Jalaquduq hokimi xususiy bog‘chaga tegishli mulkni qaytarib bermayapti
Andijon viloyati Jalaquduq tumani hokimi tumandagi xususiy bog‘chaga tegishli 150 million so‘mlik “besedka”ni qaytarib berish sharti bilan olib ketganida taqvimda 2021 yilning mart yo aprel oyi edi. Hozir esa 2022 yilning iyuli – ayvoncha haligacha qaytarilmagan.
20 sotix maydondagi 250 o‘rinli “Yurtim bolajonlari” nodavlat bog‘chasi 2017 yilda qurib bitkazilgan. Keyinchalik yana 20 sotix yer maydoni ajratilib, bog‘cha faoliyati kengaytirilgan. O‘shanda bog‘cha hududida madaniyat va ma’rifat xonasi sifatida foydalanish uchun 14 metrlik suhbattom (“besedka”) qurilgan. 3 yil davomida tarbiyalanuvchilar bu ayvonchadan foydalanib kelgan.
Tadbirkor Ziyoda Haydarovaning aytishicha, tuman hokimi Hikmatulla Latipov ayvonchani vaqtincha foydalanish va qaytarib berish sharti bilan olib ketgan.
“Besedka”mni olib ketishganiga ikki yil bo‘ldi. Hozirgacha shuni qaytarib ololmayapman. Ko‘p joylarga, hokim o‘rinbosarlari, hokimga bir necha marotaba murojaat qildim. Tuman hokimi kelib viloyat hokimi o‘rinbosari Botirjon Hamrayev aytdi, deya “besedka”ni so‘ragan va men unga ishonib berganman. Viloyat hokimiga ham murojaat qildim. Baribir natija bo‘lmadi.
“Besedka”ning qayerdaligini bilmayman. Katta mashinada olib ketishgandi. Ichidagi pardalargacha olib ketishgan”, – deydi tadbirkor.
Kun.uz muxbiri holat yuzasidan tuman hokimi Hikmatulla Latipovdan izoh oldi. Hokim dastlab “besedka”ni tadbirkor emas, viloyatdan kelib uni olib ketganlar qurganini ta’kidladi. Kim bilandir telefon orqali gaplashgach esa, uni o‘zi olganini va o‘rniga boshqa qurib berishini aytdi.
Kun.uz muxbirining “besedka” nima sababdan olib ketilgani va qaytarib berilmayotgani, topshiriqni kim bergani hamda ayni paytda u qayerda ekani haqidagi savollariga hokim javob berishni xohlamadi.
“Besedka”ni tuman hokimligi olgan. Men o‘rniga yangisini qurib beraman. Qurilishi tez orada boshlanadi. Olib ketilgan “besedka” yaroqsiz holatga kelib qolgan. O‘zim qurib beraman”, – dedi Hikmatulla Latipov.
Hokimlikning tadbirkor mulkini bu tarzda aldab olib ketishi “zamonaviy qaroqchilik”ka o‘xshaydi go‘yo.
Abduvali Qurbonov,
Kun.uz muxbiri
Foto – Azizbek Ismoilov
Mavzuga oid
11:26 / 23.12.2024
Tuman va shaharlar hokimliklariga qo‘shimcha ma’muriy vakolatlar beriladi
14:21 / 21.12.2024
Hokimlar va futbol. Yil boshidagi maqsad va xarajatga yarasha qanday natijaga erishildi?
15:01 / 17.12.2024
Andijonda fuqarolarning mashinalarini ijaraga olib, ularni yo‘q qilish bilan shug‘ullangan yirik uyushgan guruh ustidan sud boshlandi
20:18 / 30.11.2024