Navoiyda ehtiyojmandlarga ajratilgan yordam pullari “tuya” qilinyapti
Kun.uz surishtiruvidan ma’lum bo‘lishicha, Navoiy viloyatidagi 1650 ta ehtiyojmand oilaning har bir farzandiga maktab formasi uchun ajratilgan 300 ming so‘mdan pul ro‘yxatdagi hammaga ham yetib bormagan. Xatirchida esa pul emas, narxi 300 ming so‘mdan arzon maktab formasi tarqatilgan va odamlardan go‘yoki ular naqd pul olgani haqidagi hujjatga imzo qo‘ydirib olingan.
Shu yil 19 avgustda Navoiy viloyati hokimligida yig‘ilish o‘tkazilgan va unda “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi mablag‘laridan foydalanish masalasi ko‘rib chiqilgan.
Yig‘ilish bayoniga ko‘ra, viloyatdagi 1650 ta ehtiyojmand oila farzandlariga maktab formasi va o‘quv qurollari xarid qilish uchun 300 ming so‘mdan jami 495 million so‘m moddiy yordam puli ajratilgan.
Kun.uz'ning aniqlashicha, bu pullar shakllantirilgan ro‘yxatdagi ehtiyojmand oilalarning hammasiga ham yetib bormagan.
Viloyatning ayrim tumanlarida, xususan Xatirchida pul o‘rniga majburiy ravishda bozor narxi 300 ming so‘mdan ancha arzon bo‘lgan forma tarqatilgan hamda fuqarolarga pul olgani haqidagi ro‘yxatga imzo qo‘ydirib olingan.
Aslida, xalq deputatlari Xatirchi tumani kengashining 2022 yil 31 avgustdagi qarorida, tumandagi 350 ta ehtiyojmand oilaga 300 ming so‘mdan pulni naqd berish nazarda tutilgan.
Mahalliy kengash qaroriga 350 ta oilaning ro‘yxati ham ilova qilingan. Kun.uz ro‘yxatdagi ba’zi oilalar bilan bog‘lanib ko‘rdi.
Jumladan, tumanning Bog‘chakalon mahallasida yashovchi Lola Boboyorova pul o‘rniga maktab formasi berilganini, Navro‘z mahallasidan Surayyo Bozorova va Lola Sultonova esa pul ham, forma ham berilmaganini ma’lum qildi.
Yana bir fuqaro esa majburiy tarzda maktab formasi berilgani va 300 ming so‘m pul olgani haqidagi ro‘yxatga imzo qo‘yidirilgani, berilgan forma bu narxga arzimasligini, bozordan 240 ming so‘mga undan sifatlirog‘ini xarid qilganini bildirdi.
Kun.uz manbasiga ko‘ra, o‘quvchilarga tumanda faoliyat yurituvchi “Zamiraxon-2019” xususiy korxonasi tomonidan tikilgan maktab formalari tarqatilgan.
Aslida 2022 yilning 12 avgust kuni ham ayni shu masalada yig‘ilish bayonnomasi ishlab chiqilgan. Biroq viloyat rahbari Normat Tursunov uni tasdiqlamagan. Bu bayonnomada ehtiyojmand oilalar farzandlarini maktab formasi bilan bepul ta’minlash taklifini Navoiy viloyati hokimi o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Malika Mamadiyarova bildirgani, formani xarid qilish tijorat takliflarini ko‘rib chiqish asosida tanlab olingan tikuvchilik korxonasi bilan uch tomonlama shartnoma tuzish asosida amalga oshirilishi belgilab qo‘yilganini o‘qish mumkin.
Garchi bu yig‘ilish bayoni viloyat rahbari tomonidan tasdiqlanmagan bo‘lsa-da, tumanlarda tikuvchilik korxonalari bilan shartnomalar imzolashga kirishib ketilgan.
Jumladan, Qiziltepa tumanida «Yasmina Unique Development» MChJ bilan tuman Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi o‘rtasida 680 mln so‘mga 2100 ta maktab formasi yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolangan. Unga ko‘ra, 1-6 sinf bolalari formasi 300 ming so‘mdan, 7-11 sinf bolalari formasi esa 350 ming so‘mdan hisoblangan.
Qiziq tomoni shundaki, ochiq manbalardagi ma’lumotlarda Subhiddin Narziyev rahbarlik qiladigan mazkur MChJning faoliyat turi teleapparaturalar ulgurji savdosi ekanini ko‘rish mumkin.
Mavzu ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgach, Navoiy viloyati Oila va xotin-qizlar boshqarmasi rasmiy munosabat bildirib, formalarni xarid qilishda tadbirkorlik sub’yektlarini tanlash rejalashtirilmagani, ajratilgan moddiy yordam pullari oilalarning plastik kartasiga ko‘chirib berilishini ma’lum qildi. Ammo viloyatning ayrim hududlarida buning aksi qilinyapti.
Holatni tegishli organlar o‘rganib ko‘rib, ehtiyojmandlarga ajratilgan pulga ko‘z olaytirganlarga ta’sir choralari qo‘llanilmas ekan, bu kabi harakat davom etishi mumkin.
Ruslan Saburov,
Kun.uz muxbiri
Mavzuga oid
12:08 / 21.12.2024
Zagrebdagi maktabda pichoqli hujum: bir bola halok bo‘ldi, yaralanganlar bor
19:39 / 19.12.2024
Namanganda maktab direktori xizmat xonasini qimorxonaga aylantirdi
16:56 / 13.12.2024
Andijonda hokim o‘quvchilarni armiyaga yubordi, IIB boshlig‘i “qizil toifa”ga ajratdi. Bu to‘g‘rimi? - mutaxassislar bilan suhbat
16:07 / 03.12.2024