Jahon | 23:10 / 07.03.2019
34784
18 daqiqa o‘qiladi

Maksim Oreshkin. Putinning «arzandasi» va deputatlar g‘azabiga yo‘liqqan vazir

SERGEI SAVOSTYANOV/TASS

Shu hafta boshida Rossiya iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Oreshkin «har qanday boshqaruvchi rahbar» kabi prezident lavozimida ishlashga qiziqishi haqida gapirdi.

«Men hamisha hozirgi ish joyimda hali ko‘p ishlarni amalga oshira olmaganimni aytib kelganman. Shu sababli faqat mavhum fikr bildirishim mumkin. Prezident bo‘lish har qanday boshqaruvchini qiziqtirishi aniq. Lekin eng asosiysi, albatta, manfaat emas, balki bundan mamlakatga va odamlarga biror foyda tegishidir», degandi vazir «Kommersant» jurnalistlar akademiyasi tinglovchilariga.

Oreshkin prezident bo‘lish zimmaga «haddan tashqari ko‘p yuk» yuklashini qo‘shimcha qilgandi.

«Hozirgi faoliyatimdan ham bilish mumkin. Ish joyimdagi og‘ir yuklamadan tashqari tinimsiz zaruriy yugur-yugurlar, prezident, bosh vazir va bosh vazir o‘rinbosarlari bilan majlislar… Miya bir lahzaning o‘zida turli mavzular o‘rtasida ko‘chib yurishi shart, ish esa yarim tunga qadar cho‘ziladi. Tushunarliki, qanchalik yuqori lavozimda bo‘lsang, yuklama ham shuncha ko‘p bo‘ladi. Agar sen mamlakat uchun chindan nimadir qilishni istasang, bu yuk haddan tashqari og‘ir bo‘ladi», degan u.

Maksim Oreshkin kim o‘zi?
Oreshkin — Rossiya hukumati tarkibidagi eng yosh vazir hisoblanadi. Faoliyatini Rossiya banki va Rosbankda boshlagan Maksim Oreshkin keyinroq Moliya vaziri o‘rinbosari sifatida ishlagan, 2016 yilning noyabrida esa Aleksey Ulyukayev shov-shuvli tarzda hibsga olinishi va «ishonchni yo‘qotishi sababli ishdan bo‘shatilishi» ortidan iqtisodiy rivojlanish vaziriga aylangandi.

«U o‘ziga bo‘lgan ishonchi bilan kishi e'tiborini jalb qiladi. Bu turli yig‘inlarda darhol ko‘zga tashlanadi. U hukumatning barcha a'zolari ichida yaqqol ajralib turadi», — deya unga ta'rif bergan Bi-bi-sining Rossiya hukumatdagi manbasi.

2017 yilda Bloomberg nashri Rossiya prezidentiga yaqin manbalarga asoslangan holda Oreshkinni «Putinning yangi arzandasi» deya ta'riflagandi.

Manbalar MER (Ministerstvo ekonomicheskogo razvitiya) rahbari avvalgi vazirlardan farqli ravishda siyosiy ahamiyatga ega yirik xalqaro forumlarda Putinga hamrohlik qilishi u prezidentning ishonchli kishilaridan biriga aylanganini aytishgandi. Oreshkin 2017 yilda Hamburgdagi G20 sammiti vaqtida Putinning Donald Tramp bilan uchrashuvi tafsilotlari haqida gapirib bergani ham bunga dalil bo‘la olardi.

Shuningdek, aynan Rossiya iqtisodiy rivojlanish vaziri o‘sha yilning iyul oyi oxirida Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki hamda Sarmoyalar kafolatlari bo‘yicha ko‘p tomonlama agentlikda Rossiyadan boshqaruvchi lavozimida moliya vaziri Anton Siluanov o‘rnini egallagandi.

Ekspertlar ayni vaqtda 36 yoshda bo‘lgan Oreshkin bo‘lajak bosh vazir ekanini taxmin qilishadi. Vazirning o‘zi esa «Putinning sevimli amaldori» to‘g‘risidagi savolga shunday javob qaytargan: «Shunchaki har doim o‘z ishimni qilishim lozim. Bundan keyin ham zimmamga tushadigan vazifalarni bajaraman».

