Jahon | 20:44 / 06.11.2019
13595
3 daqiqa o‘qiladi

«Terrorchilarni G‘arbda izlash kerak» – Erdo‘g‘an 

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an islom va terrorchilik o‘rtasida parallellar o‘tkazuvchi G‘arb davlatlarini qoraladi.

Foto: Reuters

«Terrorchi buzuq g‘oya uchun ko‘zini pirpiratmay begunoh odamlar qonini to‘kadi. Musulmon esa terrorchi bo‘la olmaydi. Islom va terrorchilik o‘rtasida parallellar o‘tkazuvchi G‘arb o‘z davlatlaridagi vaziyatga boqishi lozim. «Islom terrorchiligi» tushunchasi mavjud emas. Terrorchilarni G‘arbda izlash kerak», deb aytgan Erdo‘g‘an Anqara universitetining dinshunoslik fakulteti xodimlari bilan uchrashuvda.

Turkiya prezidentining ta'kidlashicha, islomni niqob qilib terrorchilik faoliyatini amalga oshiruvchilar aslida islom dini dushmanlari hisoblanadi.

Erdo‘g‘an, shuningdek, IShID yetakchisi Abu Bakr al-Bag‘dodiyning yo‘q qilinishiga to‘xtalib o‘tgan. 

«AQSh al-Bag‘dodiy o‘zini tunnelda portlatganini aytmoqda. Shu bilan birga IShID yetakchisining yo‘q qilinishi katta ko‘lamli axborot kampaniyasiga aylantirildi», deb ta'kidlab o‘tgan Turkiya rahbari.

Uning aytishicha, Turkiya avvalroq al-Bag‘dodiyning rafiqalaridan birini qo‘lga olgan, biroq buning atrofida shov-shuv ko‘tarmagan.

«Uning qo‘lga olinganini bugun birinchi marta ma'lum qilmoqdaman. Turkiya, shuningdek, Suriyada IShID yetakchisining singlisi va kuyovini ham qo‘lga olgan», deb ta'kidlab o‘tgan Erdo‘g‘an.   

Erdo‘g‘an muxolifatchi Fathulla Gulenning FeTO tashkilotidan solinayotgan tahdidga e'tibor qaratgan.

“FeTOning maqsadi va mohiyatini tushunish uchun bu jinoiy tashkilot yetakchisi qayerdaligi va unga kim panohlik qilayotganiga e'tibor qarating”, deb aytgan Erdo‘g‘an AQShni nazarda tutib. 

Erdo‘g‘an Turkiya bugungi kunda xorijning kuchli bosimiga qarshilik ko‘rsatayotganini ta'kidlab o‘tgan. 

«Anqara o‘tmishdagidek o‘z pozitsiyadan qaytish istagida emas. Biz bunga yo‘l qo‘ya olmaymiz va qat'iyat hamda jur'at ko‘rsatishimiz lozim», deb qo‘shimcha qilgan Turkiya rahbari.

Mavzuga oid