Jamiyat | 23:26 / 30.08.2022
29490
2 daqiqa o‘qiladi

"Range Rover" avtomobilida xavfli tarzda harakatlangan haydovchiga chora ko‘rildi

YHXH huquqbuzarlikni videoga olgan haydovchi va "Nexia 3" haydovchisining ham shaxsini aniqlamoqchi. Ularning harakatlariga ham huquqiy baho berilishi ma’lum qilindi.

Foto: Videodan kadr

Ijtimoiy tarmoqlarda "Range Rover" rusumli, 01 517 LJA davlat raqam belgili avtomobil haydovchisi avariya holatini yuzaga keltirishi mumkin bo‘lgan turli xavfli manyovrlar bilan harakatlanganligi aks etgan video tarqaldi.

IIV Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining ma’lum qilishicha, mazkur video xodimlar tomonidan o‘rganilib, haydovchi, 1979 yilda tug‘ilgan Dilmurod Nishonovga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 128⁵-moddasi 2-qismi bilan chora ko‘rildi.

Ta’kidlanishicha, har qanday qoidabuzarlik va huquqbuzarlik uchun qonunda belgilangan tartibda chora ko‘riladi.

Shuningdek, Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati ayrim ijtimoiy tarmoq obunachilaridan asoslantirilmagan, aniqlik kiritilmagan ma’lumotlarni turli noo‘rin izohlar bilan omma e’tiboriga tarqatmaslikni so‘ragan.

“Holatda aks etgan barcha ishtirokchilarning xatti-harakatiga huquqiy baho beriladi, mazkur yo‘nalishda surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Shuningdek, ushbu videolavhani tasvirga olgan transport vositasi haydovchisi hamda "Nexia 3" rusumli avtomobilni boshqargan haydovchilarning shaxsini aniqlashga qaratilgan tadbirlar olib borilmoqda, ularning harakatlariga ham huquqiy baho beriladi.

Barcha haydovchilardan qoidalarga rioya qilishlarini so‘raymiz”, deyiladi xabarda.

Avvalroq Bunyodkor shohko‘chasida qarama-qarshi harakatlangan “Lasetti” haydovchisi 15 sutkaga qamalgani haqida xabar berilgandi.

Mavzuga oid