Rossiyaning amaldagi prezidenti Vladimir Putin 1999 yilning 31 dekabrida sobiq prezident Boris Yelsin qarori bilan RF prezidenti vazifasini bajaruvchi etib tasdiqlangandi - o‘shanda federatsiyaning birinchi prezidenti sog‘ligi yomonlashgani tufayli muddatidan avval lavozimni tark etgandi. Putin ilk bor 2000 yilning 26 martida RF prezidenti etib saylangan, 2004, 2012 va 2018 yillarda qayta saylangan. U 2012 yilgi saylovlardan oldin prezidentlik muddati 4 yildan 6 yilga uzaytirilishiga erishgandi. U yana 5 yil davomida mamlakatni boshqarishi mumkin.

Ehtimoliy nomzodlar kimlar va ular bunga qanday qaraydi?
Oreshkinning so‘zlari odatiy emasdi. Rossiyada bu vaqtgacha hech bir salohiyatli amaldor prezidentlik ambitsiyalari haqida gapirmasdi.

Rossiyalik davlat amaldorlari, hatto siyosatchilar ham prezident bo‘lish rejasini oshkor qilmagan. Ular odatda kelajakdagi rejalar haqidagi savollarga javoban mamlakatga va amaldagi prezidentga o‘z ish joyida xizmat qilishda davom etish niyatida ekanliklarini ta'kidlashardi.

Oreshkin o‘z so‘zlari matbuotda shov-shuv keltirib chiqarganidan keyin Facebook'dagi sahifasida «o‘zi uchun prezident bo‘lish Oyga yetib borish bilan barobarligi» haqida yozdi.

Odatda rossiyalik amaldorlar Rossiyada Putindan boshqa prezident bo‘lishi mumkinligi borasida gapirishmaydi. Quyida boshqa amaldorlar prezidentlik ambitsiyalari haqidagi savollarga qaytargan javoblar keltiriladi.

Dmitriy Medvedev, bosh vazir, 2017 yil

Medvedev 2008 yildan 2012 yilga qadar Rossiya prezidenti bo‘lgan. Putin o‘z o‘rniga qaytganidan keyin u yana prezident bo‘lishi ehtimoli to‘g‘risida og‘iz ochmagan.

«Shaxsan men mazkur siyosiy davrda o‘zimni ushbu lavozimda ko‘rmayman, ammo ishlashda davom etaman», degandi u 2017 yilda.

Keyingi vaqtlarda bosh vazir obro‘sini yo‘qotdi, ijtimoiy tarmoqlarda hamon uni «Pul yo‘q, lekin siz chidang» («Dengi net. Vy derjites zdes») iborasi uchun mazax qilishadi, muxolifatchi Aleksey Navalniy esa uni va hamtovoqlarini tinimsiz ravishda fosh etadi. Balki Oreshkin dastlab aynan uning o‘rnini egallar?

Dmitriy Rogozin, Roskosmos rahbari, 2012 yil

Rogozin siyosatchi, «Rodina» partiyasi rahbari, turli marshlar va aksiyalar ishtirokchisi sifatida faol bo‘lgan. Bugungi kunda ham u ijtimoiy tarmoqlarda o‘z fikrini bildirishdan tortinib o‘tirmaydi.

Ammo u ham qachondir o‘zining prezident bo‘lishi ehtimolini rad etadi. Rogozin 2012 yilda, bosh vazir o‘rinbosari ekanida shunday degandi: «Agar menda prezident kursisini egallash niyati bo‘lganida, hukumatda ishlamagan bo‘lardim. Ochig‘ini aytaman, menda boshqa fikrlar va g‘oyalar bo‘lardi, siyosiy partiya tashkil qilgan bo‘lardim. Boshqa yo‘ldan ketardim».

Boris Titov, biznes-ombudsmen, 2018 yil

Titov nafaqat prezidentga yaqin tadbirkor, balki siyosiy partiya yetakchisi va prezidentlikka sobiq nomzod ham hisoblanadi. Shunga qaramay, u 2018 yilgi prezidentlik saylovlari avjiga chiqqanida ham o‘z raqibi - Putin g‘alaba qozonishiga ishonchi komil ekanini aytgandi.

