Jahon | 09:01 / 02.08.2022
4554
3 daqiqa o‘qiladi

OAV Anatoliy Chubaysning ahvoli yaxshilangani haqida xabar berdi

RF prezidentining sobiq maxsus vakili Anatoliy Chubays Giyen-Barre sindromi tashxisi bilan Yevropa klinikalaridan biriga yotqizildi, deb xabar berdi avvalroq Kseniya Sobchak. Chubaysga yaqin manbalarga ko‘ra, uning salomatligi yaxshilangan.

Foto: TASS

Giyen-Barre sindromi tashxisi bilan Yevropa klinikalaridan biriga yotqizilgan «Rosnano» kompaniyasining sobiq rahbari Anatoliy Chubaysning sog‘lig‘i yaxshilandi. Bu haqda 1 avgust, dushanba kuni Chubaysga yaqin bo‘lgan bir nechta manbalarga tayanib, TASS va «Meduza» xabar berdi. 

Teleboshlovchi Kseniya Sobchak bir kun oldin Chubaysning rafiqasi Avdotya Smirnovaga tayangan holda, Chubays jonlantirish bo‘limida yotganini aytgandi. «Vaziyat beqaror, qo‘l va oyoqlar birdan tortisha boshladi», deb yozdi Sobchak Telegram-kanalida. La Repubblica nashrining yozishicha, Chubays Sardiniyada dam olish vaqtida o‘zini yomon his qilgan hamda Italiyaning ushbu orolidagi shifoxonaga olib ketilgan. 

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Kreml voqea tafsilotlarini bilmasligini aytdi, u Chubaysning tuzalib ketishini tilab, «Rosnano» sobiq rahbari yordam so‘rasa, Rossiya yordam berishini va’da qildi. 

Mart oyi oxirida prezident Vladimir Putinning maxsus vakili sifatida ishlagan Anatoliy Chubays o‘z lavozimini tark etib, Rossiyadan chiqib ketgani ma’lum bo‘ldi. RBK manbalariga ko‘ra, Chubays Istanbulga ko‘chib o‘tgan, biroq Rossiyaga «qaytmoqchi bo‘lgan». Keyinroq Kreml Chubays o‘z xohishi bilan iste’foga chiqqanini tasdiqladi. Xabar berilishicha, Chubays «Sistema» AFK direktorlar kengashini ham tark etgan va «Elektrozavod» kompaniyasi direktorlar kengashi tarkibidan ketgan. 

Giyen-Barre sindromi - bu odamning immun tizimi o‘z periferik nervlariga zarar yetkazadigan kam uchraydigan holat. Kasallik har qanday yoshdagi odamlarda kuzatilishi mumkin, lekin ko‘pincha kattalar va erkaklarda uchraydi. Giyen-Barre sindromining rivojlanishi ko‘pincha bakterial yoki virusli infeksiyadan keyin sodir bo‘ladi. 

Kasallikning dastlabki belgilari holsizlik yoki kuchsiz og‘riq hissini o‘z ichiga oladi. Ular odatda oyoqlarda boshlanadi, keyin qo‘llar va yuzga tarqalishi mumkin. Ba’zi odamlarda bu alomatlar oyoq, qo‘l yoki yuz mushaklarining falajiga olib kelishi mumkin. Aksariyat odamlar Giyen-Barre sindromining eng og‘ir holatlaridan ham to‘liq tiklanadi. 

Mavzuga oid