O‘zbekiston | 16:12 / 11.09.2022
23057
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent shahar Ekologiya boshqarmasi boshlig‘i qo‘yib yuborildi

Chilonzor va Uchtepa tumanlarida ikkita yashil hudud payhon qilinishi bilan bog‘liq vaziyatni prezident administratsiyasi rahbari Sardor Umrzoqov nazoratiga olgan.

Foto: Telegram / Rasul Kusherbayev

Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i Farhod Dehqonov qo‘yib yuborilgan. Bu haqda bloger Nikita Makarenko xabar berdi.

U daraxtlar kesilishi va qurib qolishi bilan bog‘liq holatlar bo‘yicha asosiy aybdorlarni javobgarlikka tortish kerakligi, shu bilan birga, ekologlar daraxtzorlarni qurilish uchun ajratib berganlarni himoya qilayotganini ta’kidlagan.

Uning manbalari bu masala prezident administratsiyasi nazoratida ekani, ekolog qo‘yib yuborilganini xabar qilishgan.

Shu bilan birga, Farhod Dehqonov mazkur ish doirasida hamon gumonlanuvchi sifatida qolmoqda.

Farhod Dehqonov 9 sentabr kuni Jinoyat kodeksining 205-moddasi 2-qismi «a» bandi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish, davlat yoki jamiyatga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazish)da nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda gumonlanib, hibsga olingandi. 

Undan oldinroq, 8 sentabr kuni Toshkent shahrining Chilonzor va Uchtepa tumanlarida 100 tup daraxt nobud bo‘lgani xabar qilingandi. Chilonzordagi holatda 58 tup daraxt kesib tashlangan bo‘lsa, Uchtepada 42 tup daraxt qurib qolgan.

Chilonzor tumani prokuraturasi qarshisida tunda Dream House Stroy qurilish kompaniyasi uchun ajratilgan 0,2 ga maydondagi 58 tup ko‘p yillik daraxtlar kesib tashlangan. Prokuratura bu fakt bo‘yicha jinoiy ish ochgan. Keyingi kuni yetkazilgan zarar miqdori qariyb 800 mln so‘mni tashkil etishi, bu zarar quruvchi tashkilot tomonidan qoplangani, shuningdek uch nafar gumonlanuvchi qo‘lga olingani xabar qilindi.

Ikkinchi holat bo‘yicha ham o‘sha kuni, 8 sentabrda ma’lum bo‘lgandi. Bu holat «Vatan» kinoteatri oldida, sobiq tramvay deposi o‘rnida, «Dream House Stroy» MChJga tegishli yer maydonida ro‘y bergan. Lutfiy va Xirmontepa ko‘chalari kesishmasidagi bu hududda 42 tup daraxtdan 27 tasi ko‘chirib o‘tkazilgani uchun, 4 tasi esa qarovsizlik oqibatida qurib qolgan. 

Qolaversa, har ikkala yer maydonini Toshkent shahar hokimligi 2020 yilda, ya’ni daraxt kesishga moratoriy allaqachon kuchda bo‘lgan vaqtda tadbirkorlarga ajratib bergan.

Mavzuga oid