«Vaziyatga real baho berish kerakligi»ni ta'kidlagan iqtisodchi o‘zi va jamoasining bosh vazifasi - «iqtisodiyot boshqaruvini qo‘lga olish» ekanini aytgandi.

«Biz mamlakatdagi iqtisodiy islohotlar boshqaruvini o‘z qo‘limizga olishga tayyormiz», degandi Boris Titov.

Sergey Shoygu, mudofaa vaziri, 2013 yil

Shoygu - Rossiya siyosiy hayotidagi «og‘ir vaznli» o‘yinchi. U «Yedinaya Rossiya» partiyasi poydevorlaridan bo‘lgan «Yedinstvo» partiyasi asoschilaridan biri hisoblanadi. U Favqulodda vaziyatlar vazirligini boshqargan vaqtlarda ham mamlakatdagi eng mashhur vazir bo‘lgan.

Ammo u hozir ancha kamtarroq. «Ambitsiyalar yo‘q, faqat orzular bor», deya javob qaytargan u 2013 yilda prezidentlikka nomzodini qo‘yishi ehtimoli haqidagi savolga. U o‘shanda tez orada nafaqaga chiqishi va Uzoq Sharqqa qaytmoqchiligi haqida qo‘shimcha qilgandi.

Vyacheslav Volodin, Davlat dumasi spikeri, 2017 yil

Saratov oblastining sobiq vitse-gubernatori, Kremlda ichki siyosat kuratori bo‘lgan, ayni vaqtda Rossiya parlamenti spikeri lavozimida xizmat qilayotgan Volodin esa o‘zining «Putin yo‘qmi - Rossiya ham yo‘q» iborasi bilan mashhur.

Lekin matbuot aynan Vyacheslav Volodin o‘zini kelajakda davlat rahbari o‘rnida ko‘rishni istashi haqida ko‘p yozgan.

Bir safar spikerning ushbu orzusi haqida Putinning o‘ziga ham aytishgandi: Afg‘on urushi faxriylari bilan uchrashuv vaqtida faxriylar tashkiloti rahbari Andrey Chepurnoy Davlat dumasi deputatlaridan biri, Volodin sharifli shaxs agar prezident bo‘lsa, barcha muhtojlarga farovon hayot va'da qilgani haqida gapirgandi.

Volodin esa, albatta, prezidentning vorisi bo‘lishni istashi haqida hech qachon ochiq gapirmagan. Biroz oldin esa u bu haqdagi savolga kamtarlik bilan javob qaytargandi.

«Ishonamanki, Rossiya kelajagi, mamlakat va fuqarolar farovonligi, boshi ustida tinch osmonni xohlaydiganlarda faqat bir nomzod mavjud - Putin Vladimir Vladimirovich», degandi u Life.ru uchun intervyusida.

Ramzan Qodirov, Checheniston rahbari, 2018 yil

Ramzan Qodirov Rossiya mintaqalaridagi eng obro‘li rahbarlardan biri. Ammo u o‘z chiqishlarida respublika va prezident Putinga bo‘lgan sadoqatini e'tirof etishni kanda qilmaydi.

«Men, hatto, hukumatdagi biror oddiyroq vazirlikni boshqara oladigan darajadagi odam emasman. O‘z faoliyatimni hudud rahbari sifatida yakunlashni istayman», deya ta'kidlaydi «askar».

U Putinning vorisi kim bo‘lsa ham, uning ortidan ergashishga tayyor ekanini ham aytadi.

Aleksey Kudrin, Hisob palatasi rahbari, 2017 yil

Namunali amaldor, sobiq moliya vaziri, biroz vaqt jamoatchilik ishlari bilan shug‘ullangan Aleksey Kudrin hech qachon o‘zini prezidentlikka nomzod sifatida namoyon qilmagan: 2011 yildan 2018 yilgacha u Fuqarolik tashabbuslari qo‘mitasini boshqargan, asosan ekspertlik qilgan, xayriya ishlari bilan band bo‘lgan.

«Yo‘q, do‘stlar, men hozir boshqa vazifadaman. Men prezidentga takliflar tayyorlash bilan shug‘ullanmoqdaman. Shunchaki prezidentga emas, balki amaldagi prezidentga», deya javob qaytargan Kudrin o‘zida prezidentlik ambitsiyalari bor-yo‘qligi haqidagi savolga.

