Jahon | 11:30 / 31.03.2020
61282
12 daqiqa o‘qiladi

Ular endi 30ta. NATO kengaygani haqida

27 mart kuni Bolqon yarimorolida joylashgan kichik davlatlardan biri Shimoliy Makedoniya NATOga a'zo bo‘ldi va shu tariqa ushbu harbiy blokka qo‘shilgan davlatlar soni 30taga yetdi.

Foto: NATO

Dushanba kuni Shimoliy Makedoniyani NATOga qabul qilish bo‘yicha yakuniy marosim - Bryusseldagi bosh qarorgoh oldidagi maydonda ushbu davlat bayrog‘ini ham ko‘tarish marosimi bo‘lib o‘tdi.

NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg va Shimoliy Makedoniyaning tashkilot qoshidagi ishonchli vakili Zoran Todorov qariyb bo‘sh maydonda nutq qilishdi.

Odatda bunday marosimlarda yuzlab rasmiy shaxslar va jurnalistlar ishtirok etgan bo‘lardi. Ammo hozir koronavirus pandemiyasi.

NATOning tashkil etilishi

Ikkinchi jahon urushi tugagach, uning g‘oliblaridan biri sifatida nafaqat g‘arbiy yarimshar, balki dunyoning eng qudratli davlatiga aylangan AQSh o‘z harbiylari Yevropada muqim o‘rnashib qolishini maqsad qilib bir nechta davlatlarda o‘z harbiy bazalarini ochdi.

AQSh Yevropadagi sanoqli harbiy bazalar yordamida SSSRning «sotsializm balosi»ga qarshi turib bo‘lmasligini tushunib yetadi va Yevropa mamlakatlari bilan harbiy blok tuzish rejasini tuza boshlaydi. Olib borilgan muvaffaqiyatli muzokaralar natijasida 1949 yil 4 aprelda AQSh, Kanada va Yevropaning 10ta davlati tomonidan NATO (North Atlantic Treaty Organization – Shimoliy Atlantika harbiy ittifoqi) tuzilgani e'lon qilinadi.

Alyansga Yevropa davlatlaridan birinchi bo‘lib Islandiya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Belgiya, Niderlandiya, Lyuksemburg, Norvegiya, Daniya, Italiya va Portugaliya qo‘shiladi. 1952 yil tashkilotga Gretsiya va Turkiya, 1955 yilda GFR a'zo bo‘lib kiradi.

1954 yil SSSR ham NATO bilan hamkorlik qilish uchun tashkilotga murojaat qiladi, ammo bu taklif a'zo davlatlar tomonidan rad etiladi. 1955 yil SSSR va uning Sharqiy Yevropadagi ittifoqdoshlari NATOga qarshi Varshava Shartnomasi Tashkiloti tuziladi (1955 yil 14 may kuni Varshavada Albaniya, Bolgariya, Vengriya, GDR, Polsha, Ruminiya, Chexoslovakiya va SSSR tomonidan «Varshava shartnomasi» imzolanadi) va SSSR Sharqiy Yevropadagi o‘z ittifoqchilari hududida harbiy bazalar qurishni boshlaydi.

45 yillik jimlik

NATOning kengayish tarixiga qarasak, unga 1955 yildan 1999 yilgacha birgina Ispaniya (1982 yilda) a'zo bo‘lganini ko‘ramiz.

1991 yil SSSR parchalangach Sharqiy Yevropadagi ko‘plab mamlakatlar sotsialistik tuzumdan voz kechib G‘arbga yuzlanishadi. Chexoslovakiyaning ikkiga bo‘linishi, Yugoslaviya tarkibidagi ittifoqdosh respublikalar o‘z mustaqilligini e'lon qilishi ortidan Yevropada bir necha mustaqil davlat paydo bo‘ladi. Ularga SSSR tarkibidan ajralib chiqqan Boltiqbo‘yi davlatlari qo‘shiladi va ularning barchasi NATOga kirish uchun navbati bilan murojaat qiladi.

