O‘zbekiston | 13:16 / 10.11.2022
35357
4 daqiqa o‘qiladi

Vengriya va Turkiy davlatlar tashkiloti – bu yerda qanday bog‘liqlik bor?

Ayni paytda Samarqand shahri mezbonlik qilayotgan Turkiy davlatlar tashkiloti sammitida Vengriya ham kuzatuvchi sifatida ishtirok etmoqda. Yevroittifoq a’zosi, bir qarashda turkiy til va madaniyatga aloqador bo‘lmagan bu davlatning tashkilotdagi faol ishtiroki, yana bevosita hukumat rahbarining yetib kelishi ko‘pchilikni hayron qoldiryapti.

Xo‘sh, Vengriya bu tashkilotda nima qilmoqda? 

Tarixiy ildizlar

Vengriya bugungi kunda Yevropa markazidagi davlatlardan biri bo‘lsa-da, Islom dini, turkiy madaniyatga begona bo‘lmagan tarixga ega mamlakat. Qadimdan uning hududida musulmonlar muntazam yashab kelishgan. Vengerlar sharq davlatlar tomonidan mojarlar deb atalgan va bugungi kunga qadar bu atama bor. Venger tilida turkiy so‘zlar juda ko‘p uchraydi. Bu davlatning qishloqlarida yashovchi dehqonlari, hunarmandlar, umuman olganda oddiy xalq turmush tarzida turk madaniyati ta’siri kuchli.

Vengerlarning ajdodlari qadimda Osiyoda yashagan va IX asrda Ural daryosi bo‘ylaridan Yevropaga ko‘chib borgan. Vengriyaning davlat tili bo‘lmish mojar tili ural tillari oilasiga mansub hisoblanadi.

Sulton Sulaymon va lashkarboshi Ibrohim poshsho boshchiligida 1526 yil 29 avgustda bo‘lib o‘tgan Moxach jangida venger-chex-xorvat qo‘shinlari mag‘lub bo‘lgandan so‘ng, Vengriya yerlarining katta qismi Usmoniylar imperiyasi tasarrufiga o‘tdi. 1541 yildan boshlab turklar Markaziy Vengriyani to‘liq boshqarishni boshladilar va u yerda beshta viloyat – Buda, Kanija, Temeshvar, Eger, Varadni tashkil qildilar.

Usmoniylar tomonidan fath qilingan Vengriya yerlari o‘rnida yangi hudud – 1526-1699 yillarda mavjud bo‘lgan Usmoniy Vengriyasi tashkil topdi. Mamlakatning aksariyat dehqonlari turklarning kelishini mahalliy feodallarning chidab bo‘lmas darajadagi zulmidan qutulish deb hisoblagan. Turklar venger dehqonlari hayotining ko‘p sohalarini erkinlashtirdilar. O‘sha paytdagi Yevropadagi katoliklar va protestantlar o‘rtasidagi qonli janjallardan farqli o‘laroq, turklar dinlarni taqiqlamadi, ularga erkinlik berildi.

Urushdan keyingi yillardagi tartibsizliklardan va yangi musulmonlar jamoasining paydo bo‘lishidan foydalanib, Islomni qabul qilgan ko‘plab oddiy vengerlar Usmoniy imperiyasi qo‘shinida yuqori martabalarga ko‘tarilgan.

XVII asrda Usmoniy Vengriyasining 39 shahrida 165 ta asosiy maktab va 77 ta o‘rta va oliy diniy maktablar (madrasalar) bo‘lgan. Maktablarda yozuv, hisob, Qur’on o‘qish va ibodat qoidalari o‘qitilgan. Shuningdek, turklar turk hammomlari, masjidlari va favvoralarini qurganlar. Vengriyaning har bir shahrida masjidga tutashgan musulmonlar mahallasi va cherkovga tutash xristianlar mavzesi joylashgan. Xristianlik taqiqlanmagan yoki ta’qib qilinmagan.

Zamonaviy dunyo

Bugungi kunda dunyoda iqtisodiy hamkorlik aksariyat siyosiy qarashlarni chetga suradigan vaziyat hukm surmoqda. Vengriya sotsialistik yo‘lda ancha vaqt yo‘qotib, oxir oqibat erkin bozor iqtisodiyotiga o‘tgan va izchil rivojlanayotgan mamlakatdir.

Bu davlat rahbari Viktor Orban o‘z mamlakati taraqqiyoti uchun yangiliklarni tatbiq etishdan qo‘rqmaydigan, faol islohotlar o‘tkazayotgan va o‘zaro foydali bo‘lgan tashkilotlar, davlatlar aro munosabatlarga doim xayrixohlik bildirib keladigan siyosatchi hisoblanadi.

Vengriyaning O‘zbekiston bilan munosabatlari ham juda yaxshi. Davlatlar rahbarlari bir-birlarini do‘st deb atashadi. Samarqand sammitiga ham Viktor Orban birinchi bo‘lib yetib keldi va ikki davlat o‘rtasidagi biznes-forum tadbirning o‘ziga xos debochasi bo‘ldi.

Kelajak

Tarixdagi Vengriya-Turkiya janglari darsliklarda, filmlarda eslansa-da, davlatlar eski ginalarni unutib, hamkorlikning yangi shakllarini yo‘lga qo‘yish ustida ishlamoqda.

Rahbarlarning turli doiralarda, jumladan bo‘lib o‘tishi kutilayotgan Turkiy davlatlar sammiti doirasidagi qator uchrashuvlaridan maqsad ham bugungi kun va kelajakdagi tinchlikni, iqtisodiy hamkorlikni, o‘zaro aloqalarni rivojlantirish hisoblanadi.

Abror Zohidov, Samarqand.

Mavzuga oid