Sergey Sobyanin, Moskva meri, 2011 yil

Moskva shahri meri o‘z vaqtida gubernator, prezident ma'muriyati rahbari, hukumat apparati boshqaruvchisi lavozimlarida ham ishlab ko‘rgan. Hozir esa Rossiyaning bosh shahrini boshqarmoqda - amalda u 2 shaxsdan keyingi o‘rinda turadi - prezident va bosh vazirdan keyin.

Ammo hozi Sobyaninning o‘zi kelajagi haqida jim, avval esa prezidentlik lavozimiga qiziqmasligini aytardi.

«Menda hech qachon bunday ambitsiya, o‘ylar bo‘lmagan», degandi Sobyanin 2011 yilda «Exo Moskvy» radiosiga bergan intervyusida.

Davlat dumasidagi mojaro

Shu kunlarda Rossiya Davlat dumasida Maksim Oreshkin ishtirokida mojaroli holat yuzaga keldi.

6 mart kuni Davlat dumasi Oreshkinning hisobotini qabul qilmadi - parlament spikeri Vyacheslav Volodin unga yaxshilab tayyorlanib, boshqa safar, mart oyi oxirida yoki aprel oyi boshida yangi hukumat soati o‘tkazib, chiqish qilishni tavsiya etdi.

«Maksim Stanislavovich, siz parlamentda yilda bir marta chiqish qilasiz. Bu chiqishni kichik va o‘rta biznes sub'yektlariga bag‘ishlar to‘g‘ri bo‘lmaydi. Iqtisodiy rivojlanish vazirligi mamlakat iqtisodiyotidagi o‘sish uchun javobgar», dedi Volodin deputatlar olqishi ostida Oreshkinning takliflariga rozilik bildirmagan holda.

LPDR yetakchisi Vladimir Jirinovskiy esa unga tanbeh berdi: «Stalin davri bo‘lganida bu vazirlikka komissarlar, Brejnev davrida Davlat xavfsizlik xizmati vakillari jo‘natilgan bo‘lardi».

Oreshkin bu gaplarni jim turib eshitdi. Bu Rossiya parlamenti tarixidagi ilk shunday holatdir. Bu mojaro ortida nima bor? 

Birinchi versiya. Davlat dumasining mavqeyini oshirish
Nolinchi yillar boshida, parlament qarorlar qabul qilish ta'sirini yo‘qotganida Duma haqida shunday gaplar yurardi - «muhokamalar joyi emas». Davlat dumasining hozirgi rahbari esa endi bunday bo‘lmasligi kerakligini ta'kidlab keladi va shunga urinadi.

«Volodinda parlament yuzasidan aniq nuqtai nazar mavjud. U kichik imkoniyatdan ham parlament ijro organlarining «quyrug‘i» emasligi, balki aholining manfaatlarini ifoda etuvchi alohida tarmoq ekanini isbotlash uchun foydalanadi», deydi siyosatshunos Yevgeniy Minchenko.

Vazirga nafaqat spiker, balki o‘zini muxolifatchi deb hisoblovchi partiya vakillari ham «tashlanishdi».

«Maksim Stanislavovich, kelajak uchun: zalni tinglang, sizning nutqingiz boshlanganidan 5 daqiqa o‘tib barcha o‘z ishlari bilan chalg‘ib ketdi», dedi Jirinovskiy. Oreshkinning hisobotini tinglashni kechiktirish g‘oyasi barcha fraksiyalar tomonidan ma'qullandi.

«Ikki yildan keyin saylovlar, deputatlar okruglarga borishlari kerak, ular Oreshkinning sustkashligi uchun g‘azablangan saylovchilar qarshisida qolishlari kerakmi?», deydi siyosatshunos Abbas Galyamov.

«Menimcha bu deputatlar boshqa vazirlarga ham parlamentda kim aslida kimligini ko‘rsatib qo‘ymoqchi bo‘lishdi», deya fikr bildiradi siyosatshunos Mixail Vinogradov.

Ikkinchi talqin. «2024 yil muammosi»
Vladimir Putinning vakolati 2024 yilda yakunlanadi. Amaldagi konstitutsiya unga keyingi muddat uchun nomzodini qo‘yishga imkon bermaydi. Putinning vorisi kim bo‘lishi hamon noma'lum. Uning o‘zi bu haqdagi savollarni ochiq qoldiradi.