1999 yil alyansga Vengriya, Chexiya, Polsha, 2004 yil Bolgariya, Latviya, Litva, Ruminiya, Slovakiya, Sloveniya va Estoniya, 2009 yil Albaniya va Xorvatiya, 2017 yil Chernogoriya, nihoyat 2020 yil Shimoliy Makedoniya 30-a'zo bo‘lib qabul qilinadi.

2004 yil Mixail Saakashvili prezidentlik vaktida Gruziya, 2005 yil yil Viktor Yushenko prezident bo‘lganidan keyin Ukraina NATOga a'zo bo‘lish uchun murojat qiladi. 2010 yil Ukrainaga Viktor Yanukovich prezident etib saylangach, NATOga kirish bo‘yicha muzokaralar to‘xtab qoladi.

2014 yil Rossiya Ukrainaga tegishli Qrim shahrini egallab, mamlakat sharqidagi Donetsk va Lugansk ayirmachilarini qo‘llab-quvvatlashni boshlagach (bu vaqtda Yanukovich Rossiyaga qochib ketgandi), Ukraina tomoni NATOga a'zo bo‘lish masalasida muzokaralarni davom ettirish taklifini bildiradi. Ammo tashkilotga a'zo davlatlar Ukrainaning taklifini rad etadi. Bundan tashqari, NATOga a'zo bo‘lishni xohlagan davlatda hudud bilan bog‘liq hech qanday ichki va tashqi muammo bo‘lmasligi kerak. Shu sabab Ukraina va Gruziyada alyansga kirish uchun oddiy byurokratik asos ham yo‘q edi. Gruziyada Abxaziya va Shimoliy Osetiya muammosi, Ukrainada esa Donetsk, Lugansk, Qrim muammosi...

NATO – Rossiya (SSSR) munosabatlari

1949 yil NATO tuzilar ekan SSSR bu tashkilotni o‘z xavfsizligi uchun jiddiy muammo sifatida baholaydi. SSSR tarqab ketganidan so‘ng imperiyaning vorisi Rossiyaga NATOning o‘zi tomonga, ya'ni Sharqqa qarab kengayishi yoqmaydi. Alyansga a'zo davlatlar esa Sharqiy Yevropadagi yangi a'zolarni tashkilot safiga qo‘shish vaqtida Rossiyaning e'tirozlarini inobatga olmaydi. Bunga javoban Rossiya qandaydir raketalarni mamlakat g‘arbiga joylashtirishi yoki «ultrazamonaviy» qurol yaratganini aytib qaysidir ma'noda po‘pisa qilib turadi.

2007 yil 7 iyunda Rossiya prezidenti Vladimir Putin «NATOga a'zo davlatlar va «Tinchlik yo‘lida hamkorlik» dasturida ishtirok etuvchi boshqa davlatlar o‘rtasida 1995 yil 19 iyunda imzolangan harbiy kuchlar statusi va unga qo‘shimcha protokolni ratifikatsiya qilish to‘g‘risida»gi qonunni imzolaydi.

Natijada 2008 yildan Rossiyaning NATOdagi doimiy vakili sifatida Dmitriy Ragozin ish boshlaydi. O‘sha yili 23 sentyabrda NATO bosh kotibi Yaap de Xoop Sxeffer va BMT bosh kotibi Pan Gi Mun o‘rtasida «BMT va NATO kotibiyatlari o‘rtasida hamkorlik deklaratsiyasi» imzolanadi. Rossiya darhol bu kelishuvga qarshi ekanini bildiradi.

Rossiya har qancha qarshilik ko‘rsatmasin bugun NATO samolyotlari Rossiya chegarasida alyansga a'zo davlatlar osmonini qo‘riqlamoqda.

