O‘zbekiston | 23:39 / 12.03.2020
29876
3 daqiqa o‘qiladi

Nodir Jumayev: «Monopoliyani yo‘qotish kerak»

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Nodir Jumayev Kun.uz'ga bergan intervyusida 11 mart kuni bo‘lib o‘tgan parlament eshituvidagi savollariga «O‘zavtosanoat» AJ vakillari tomonidan berilgan javoblardan qoniqmaganini ta'kidladi.

«Yig‘ilishda ba'zi bir savollarimga to‘liq javob ololdim, ba'zilariga esa ololmadim.

Mutasaddilar tomonidan berilgan javoblarning to‘g‘ri yoki to‘g‘ri emasligini parlament a'zolaridan iborat ishchi guruh tashkil qilib, avtomobil zavodining o‘ziga borib o‘rgangach, aytishimiz mumkin», deydi u.

Nodir Jumayevga ko‘ra, bozor qonunlari ishlamas ekan, bunday muammolar yuzaga kelaveradi.

«Bitta narsani ta'kidlashni istardim, bozor qonunlari to‘liq amal qilmas ekan va monopol korxonalar faoliyati davom etaverarkan, bunday muammolar ham yuzaga kelaveradi. Shuning uchun biz iqtisodiyotdagi qonunlarga to‘liq amal qilinishiga erishishimiz kerak.

Prezidentimiz raqamli iqtisodiyotga e'tibor qilgani bejizmas. Chunki raqamli iqtisodiyotda xufiyona iqtisodiyot bo‘lmaydi, hamma narsa shaffof bo‘ladi. Buning oxir-oqibat nafaqat mamlakat sanoatining rivojlanishiga, balki aholining farovonligini oshirishga xizmat qiladi», – deydi deputat.

Uning aytishicha, deputatlar tomonidan ishchi guruh tuzilib, milliy avtosanoat o‘rganiladigan bo‘lsa, birinchi o‘rinda import narxlar solishtiriladi.

«Dunyoda mashinalar allaqachon 3-4 litr benzin sarflayotgan vaqtda bizning mashinalarimiz haligacha 10-15 litr benzin sarflab yurishibdi. Shuning uchun ham monopoliyani yo‘qotib, sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishimiz kerak», deydi Jumayev.

Iqtisod fanlari doktori, professor Nodir Jumayevning aytishicha, odatda devalvatsiya bo‘lsa, eksport oshishi kerak, lekin avtosanoat misolida buning teskarisi bo‘lmoqda.

«Bizda devalvatsiya 100 foizga oshsayam, import oshib ketdi. Import hajmi eksportnikidan 6 mlrd.ga ko‘proq hozir. Bu tashqi savdoda katta muvozanatsizlikni keltirib chiqardi. Ma'lum darajada oltin zaxiralari, valuta mablag‘larining sarflanishiga sabab bo‘lmoqda. Bu esa O‘zbekistonda bozor iqtisodiyotining barcha qonunlariga to‘liq amal qilinmayotganidan dalolat beradi. Bu esa qator muammolarni keltirib chiqarmoqda.

Biz bozor iqtisodiyotiga to‘liq o‘tmas ekanmiz, qaysidir sohalarda ana shunday muammolarga duch kelaveramiz», – dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar va parlametlararo aloqalar qo‘mitasi a'zosi Nodir Jumayev.

Mavzuga oid