O‘zbekiston | 09:01 / 17.08.2021
2361
3 daqiqa o‘qiladi

Qoraqalpog‘istondagi tumanda 100 nafardan ortiq mansabdor javobgarlikka tortildi

Taxiatosh tumani prokuraturasi tomonidan joriy yilning birinchi yarmida qonun talablarining ijrosi yuzasidan nazorat tadbirlari o‘tkazilgan. Unga ko‘ra, 100 nafardan ortiq mansabdor shaxs intizomiy va ma'muriy javobgarlikka tortilgan. 157 nafar shaxsning buzilgan huquqlari tiklangan.

Xususan, o‘rganishlarda yil boshidan tuman bandlikka ko‘maklashish markaziga 3956 nafar fuqaro ish so‘rab murojaat qilgani, ammo ulardan atigi 482 nafari ish bilan ta'minlangani aniqlangan.

Tahlillarga ko‘ra, aholi bandligini ta'minlashda yuritilgan hisobotlar faqat tashkilot tomonidan yuborilgan fuqarolarning yo‘llanmasiga imzo qo‘yib berishdan iborat bo‘lib qolgan. Ishsiz sifatida ro‘yxatda turgan fuqarolar ish bilan ta'minlanmagan.

Aniqlanishicha, 2020 yilda tumanda 5 marotaba mehnat yarmarkasi o‘tkazilib, ko‘rsatkichlar faqat raqamlarda aks etgan. Aholi bilan uchrashuvlar va joylardagi sayyor qabullar esa hisobotlardagi raqamlarning teskarisini ko‘rsatgan. Eng achinarlisi, davlat tomonidan subsidiya mablag‘lari ajratilib, aholining kam ta'minlangan qatlamlariga issiqxona va suv nasoslari qurilib berilayotgan bo‘lsa-da, markaz hamda joylardagi o‘zini o‘zi boshqarish organlari o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yilmagani natijasida issiqxonaning deyarli barchasidan maqsadli foydalanilmasdan kelingan.

Bundan tashqari, aholi bandligini ta'minlash uchun mas'ul bo‘lgan tashkilotning o‘zida o‘tkazilgan tekshirish natijasida 15 ta holatda qonun buzilishi holatlari aniqlangan. 3 nafar mansabdor shaxs ma'muriy javobgarlikka tortilib, yetkazilgan 5 mln 400 ming so‘m zarar ixtiyoriy qoplangan.

Qo‘shimcha qilinishicha, tuman hududidagi korxona va tashkilotlarda davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida qo‘pol qonun buzilishi holatlari mavjudligi aniqlandi. Xususan, tuman maktabgacha ta'lim bo‘limi tomonidan boshlang‘ich narxni pasaytirish uchun o‘tkaziladigan auksion savdolari orqali emas, balki qismlarga bo‘lingan holda 61 ta holatda 117 mln 132 ming so‘mlik davlat xaridlari elektron do‘kon orqali amalga oshirilgani ma'lum bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldin Qoraqalpog‘istonda transport vaziri va hokim o‘rinbosari jarimaga tortilgandi.

Mavzuga oid