NATOning moliyaviy ta'minoti

NATO moliyaviy ta'minotining katta qismini AQSh to‘lab beradi. Masalan, 2018 yil tashkilot yillik budjetining 22 foizini AQSh «bo‘yniga tushgan». Donald Tramp hukumat tepasiga kelgach, qolgan a'zolar yetarlicha mablag‘ ajratmayotganini keskin tanqid qila boshladi. Uning fikricha, NATO a'zolari o‘z yalpi ichki mahsulotining 2 foizini tashkilot uchun ajratsagina to‘g‘ri balans shakllanadi.

So‘nggi yillarda Germaniya NATO uchun ko‘p pul ajrata boshladi. 2019 yil dekabrda tashkilotga a'zo davlatlar NATO moliyaviy ta'minoti masalasida yangi kelishuv imzolaydi. Unga ko‘ra, 2019 yilda tashkilotning yillik budjeti 1,39 milliard yevroni tashkil etadi. Endi AQSh va Germaniya yillik budjetning 32 foizini 16 foizdan bo‘lib olib teng to‘laydi. 68 foiz xarajat esa qolgan 28 davlat o‘rtasida ularning YaIM hajmiga qarab taqsimlinadi.

NATOga a'zo davlatlarning yillik harbiy xarajatlariga qarasak, shubhasiz, AQSh bu borada nafaqat alyansdagilar orasida, balki dunyoda tengsiz. AQSh harbiy xarajatlar uchun yiliga o‘rtacha 700 milliard dollar sarflaydi. Bu navbatdan tashqari xarajatlardan tashqari. Taqqoslash uchun 2019 yilda harbiy xarajatlar bo‘yicha keyingi o‘rinlardagi Xitoy 250 milliard dollar, Rossiya esa 60 milliard dollar atrofida mablag‘ ajratgan.

NATO va hamkorlik

Foto:  U.S. Marine Corps / Cpl. Brennon Taylor

NATO dunyodagi eng qudratli harbiy alyans sifatida ko‘plab mamlakatlar bilan hamkorlik qiladi va o‘zaro o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazadi, harbiy mutaxassislar tayyorlab beradi. Jumladan, O‘zbekiston bilan ham 1994 yil 13 iyulda o‘zaro hamkorlik bitimi imzolangan.

«O‘ttizinchi snaryad»

Sobiq Yugoslaviya respublikalaridan biri bo‘lgan Shimoliy Makedoniya NATOga a'zo bo‘lish uchun ancha oldin murojaat qilgan, ammo Gretsiya bilan kelib chiqqan tortishuv ishni ortga surib kelayotgandi. Gap shundaki, bu davlat bir paytlar sobiq Yugoslaviya tarkibida bo‘lgan vaqtidayoq Makedoniya deb nomlanardi. 1991 yilda Makedoniya Yugoslaviya tarkibidan chiqib o‘z mustaqilligini e'lon qiladi.

Shundan so‘ng Gretsiya Makedoniya atamasi o‘ziga tegishli ekani va bu nom bilan mamlakat shimolida viloyat borligini aytib Makedoniyadan o‘z nomini o‘zgartirishni talab qila boshlaydi. Tabiiyki Makedoniya bunga ko‘nmaydi. O‘z navbatida NATOga qo‘shilmoqchi bo‘lgan davlatlarning qo‘shnilar bilan hech qanday mojarolari bo‘lmasligi kerakligi haqidagi bandga ko‘ra, Makedoniya alyansga qabul qilinmaydi. Qolaversa, NATOga qo‘shilish uchun unga a'zo bo‘lgan barcha davlatlarning roziligi kerak. Gretsiya ana shu banddan foydalanib uzoq yillar Makedoniyaning tashkilotga a'zo bo‘lishiga rozi bo‘lmay keldi.

