O‘zbekiston | 17:32 / 27.11.2022
24070
3 daqiqa o‘qiladi

Qoraqalpog‘istondagi tartibsizliklar bo‘yicha 22 kishi ayblanmoqda

Jami 11 ta modda bo‘yicha - bezorilikdan tortib, konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilishgacha bo‘lgan ayblovlar e’lon qilingan.

Foto: Kun.uz

1−2 iyul kunlari Nukus shahrida sodir etilgan ommaviy tartibsizliklarda qatnashganlikda gumonlanayotgan 22 nafar shaxsga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi sudda ko‘rib chiqiladi. Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidovning xabar berishicha, ochiq sud muhokamalari 28 noyabr kuni Buxoro viloyati sudida boshlanadi.

Ushbu jinoyat ishi Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasi Ye. Abibullayev raisligida birinchi instansiya sudida ko‘rib chiqiladi.

Dastlabki tergov organining ayblov xulosasiga ko‘ra sudlanuvchilar D. Tajimuratov, L. Qallixanova, A. Turdanov, A. Smetullayev, D. Djiyemuratov, B. Kadirbergenov, B. Seytniyazov, A. Toqimbetov, Q. Seytimov, A. Nuratdinov, S. Medetov, N. Nayipov, P. Shamshetov, R. Bekmuratov, S. Kaipov, B. Genjyebayev, S. Kalilayev, P. Nurniyazov, S. Kalimov, N. Sultamuratov, A. Temirxanov va A. Adilbekov ayblanmoqda.

Ular Jinoyat kodeksining 28,104, 104 (Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish), 159 (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish), 164 (Bosqinchilik), 167 (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 227 (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish), 243 (Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish), 244 (Ommaviy tartibsizliklar), 244−1 (Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish), 247 (O‘qotar qurolni, o‘q-dorilarni, o‘qotar qurolning asosiy qismlarini, portlovchi moddalarni, portlatish vositalarini yoki portlatish qurilmalarini qonunga xilof ravishda egallash) va 277-moddalarida (Bezorilik) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.

20 nafar sudlanuvchiga nisbatan «qamoqqa olish», 1 nafariga «uy qamog‘i» va 1 nafariga «jamoa kafilligi» tarzidagi ehtiyot choralari qo‘llangan.

Sud jarayoni ochiq tarzda o‘tkazilib, OAV vakillari va blogerlar uchun sud majlislarini videokonferensaloqa vositasida to‘g‘ridan to‘g‘ri kuzatishga mo‘ljallangan hamda barcha texnik sharoitlar yaratilgan matbuot zali tashkil etilgan.

Mavzuga oid