O‘zbekiston | 08:28 / 15.09.2020
21008
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston qarzga olgan pullar nimaga sarflanmoqda?

2020 yil 1 iyul holatiga O‘zbekiston Respublikasi nomidan va uning kafolati ostida jalb qilingan qarz qoldig‘i dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra 19,4 mlrd. dollar ekvivalentini yoki yalpi ichki mahsulotga (YaIM) nisbatan 34,0 foizni tashkil etdi.

Xususan, joriy yilning I yarim yilligida davlat tashqi qarzi 1,6 mlrd. dollarga yoki yil boshiga nisbatan 10,5 foizga oshib, joriy yilning 1 iyul holatiga 17,31 mlrd. dollarga yoki YaIMga nisbatan 30,3 foizga yetdi.

Moliya vazirligi qarzga olingan pullar nimaga sarflanayotgani to‘g‘risidagi ma'lumotni ochiqladi.

2020 yil yanvar-iyun oylarida imzolangan davlat tashqi qarzi bitimlari:

Jahon bankidan 100 mln dollar “Obod qishloq” loyihasiga;

Neft eksport qiluvchi mamlakatlar uyushmasi (OPeK)dan 53,4 mln dollar Namangan shahri, Namangan viloyatining Zarkent va Xo‘jakent tumanlarining suv ta'minoti va oqava suv tizimlarini modernizatsiyalash loyihasiga;

Jahon bankidan 200 mln dollar Iqtisodiy islohotlar dasturini qo‘llab-quvvatlashni qo‘shimcha moliyalashtirishga (DPO 2);

Xalqaro valuta jamg‘armasidan 125 mln dollar va 250 mln dollar iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlashga;

Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar bankidan 82 mln dollar “Obod qishloq” loyihasiga.

2020 yil yanvar-iyun oylarida berilgan davlat kafolatlari:

Rossiya tashqi iqtisodiy faoliyat bankidan 28,3 mln. yevro To‘palang GESni modernizatsiya qilishga;

Rossiya tashqi iqtisodiy faoliyat bankidan 38,8 mln. yevro Quyi chotqol GES qurilishiga;

Rossiya tashqi iqtisodiy faoliyat bankidan 34,2 mln. yevro Darg‘om kanalida Bog‘ishamol 2-kichik GES qurilishiga;

Xitoy davlat taraqqiyoti bankidan 309,0 mln. dollar "O‘zbekiston havo yo‘llari" milliy aviakompaniyasi uchun “Boing 787-8” rusumidagi 3 ta samolyotlarni sotib olishga.

Avvalroq, davlat tashqi qarzining valuta tarkibi to‘g‘risida ma'lumot berilgandi.

Mavzuga oid