O‘zbekiston | 21:40 / 07.12.2020
15638
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda 14 mln kishi o‘z mehnat huquqlarini bilmaydi – vazir o‘rinbosari

Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o‘rinbosari Bahodir Umrzoqov O‘zbekistonda mehnat bilan band bo‘lgan aholining aksar qismi o‘z huquqlarini bilmasligi, buning oqibatida ko‘plab tushunmovchilik va nizolar kelib chiqishi haqida gapirdi.

Bahodir Umrzoqov / Foto: KUN.UZ

«O‘zbekistonda jami mehnat bilan band bo‘lgan aholi 19 mln kishini tashkil etadi. Shundan 14 mln kishi o‘zining mehnat huquqlarini aniq bilmaydi. Bu holat bizni juda og‘ir ahvolga keltirmoqda.

Chunki rahbar xodimlar, ya'ni ish beruvchilar va yollanma ishchilar uchrashganda ikkala tomonning ham mehnat huquqlariga e'tibori juda sust. Ayniqsa, xususiy tadbirkorlik borasida. Bugun mehnat huquqlarining har uchtadan ikkitasi buzib kelinyapti. Bu juda katta va yomon ko‘rsatkich.

Shuning uchun biz birinchi navbatda xususiy tadbirkorlik, qishloq xo‘jaligi, sanoat va xizmat ko‘rsatish sohalarida barcha mehnat qonunlarini takomil jihatdan me'yoriga keltirdik. O‘ylaymizki, shu yillarda bu borada juda katta tashkiliy-huquqiy ishlarni amalga oshiramiz. Buni hammangiz sezasizlar», deya Bahodir Umrzoqovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Shuningdek, mutasaddi mehnat migratsiyasi yo‘nalishida bajarilgan ishlarga ham to‘xtaldi. U o‘tgan ikki yil davomida migrantlarga davlat tomonidan ijtimoiy va moddiy yordam ko‘rsatish tizimi ham yo‘lga qo‘yilganini ta'kidladi.

«O‘tgan ikki yil ichida eng muammoli yo‘nalishimiz bo‘lgan mehnat migratsiyasi masalalarida ko‘p ishlar bajarildi.

Mehnat migrantlarining ijtimoiy kafolatlari, mehnat tarzi va ularga moddiy yordam berish bo‘yicha qonun va qarorlar qabul qilindi. Xorijga norasmiy chiqib ketgan mehnat migrantlarimiz qiyin va xavfli sharoitlarda qolgan paytlarida davlat ularga bevosita yordam bermoqda. Hatto samolyotda uchib ketishi, 3 oylik yashashi uchun sharoit va oziq-ovqat bilan ta'minlab berish masalasida ham qonuniy tadbirlar ishlab chiqilgan.

Eng og‘iri, o‘sha mehnat migratsiyasiga ketganlarning halok bo‘lishi yoki jarohat olishidir. Bu bo‘yicha ham davlat tomonidan yordam berish maqsadida mehnat migrantlarini ijtimoiy himoyalash jamg‘armasi tashkil etildi.

Shu yilda chet eldan 211 kishi jasadi davlat hisobidan olib kelinib, janozalari o‘tkazildi. Dafn marosimlari tashkil qilinib, oilalariga moddiy yordam berildi», dedi vazir o‘rinbosari AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida.

Avvalroq, Senatda migrantlar bo‘yicha parlament so‘roviga hukumatning javobi ko‘rib chiqilgandi. Unda Senatning xalqaro munosabatlarga mas'ul qo‘mitasi raisi Ravshanbek Alimov haligacha Rossiyadagi o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarining huquqlarini himoya qiluvchi tizim yo‘qligini aytgan edi.

Mavzuga oid