Shu haftada OAVda uning prezidentlik ambitsiyalari haqida gapirishi odatlarga qarshi borish edi. 

Volodin haqida ham OAVda «prezidentlik orzusidagi amaldor» ekani yoziladi.

Ekspertlar fikricha, o‘z ambitsiyalarini maxfiy tutadigan rossiyalik amaldorlar va siyosatchilar Oreshkinga shu tariqa «o‘z joyini ko‘rsatib qo‘ymoqchi» bo‘lishgan.

«Davlat dumasi rahbariyati balki prezidentga yoqish uchun uning sharafini himoya qilishgandir», deydi Vinogradov.

Uchinchi talqin. Manzaraning noaniqligi
Prezident ma'muriyatining sobiq xodimi, siyosatshunos Andrey Kolyadinning fikricha, Oreshkin bilan nima bo‘lganini aniq aytish mushkul.

«Agar bizdan nimanidir yashirishmayotgan bo‘lishsa (qandaydir ommaga ma'lum bo‘lmagan ziddiyat), bu holat bo‘yicha uch variant bor: yoki Duma reytingini ko‘tarishmoqchi, yoki Putinga yaqin vazirlardan biriga o‘z joyini ko‘rsatib qo‘yishmoqchi. Yoki mamlakat boshqaruvidagi o‘zgarishlar yaqinlashib kelgani sari Kreml minoralari o‘rtasida jang boshlandi», deydi ekspert.

Galyamovning aytishicha, bu mojaro Oreshkinning faoliyatiga salbiy ta'sir ko‘rsatmaydi: «Balki, uni yanada yaxshiroq ishlashi uchun bir silkitib qo‘yishgandir. U prezident tomonidan tayinlangan va ishonch bildirilgan vazir, u mas'ul bo‘lgan sohadagi vaziyatga qaramay uning daxlsizligi kafolatlangan. Boshqa aybdorni topish qiyin emas».

«Gilamdagi to‘qnashuvlar tez-tez ro‘y berib turadi. Ammo keyingi 20 yilda birinchi marta gilamdan yiqitishga urinishga guvoh bo‘ldim», deya fikr bildiradi Kolyadin.

Oreshkin va O‘zbekiston

Foto: Sputnik

Maksim Oreshkin Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Rossiya hukumatlararo komissiyasi hamraisi hisoblanadi. U O‘zbekistonga bugungacha ham ikki marta kelgan. Undan oldinroq esa, 2017 yilning aprelida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Moskvaga davlat tashrifi vaqtida Vnukovo aeroportida aynan Iqtisodiy rivojlanish vaziri kutib olgandi.

Oreshkin 2018 yilning avgustida Toshkentda bo‘lib, Moliya vazirligida uchrashuv o‘tkazgandi. U 2018 yilning oktyabrida ham Toshkentga kelib, prezident Shavkat Mirziyoyev qabulida bo‘lgan va RF prezidentining bo‘lajak tashrifiga tayyorgarlik masalalarini muhokama qilgandi.

U bugungi tashrifi doirasida dastlab Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilinib, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin hamda Hukumat Raisi Dmitriy Medvedevning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi

U qabul davomida Rossiya O‘zbekiston bilan o‘zaro savdo hajmini oshirish va nomenklaturasini kengaytirish, turli sohalarda istiqbolli qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun bundan buyon ham zarur choralar ko‘rishga tayyor ekanini ta'kidladi.

Maksim Oreshkin 10 martga qadar O‘zbekistonda bo‘ladi.

Tashrif dasturidan O‘zbekiston—Rossiya hukumatlaro komissiya ishchi organlari rahbarlarining uchrashuvi o‘rin olgan. Uchrashuvda ikki davlat vazirlik, muassasa va kompaniyalari vakillari ham ishtirok etadi.

Shuningdek, Maksim Oreshkin boshchiligidagi delegatsiya Moliya hamda Iqtisodiyot va sanoat vazirliklarida ham muzokaralar olib borishi, qo‘shma loyihalar amalga oshirilishini muhokama qilishi kutilmoqda.

Mavzuga oid