvar, yig‘lagan Akbar va yagona oltin
19:52 / 05.10.2023