O‘zbekiston | 13:56 / 29.03.2019
49159
2 daqiqa o‘qiladi

Xalq banki raisi lavozimidan ozod etildi

Xalq banki raisi Abdurasul Abdullayev boshqa ishga o‘tkazilgani munosabati bilan o‘z lavozimidan ozod etildi. Bu haqda Kun.uz manbasi xabar bermoqda.

Abdurasul Abdullayev

Qayd etilishicha, u Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari — «O‘zbekchorvanasl» agentligi direktori etib tayinlangan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining veterinariya va chorvachilik sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi farmoni bilan Davlat veterinariya qo‘mitasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi etib qayta tashkil etildi.

Qo‘mita huzurida Veterinariya xizmati va chorvachilikni rivojlantirish jamg‘armasi hamda «O‘zbekchorvanasl» agentligi tashkil etildi.

Abdurasul Abdullayev 1968 yil Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanida tug‘ilgan. 1991 yili Toshkent Xalq xo‘jaligi institutini tamomlagan.

Markaziy bank Samarqand viloyati Bosh boshqarmasi boshlig‘i, «Ipoteka-bank» ATIB boshqaruvi raisi, «O‘zsanoatqurilishbank» OATB boshqaruvi raisi sifatida ishlagan. 2014 yilda O‘zbekiston Respublikasi aksiyadorlik tijorat Xalq banki boshqaruvi raisi etib tayinlangan.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yilning 11 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri Abdulla Aripov raisligida O‘zbekiston Prezidentining «O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida belgilangan vazifalar bajarilishi bilan bog‘liq tashkiliy masalalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgandi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston bosh vaziri O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining moddiy ta'minotiga to‘xtalgan va Xalq banki rahbari Abdurasul Abdullayevga tanbeh bergandi.

Mavzuga oid