O‘zbekiston | 08:04 / 20.07.2019
14883
3 daqiqa o‘qiladi

Qo‘mita: Monopol yuqori narx aniqlandi 

Foto: Getty Images

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan amalga oshirilayotgan nazorat ishlari doirasida qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘larini sertifikatlash va sifatini nazorat qilish xizmatlari bozori o‘rganib chiqildi. Bu haqda qo‘mita axborot xizmati xabarida aytiladi.

Urug‘larni sertifikatlash va sifatini nazorat qilish – bu urug‘larning sifat ko‘rsatkichlari ishonchliligini va davlat standartlariga muvofiqligini tekshirish maqsadida ekishgacha bo‘lgan zarur tahlillarni o‘tkazish jarayoni bo‘lib, navi va ekish sifati yuqori bo‘lgan urug‘ zaxirasini (fondini) shakllantirishga ko‘maklashishdan iboratdir. 

Tegishli sifatga ega bo‘lgan urug‘, yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotining hosildorligiga, shuningdek fermer xo‘jaliklarining daromadiga o‘z ta'sirini ko‘rsatadi.

Avval, ushbu xizmat “O‘zdavurug‘nazoratmarkaz” DM va "O‘zbekiston paxta mahsulotlarini sertifikatlash "Sifat" markazi" davlat korxonasi tomonidan ko‘rsatilgan.

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2018 yil 7 maydagi qarori bilan yuqorida ko‘rsatilgan xo‘jalik sub'yektlari tugatildi, ularning negizida “Agrosanoat majmuida xizmat ko‘rsatish markazi" davlat unitar korxonasi tashkil etildi.

Bugungi kunda, “Agrosanoat majmuida xizmat ko‘rsatish markazi" davlat unitar korxonasi ushbu xizmatni yagona yetkazib beruvchisi hisoblanadi va tovar yoki moliya bozorlarida ustun mavqega ega bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar Davlat reyestriga kiritilgan.

O‘tkazilgan o‘rganishlar markaz tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlarga monopol yuqori narxlar qo‘llanilayotgani ko‘rsatdi. Natijada, sertifikatlash xizmatlari narxlari 18 foizga pasaytirildi va iste'molchilar foydasiga 2,4 mlrd. so‘m qayta hisob-kitob qilib berildi.

O‘rganish natijalari bo‘yicha ko‘rilgan choralar fermer xo‘jaliklarini qishloq xo‘jalik ekinlarini ekishi bilan bog‘liq xarajatlarini qisqartirishga imkon beradi.

Mavzuga oid