Uzoq davom etgan muzokaralardan so‘ng Makedoniya yon berdi. Ikki davlat bir to‘xtamga keldi va 2018 yil 12 iyunda davlat o‘z nomini Shimoliy Makedoniya deb o‘zgartirishga rozi bo‘ldi. Oradan 5 kun o‘tib, 17 iyun kuni ikki mamlakat o‘rtasida joylashgan Prespa ko‘li sohilida tantanali marosim o‘tkazilib, tomonlar kelishuv shartnomasini imzoladi. «Prespa shartnomasi» nomini olgan kelishuvga ko‘ra, Makedoniya o‘z nomini o‘zgartirish bo‘yicha jarayonni boshlaydi, Gretsiya esa uning NATOga qo‘shilishiga rozi bo‘ladi.

Foto: REUTERS / Ognen Teofilovski

2018 yil 30 sentyabrda Makedoniyada referendum o‘tkaziladi, unda qatnashganlarning 91 foizi ikki davlat o‘rtasidagi kelishuvga roziligi so‘ralgan byulletenlarda «Ha» degan javobni belgilaydi. Qizig‘i, saylov byulletenlarida «Siz mamlakat nomi Makedoniyadan Shimoliy Makedoniyaga o‘zgarishiga rozimisiz?», deb emas, «Siz Makedoniya va Gretsiya o‘rtasidagi kelishuvga va shu asnoda mamlakatning Yevropa Ittifoqi va NATOga qo‘shilishiga rozimisiz?», deb so‘ralgan edi. Referendumda savolning bunday tarzda qo‘yilgani Makedoniya o‘z nomini o‘zgartirishni unchalik istamagani, biroq mamlakat manfaati uchun bunga majbur bo‘lganini anglatadi.

2019 yil 11 yanvarda Makedoniya parlamenti mamlakat nomini o‘zgartirishni qo‘llab ovoz beradi va Gretsiya bilan erishilgan kelishuv ratifikatsiya qilinadi. 2019 yil 25 yanvarda Gretsiya parlamenti ham hujjatni ratifikatsiya qilgach kelishuv kuchga kiradi. 2019 yil 6 fevralda Shimoliy Makedoniyaning NATOga a'zo bo‘lishi haqida ikki tomonlama protokol imzolanadi. 12 fevralda Makedoniyada mamlakat rasmiy nomini Shimoliy Makedoniya respublikasi deb o‘zgartirish haqidagi qonun kuchga kiradi va shundan keyin bu mamlakat uchun NATO hamda Yevropa Ittifoqiga a'zo bo‘lish eshiklari ochiladi.

Joriy yil 21 martda Shimoliy Makedoniyaning NATOga a'zo bo‘lishi haqidagi shartnoma imzolandi va shu tariqa 27 mart kuni Shimoliy Makedoniya alyansning 30-a'zosiga aylandi.

Bonusiga Yevropa Ittifoqi

Makedoniya NATO a'zosiga aylanish uchun o‘lib-tirilgandi deb o‘ylasangiz, adashasiz. Bu kelishuv, har qancha g‘alati bo‘lmasin, bir parchagina Makedoniya uchun emas, dunyodagi eng yirik harbiy alyans NATO uchun yaxshiroq bo‘ldi. Aynan NATO bu voqea sodir bo‘lishini ko‘proq xohladi. Makedoniya, to‘g‘rirog‘i Shimoliy Makedoniya uchun asosiy maqsad Yevropa Ittifoqiga kirish edi. Buning uchun esa avval NATOga kirish kerak edi.

27 mart kuni Shimoliy Makdoniya NATO a'zosiga aylangach Yevropa Ittifoqi bu mamlakatni o‘z safiga kiritishi bo‘yicha ishlar boshlandi. Yevropa Ittifoqi a'zosiga aylanish Shimoliy Makedoniyaga NATOga qo‘shilgani uchun bonus tariqasida berildi desak, bo‘rttirish bo‘lmaydi. Axir YaIM hajmi 12 milliard dollar bo‘lgan davlat uchun dunyoning eng boy ittifoqiga qo‘shilish orzuning o‘zginasi, shunday emasmi?

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi

Mavzuga oid